Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?

Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?

Muvaffaqiyatsizlik maqsad sari borayotgan insonni yo‘ldan chalg‘itib, amalga oshirayotgan ishlaridan butunlay chalkashtirsa yoki uning uchun shunchaki vayron etuvchi bo‘lib ko‘rinsa... bu Xudoning marhamati, deyavering! Aslida u ko‘pincha hayotni anglash sari imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Muvaffaqiyatsizlik insonning kamchiliklarga qarata ko‘zlarini ochadi va o‘z-o‘zidan kekkaygan-gerdaygan odamlarni yaxshilab davolaydi.

Lord Karnuellis Amerikaga yon bosib, koloniyalarga ozodlik berganida, Britaniya bu og‘ir mag‘lubiyatdan aziyat chekkan edi. Ammo Amerika bunday ozodliksiz birinchi va ikkinchi jahon urushi davrida Britaniyaga yordam berish uchun yetarli kuchga ega bo‘la olmasdi.

Shtatlar o‘rtasidagi urush janubiy shtatlarni o‘n yillar davomida qashshoqlikka tushirib qo‘ydi. Ammo muvozanatga oid butun jahon qonuniga ko‘ra, hozir Shimoliy shtatlar sanoati janubiy tomonga shunchalik shitob bilan kirib borganki, u yerda odamlar urush davrida chekkan aziyatlari o‘zlarining mag‘rurligi va boyliklaridan mahrum bo‘lganlari uchun hammadan ko‘proq foiz oladilar.

Ajr farishtasining xotirasi juda kuchli: uning qo‘li rosa uzun va hisob-kitob tizimi joyida. Ertami-kechmi, barcha hisob-kitoblar to‘lanishi kerak, xatolar tuzatiladi va bu qonun butun jamiyatga ham, shu bilan birga har bir odamga ham tarqaladi.

Mening boy-badavlat bobom barcha mulkini yaqin qarindoshlariga qoldirgan. Ammo vasiyatnomada ismim yo‘qligini bilganimda qanchalik aziyat chekkanim esimda. Aslida bu omadsizlik kamina uchun buyuk Xudovandi Karimning marhamati bo‘ldi. Chunki bu hol meni boy bo‘lish uchun shug‘ullanishga majbur etdi. Shu yo‘lda ko‘pgina kishilarning butun dunyo bo‘ylab yo‘lini ochish baxtiga musharraf bo‘ldim.

Xastalik ba’zida insonning diqqatini tanadan miyaga ko‘chirishga majbur etadi va u tananing haqiqiy xo‘jayini aqli ekanini anglaydi. Buning ortidan inson o‘zi uchun keng imkoniyatlar ufqini ochadi. Vaholanki, boshqa vaziyatlarda bu ma’lum bo‘lmay qolar edi.

Muvaffaqiyatsizlik odamlarga ikki xil ta’sir ko‘rsatadi: ular uchun xatti-harakatlarning ko‘payishiga bahona bo‘ladi yoki shu qadar tushkunlikka tushiradiki, ular boshqa ishga urinmay qo‘ya qoladilar.

Ko‘pgina kishilar muvaffaqiyatsizlikning dastlabki alomatlari ro‘y berib, namoyon bo‘lgani zahoti umidsizlikka tushadilar, qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa uradilar. Aksariyat odamlarda bu birinchi bor ro‘y berib, arzimas darajada bo‘lsa ham darhol ortga chekinadilar. Imkoniyati keng peshqadam inson hech qachon muvaffiyatsizlik qarshisida chekinmaydi, aksincha, bu uni keyingi sa’y-harakatlarga undab ruhlantiradi.

Siz o‘zingizni yaxshilab kuzating: muvaffaqiyatsizlikka munosabatingiz qay darajada? Shu asnoda liderlikka qobiliyatingiz bor-yo‘qligini ham bilib olasiz. Siz uchta muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng birorta korxonada urinib ko‘rsangiz, o‘zingizni atrofingizdagi kishilar orasida peshqadamlikka nomzod deb hisoblasangiz bo‘ladi. Agar bir necha dyujina muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng urinishda davom etsangiz, daholik alomatlaringiz bor ekan. Ularni umid va ishonch quyoshi bilan yoriting va yirik shaxsiy boyliklar darajasida o‘sib ketishiga imkon bering.

Shubhasiz, tabiatning o‘zi odamlarning oyog‘idan maxsus chalib yiqitadi. Ularga muvaffaqiyatsizliklar yog‘diradi: bu kishilarning qaysi biri turadi va kurashni davom ettiradi, shuni bilmoqchi bo‘ladi, shekilli.

Eslab qoling, dunyo bizning xatolarimiz va doimiy mag‘lubiyatlarimizni bag‘rikenglik bilan bitta shartga ko‘ra kechiradi, toki biz ularni sa’y-harakatlarimiz uchun chaqiriq sifatida qabul qilaylik, ammo...

Muvaffaqiyatsizlikka uchragach, chekinish aslo kechirib bo‘lmas gunohdir.

(Napoloyen Xill kitobidan)

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring