Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qabul boshlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qabul boshlandi

Foto: Akademiya matbuot xizmati

Mamlakatimizning barcha oliy ta’lim muassasalari qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni boshlandi. Bu haqda akademiya matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirda akademiyada uchta – Islomshunoslik, Mumtoz Sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti mavjud.

Qabul jarayonidagi yangiliklar

Joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar qabuli va test sinovlari butun dunyoda bo‘lgani kabi Covid-19 pandemiyasi sharoitida o‘tkazilayotgani bois o‘ziga xos talab hamda sharoitlarni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi bo‘lishni maqsad qilgan abituriyentlar dastlab ushbu havoladagi hujjatlarni PDF formatda yoki sifatli suratini uylarida turgan holda kompyuter yoki mobil telefon orqali https://qabul.iiau.uz portaliga yuklashi zarur.

Ro‘yxatdan o‘tishda so‘rovnomaning belgilangan joyiga abituriyent doimiy ish faoliyatidagi o‘z mobil telefoni raqamini kiritishi talab etiladi. Chunki ushbu belgilangan mobil raqamga SMS xabar orqali dastlabki imtihon vaqti, internet havolasi (link) hamda imtihonga kirish uchun shaxsiy Login va Parol yuboriladi.

Unutmaslik joizki, abituriyent hujjatlarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida barcha ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik pasportiga ko‘ra rasmiylashtirishi shart. Agarda ism sharifi yoki qaysidir sana yoxud boshqa nomdagi hujjat xato yuklansa, kompyuter tizimi avtomatik ravishda barcha axborotlarni rad etadi. Bu esa abituriyentning hujjatlari Akademiya qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmasligiga sabab bo‘ladi.

Dastlabki imtihon qanday va qachon o‘tadi?

Abituriyentlar 2020-yilning 20-iyunidan 10-iyul soat 17-00ga qadar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining https://qabul.iiau.uz portali orqali belgilangan tartibda hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazgach, 11-13-iyul kunlari dastlabki imtihon — Intellektual salohiyatni baholovchi testdan o‘tish talab etiladi. Bunda har bir abituriyentning (hujjat topshirishda rasmiylashtirilgan) mobil telefon raqamiga SMS xabar orqali Intellektual test olinadigan internet portali havolasi, testdan o‘tish kuni (sanasi), vaqti (soati) hamda shaxsiy Login va Parol yuboriladi.

Mazkur imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlargina 2020-yilning 15-20-iyul kunlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz, uning hududiy bo‘limlari yoki Davlat test markazi sayti orqali O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga qo‘shimcha ravishda test sinovi topshirish fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan yana 4 ta oliy o‘quv yurtini tanlab, belgilangan tartibda hujjat topshirishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring