Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy Rossiyaga maxfiy ravishda taqiqlangan tovar sotmoqda – OAV

Xitoy Rossiyaga maxfiy ravishda taqiqlangan tovar sotmoqda – OAV

Foto: iStock

Xitoy sanksiya choralariga qaramay, Rossiyaga yashirin ravishda harbiy dronlar uchun dvigatel yetkazib berishda davom etmoqda.

Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Rossiya Xitoy dvigatellari yordamida “Garpiya-A1” rusumli kamikadze dronlarni ishlab chiqarmoqda.

Sanksiyalardan qochish maqsadida dvigatellar soxta kompaniyalar orqali “canoat muzlatkichlari uchun ehtiyot qism” sifatida sotilmoqda.

Xitoy dvigatellari o‘rnatilgan dronlar Rossiyaning “Almaz-Antey” davlat konserni nazoratidagi “Kupol” elektromexanika zavodida ishlab chiqarilmoqda.

Reuters agentligiga ko‘ra, Ijevsk shahrida faoliyat yuritib kelayotgan ushbu zavod 2024 yil oktyabr oyida AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan sanksiyaga qaramay, Xitoy ko‘magida ishlab chiqarish hajmini oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

“Kupol” zavodi Rossiya mudofaa vazirligi bilan 6000 dona dron yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Aprel oyida 1500 ta dron yetkazib berilgan. Ushbu zavod 2024 yil mobaynida Rossiya armiyasi 2000 dona uchuvchisiz jangovar qurilma tayyorlagan bo‘lib, ular Ukraina urushida qo‘llangan.

O‘tgan yil sentyabr oyida “Kupol” zavodi Xitoyning “Xiamen Limbach Aviation Engine” kompaniyasi dvigatellari yordamida “Garpiya” rusumli dronlar ishlab chiqarayotgani xabar qilingan edi. Bir oy o‘tib, Vashington va Bryussel Rossiyaga dron ishlab chiqarishda ko‘mak berayotgan bir qator shirkatlar, jumladan, “Xiamen Limbach Aviation Engine”ga moliyaviy cheklov joriy etgan edi.

Sanksiyadan keyin Xitoyning boshqa shirkati (“Beijing Xichao International Technology and Trade”) Rossiyaga taqiqlangan tovarni yetkazib kelayotgani aytilmoqda.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi Reuters so‘roviga javoban Rossiya dronlari uchun detallar eksport qilinayotganidan bexabar ekani, Pekin xalqaro majburiyatlariga binoan sanksiyaga tushgan tovarlarni yetkazish jarayonini nazorat qilishini bildirgan.

Xitoyning Rossiyaga harbiy jabhada ehtimoliy ko‘magi masalasi ko‘pdan buyon muhokama qilinmoqda.

Avvalroq Bloomberg agentligi Pekin Moskvaga harbiy nishonlar uchun razvedka ma’lumotlari, harbiy sanoat uchun mikroelektronika, tank ishlab chiqarish uchun kerakli dastgohlar va raketa yonilg‘isi yetkazayotgani haqida tahliliy material chop etgandi.

Xitoy rasmiylari na Rossiya, na Ukrainaga qurol sotmasligi, bu borada mamlakat betaraf maqomda ekanini ta’kidlagan.

Urush tufayli katta siyosiy va iqtisodiy bosimga uchragan Rossiya rahbariyati Xitoy ko‘magi va dastagiga umid qilmoqda. Ammo hozirgi vaziyatda “ayiq” va “panda” o‘rtasida kuchlar nisbati teng emas. Bu esa Pekinga Moskva oldiga yanada ko‘proq shartlar qo‘yish imkonini berayotgani aytilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, urushning ilk oylaridayoq o‘zbekistonlik iqtisodchi, Viskonsin universiteti biznes maktabi doktoranti Behzod Hoshimov sanksiyalar ortidan Rossiyaning Xitoyga qaramligi ortishini bashorat qilgan edi.

Ayrim ekspertlar Rossiya de fakto Xitoyning vassaliga aylanmoqda deb hisoblaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring