Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xersondagi mag‘lubiyat Putinga kutilmagan noxushlik olib keldi

Xersondagi mag‘lubiyat Putinga kutilmagan noxushlik olib keldi

Foto: Kreml matbuot xizmati

Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun Ukraina urushida g‘alaba qozonishni talab etayotgan elektoratni xotirjam qilish tobora qiyinlashib bormoqda. Bu haqda AQShdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisobotida so‘z boradi.

Ukrainadagi «millatchi» hukumatni ag‘darish va ulkan hududni egallashdek balandparvoz maqsadlarni e’lon qilgan armiyaning ketma-ket mag‘lubiyat va yo‘qotishlari ortidan saylovchilarning hafsalasi pir bo‘layotgani aytilmoqda. Xususan, rus armiyasining Xersonni tark etishi ongu tafakkuri urush g‘oyasi bilan sug‘orilgan rossiyaliklarning prezident Putinga ishonchini susaytirgan. Millatchilik kayfiyatidagi aholi guruhi Rossiya rahbariyatining so‘nggi qarorlarini zaiflik o‘laroq qabul qilgan.

ISW hisobotiga ko‘ra, Xerson boy berilishi ortidan «Putinning oshpazi» degan laqab bilan tanilgan tadbirkor, «Vagner» xususiy askarlar yollash shirkati asoschisi Yevgeniy Prigojinga aloqador axborot kanallarida Kremlning qarorlariga qarshi ruhdagi materiallar e’lon qilingan. Bu esa oliy boshqaruvda bo‘linish yuzaga kelayotganidan dalolat berishi mumkin.

Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgan ilk kunlarda Xersonni egallagan, bir oy muqaddam esa referendum yo‘li bilan hududni anneksiya qilgan edi.

9 noyabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainadagi qo‘shinlar qo‘shma guruhi qo‘mondoni Sergey Surovikinning hisobotidan so‘ng Xersondan qo‘shinni olib chiqish haqida buyruq berdi.

Buyuk Britaniya razvedkasi ham Xersonning boy berilishi Rossiyaning obro‘-e’tiboriga kuchli zarba berdi deb hisoblaydi. Chunki bu joriy yil fevraldan buyon davom etayotgan urush davomida rus armiyasi egallagan yagona viloyat markazi edi.

«Qo‘shinning chekinishi Rossiya armiyasi Dneprning g‘arbiy sohilida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotganining rasman tan olinishidir», deyiladi Britaniya mudofaa vazirligining kunlik hisobotida.

Ingliz harbiylariga ko‘ra, Rossiya askarlarining Xersondan chiqishi joriy yil 22 oktyabrdan boshlangan bo‘lishi mumkin. Ayni choqda, ko‘p sonli rus askarlari evakuatsiya qilingan tinch aholi bilan birga, fuqaro kiyimida shaharni tark etgani aytilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda ayrim tahlilchilar Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy yurish ortidan Rossiyada hokimiyat almashuvi ro‘y berishi haqida yozmoqda. Ba’zi ekspertlar esa Putin allaqachon mutlaq hokimiyatni boy bera boshlaganini iddao qilmoqda. Kuni kecha Rossiya sobiq bosh vaziri, muxolifatdagi siyosatchi Mixail Kasyanov V.Putinga xavfsizlik garovi evaziga hokimiyatdan ketish taklifi berilishi mumkinligi haqidagi taxminni ilgari surdi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring