Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vodiylik dehqonlar Qashqadaryoga ishga taklif qilindi

Vodiylik dehqonlar Qashqadaryoga ishga taklif qilindi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hafta o‘rtasida Qashqadaryoga qilgan tashrifidan so‘ng viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sust ekani tanqid qilgan edi. Viloyat hokimi Zoir Mirzayev «Press-klub» ko‘rsatuvi vaqtida qishloq xo‘jaligidagi muammolar haqidagi savolga javob berdi.

— Qashqadaryoda 1 trillion so‘m pul sarflanib, dalalarga suv berilgan. Vaziyat shu darajaga borib yetganki, me’yordan ortiq sug‘orilishi natijada yer degradatsiyaga uchrab, sho‘rlanish darajasi oshib ketgan. Hozir viloyatda 40 foiz yer sho‘rlangan. Tomchilab sug‘orish esa bor yo‘g‘i 2.4 foiz yerda mavjud xolos. Eng yomoni — Qashqadaryoda 1 yilda sug‘orish uchun 5 milliard kub suv sarflanib 95 million AQSh dollarilik eksport amalga oshirilgan. Taqqoslash uchun Farg‘onada 2 milliard kub suvdan olingan hosil 500 million dollarlik eksportga yetarli bo‘ldi. Qashqadaryoda shuningdek paxta hosildorligi ham past. Aytaylik, shuncha og‘ir sharoitdagi Qoraqalpog‘istonda bir gektar yerdan 17 sentner paxta olingan, Qashqadaryoda 19 sentner hosildorlik qayd etildi. Qachongacha faqat paxta ekiladi? Yerning holatidan kelib chiqib, poliz-sabzavot yetishtirishga yo‘naltirilsa bo‘lmaydimi?
— Bu juda og‘riqli masala. Bizda aksariyat yerlar asosan nasos bilan sug‘oriladi. Qashqadaryodagi cho‘l yerlarini o‘zlashtirish o‘tgan asrning 70 yillarda avj olgan va drenaj tizimi ham o‘sha davrdan qolgan. Sho‘r yuvish tizimi ba’zi joylarda jismonan, ba’zi yerlarda esa noto‘g‘ri ekspluatatsiya tufayli ishdan chiqqan. Natijada sho‘rlanish darajasi ko‘tarilib ketdi. Biz tizimni zamonaviylashtirishimiz kerak.

Tomchilab sug‘orishga keladigan bo‘lsak, kelasi mavsum 27 ming gektar yerga yangi texnologiya joriy etiladi. Bu esa viloyatdagi haydab, sug‘oriladigan yerlarning 12 foizini tashkil etadi. Bularning barchasiga qancha subsidiya va kredit olinadi, hisoblab chiqilgan. Biz qishloq xo‘jaligida shunday mahsulot yetishtirishimiz kerakki, dehqonga manfaat bo‘lsin. Paxta samarasiz bo‘lgan yerlarni poliz va bog‘dorchilikka yo‘naltiramiz. Masalan, viloyatga bir yillik iste’mol uchun 176 ming tonna kartoshka kerak. Biz hozir 79-80 ming tonna yetishtirmoqdamiz.

— Viloyatning eksport salohiyati nima uchun past bo‘lib qolgan?
— Eksportning ikki sharti bor. Birinchisi mahsulot sifati, ikkinchisi bozorni topib, uning buyurtmasi asosida ishlash salohiyati. Buning uchun esa logistika kerak. Hozir bizda katta imkoniyatlar bor. Masalan, yillar davomida yopiq bo‘lgan Xitoy bozori hozir mosh uchun ochilgan. Buning qadriga yetishimiz kerak. Biz olib borayotgan ishlar zamirida ilm yo‘q, dehqonchilikda ilm-fandan foydalanishni bilmaymiz. Ilmiy tekshirish institutlari bor, ammo kim ular bilan hamkorlik qilyapti, degan savolning javobi yo‘q. Olimlar biz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormi, buni ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

Biz viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishini kuchaytirishni istaymiz. Bu borada vodiyning tajribasi ancha katta. Biz Farg‘ona va Namangandan dehqonlar, issiqxona yuritadigan tadbirkorlar va tomchilab sug‘orish bo‘yicha mutaxassislarni Qashqadaryoga taklif qilamiz, marhamat, kelib shu yerda ishlab, bizga ham o‘rgatishsin. Buning uchun kerakli sharoit yaratib beramiz, — deydi Zoir Mirzayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring