Xillsboro fojeasi. Angliyada futbol fanatlari ommaviy vafot etganiga 31 yil bo‘ldi

Xillsboro fojeasi deb tarixga kirgan hodisani eshitganlar bordir?! Bu voqea «Liverpul» muxlislari dilini hamon vayron etib keladi.
1989 yili 15 aprel, Sheffilddagi «Xilssboro» stadionida «Notingem Forest» hamda «Liverpul» ishtirokidagi uchrashuv chog‘i politsiyaning yo‘l qo‘ygan xatosi, liverpullik muxlislarning bir tarafga yomg‘irdek yog‘ilishlari va stadionning abgor holati 96 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Tiqilinchda shu kuni 82 kishi vafot etgan bo‘lsa, 14 kishi va 14 yoshli Li Nikol to‘rt kun o‘tib kasalxonada jon taslim qildi. To‘rt yil davomida sun’iy nafas ulashuvchi apparat yordamida o‘liklar safiga kirmagan 22 yoshli Toni Bland 1993 yili oxirgi – to‘qson oltinchi o‘lgan inson sifatida tarixga kirdi va shu bilan bu fojeaning aniq qurbonlar soni ma’lum bo‘ldi.
Tiqilinchda halok bo‘lganlar ichida o‘yinga bilet olgan, biroq ba’zi sabablar bilan do‘stiga biletni ilingan Stiven Uittl ham bo‘lishi mumkin edi. Liverpulning ashaddiy muxlisi do‘stining o‘limida o‘zini aybdor sanab, 2011 yili o‘zini poyezd tagiga tashlagan.
Tiqilinchda «Liverpul» klubi sardori Stiven Jerrardning ukasi, o‘sha payti 10 yosh bo‘lgan Jon-Pol Jilxuli ham o‘lgan. Fojianing eng yosh qurboni aynan Jondir. Shuningdek, klubning yana bir a’zosi Kevin Baronning akasi 67 yoshli Jerrard Baron ham bu kecha uyiga qaytmagan. «Xillsboro» stadionida ikki opa-singil, uch aka-uka, ota va o‘g‘il vafot etganini eslashning o‘zi hodisaning og‘irligini ko‘rsatadi.
Bu fojea keyin ham o‘z ta’sirini yo‘qotmagan. 10 yil davomida tiqilinchdan omon chiqqan uch kishi o‘zini o‘ldirgan, bittasi 8 yil ruhiy kasalxonada davolangan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha yerda bo‘lgan ko‘pchilik hayotini keyinchalik ichkilikka bog‘lab o‘tkazgan, ko‘pgina nikohlar barbod bo‘lgan.
Agar o‘z vaqtida tiqilinch kuzatilgan paytda tez yordam karetalari stadionga kiritilganida qurbonlar soni bu qadar ko‘payib ketmasdi, deyishadi. Afsuski, politsiya faqatgina o‘z rahbarining ruxsatini kutgan, bu vaqtda esa vaziyat yanada og‘irlashib ketgan.
To‘rt kun o‘tib Britaniyada o‘z vazniga ega bo‘lgan katta nashrlardan biri The Sun old muqovasida sensatsion chiqish qiladi. Asl haqiqat deb nomlangan maqolaning xulosasi shunday edi:
1. Fojiada to‘lgan sektorga yog‘ilib kirgan «Liverpul»ning piyonista fanatlari aybdorlar.
2. «Liverpul» muxlislari politsiyaga xalaqit berishgan, o‘t o‘chiruvchilarga imkon berishmagan va o‘lgan do‘stlarining cho‘ntaklarini kavlashdek maraz ishlarga qo‘l urishgan.
3. Fanatlar sun’iy nafas berayotgan politsiya xodimlarini kaltaklashgan.
Asl hujjatlar va guvohliklar bu iddaolarni inkor qilsa-da, redaksiya uzr so‘ramagan. Gazetalar jangi haligacha davom etadi – Mersisaydda ko‘pchilik The Sunni prinsip nuqtai nazaridan sotib olmaydi.
Xayrulla Hamidov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter