XMK hamda O‘zsanoatqurilishbank o‘rtasida Korporatsiya mablag‘larini bank aksiyalariga konvertatsiyalash imkoniyatini beruvchi qarz kelishuvi imzolandi
Joriy yilning 14 sentyabr kuni Toshkentda O‘zsanoatqurilishbankka Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)ning 75 mln. AQSh dollarlik kreditini ajratish to‘g‘risida Kelishuv imzolash marosimi o‘tkazildi.
Xalqaro moliya korporatsiyasining iqlimga oid moliyalashtirish hamda kichik va o‘rta korxonalarni kreditlashni kengaytirishga yo‘naltirilgan krediti bankning xususiylashuv jarayonini qo‘llab-quvvatlaydi. XMKning o‘zbek so‘mida nominallangan moliyalashtiruvi bankka bozorda COVID-19 pandemiyasi sababli cheklanib qolgan milliy valyutadagi uzoq muddatli moliyalashtirishga yo‘l ochadi hamda korporatsiya mablag‘larini bank aksiyalariga konvertatsiyalash imkoniyati bilan moliya muassasasi transformatsiyasiga ko‘mak beradi.
Mablag‘larning bir qismi kichik va o‘rta korxonalarni kreditlashga yo‘naltiriladi, 50 foizi esa, iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq «yashil» loyihalarni moliyalashtirishda foydalaniladi. Bu, o‘z navbatida, bankka «Green Banking» dasturini kengaytirish imkonini beradi.
Ushbu kelishuv tomonlar o‘rtasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi «2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat bankini xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida xususiylashtirish va transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu hujjatlarda O‘zbekiston Respublikasi bank sektorini, davlat ulushiga ega tijorat banklarini kompleks transformatsiyalash, bank ishining zamonaviy standartlari, axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarini joriy etish, banklar aksiyalarining davlat paketini tanlov asosida tegishli tajriba va bilimga ega bo‘lgan investorlarga sotish, shuningdek, davlat ulushiga ega tijorat banklari va korxonalarda parallel ravishda islohot o‘tkazish yo‘li orqali isloh qilish zarurati qo‘rsatilgan.
– XMK O‘zbekistonning moliya sektoriga xususiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi qat’iyatini qo‘llab-quvvatlaydi, – deydi Xalqaro moliya korporatsiyasining ijrochi direktori Maxtar Diop. – Bizning moliyalashtiruvimiz O‘zsanoatqurilishbankka xususiylashtirishga tayyorlanish hamda kichik va o‘rta biznes korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yashil moliyalashtirish sohasidagi standartlarni yaratuvchi bankka aylanishida ko‘maklashishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, mazkur tashabbus XMKning O‘zbekistonga iqlim sohasidagi maqsadlariga erishish hamda yashil va barqaror kelajakni qurishda ko‘maklashish uchun investitsiyalarni rag‘batlantirish, imkoniyatlarni jalb etish yo‘li orqali yashil o‘sishni qo‘llab-quvvatlash strategiyasiga to‘liq mos keladi.
– O‘zbek so‘mida nominallangan XMK mablag‘lari, bankning milliy valyutadagi investitsiya loyihalarini kreditlash imkoniyatlarini kengaytiradi, uning kredit portfelidagi xorijiy valyutadagi kreditlar ulushini kamaytirish bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, bankning xususiylashtirishga tayyorgarlik bo‘yicha jarayonidagi maqsadlariga erishishga yordam beradi, – dedi O‘zsanoatqurilishbank boshqaruvi raisi Saxi Annaklichev. – XMK mablag‘lari kichik va o‘rta biznesni kreditlashga, shuningdek, yashil loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida:
O‘zsanoatqurilishbank 2018 yildan boshlab Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan bank korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, operatsiyalarni tijoriylashtirish, risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish yo‘llari orqali xususiylashtirishga tayyorlanish masalalari bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilib keladi.
Korporatsiya ko‘magida amalga oshirilgan Bank diagnostikasi natijalari asosida Biznesni rivojlantirishning mijozga yo‘naltirilgan modeli ishlab chiqildi. Hozirgi vaqtda Bank tomonidan transformatsiyaning uchinchi bosqichi – yangi biznes-modelni AKT tizimi va tegishli infratuzilmani yangilash vositasida joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon Buxoro mintaqaviy filiali va uning tegishli filiallarida sinov tartibida ishga tushirildi. Uni shu yilning so‘ngiga qadar barcha filiallarga bosqichma-bosqich joriy qilish davom ettiriladi.
Shuningdek, joriy yilning iyun oyida Moliya vazirligi, O‘zsanoatqurilishbank hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida O‘zsanoatqurilishbankdagi transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bank kapitaliga konvertatsiyalash imkoniyati bilan kredit liniyasini taqdim etishni ko‘zda tutuvchi mandat xatini imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan edi.
Bank Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter