Yangi jinoyat: voyaga yetmaganga diniy ta’limotdan saboq berish

Joriy yil 8-avgustdagi O‘RQ-1080-son Qonun bilan amaldagi Jinoyat kodeksiga 229-2-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, «maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib va diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz voyaga yetmagan shaxsga diniy ta’limotdan saboq berish, xuddi shuningdek voyaga yetmagan shaxsga xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi».
Mazkur Qonun 2025 yil 10 noyabrdan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘RQ-1035-son qonun bilan «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritilgan va unga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z bolasini shaxsiy e’tiqodlariga muvofiq diniy va axloqiy jihatdan tarbiyalash huquqiga egaligi, ular tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etishga, ya’ni bolani ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlarga yoxud maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lmagan va diniy tashkilotlarning O‘zbekiston bo‘yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy ta’limni amalga oshirayotgan shaxslarga diniy ta’lim olish uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan edi.
Manba: lex.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter