Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi Namanganda IT-park qurilishiga start berildi

Yangi Namanganda IT-park qurilishiga start berildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasida barpo etiladigan IT-park qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbari raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish Yangi O‘zbekiston islohotlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Namangan viloyatiga yil boshidan buyon 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilingan. Shuningdek, Xitoy, Turkiya, Hindiston va Rossiya hamkorligida tashkil etilgan 1 milliard 800 million dollarlik 20 ta yangi loyiha ishga tushirilmoqda.

Ushbu quvvatlar farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va kimyo sanoati sohalarida 6,5 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Shu bilan birga, iqtisodiyotga 3 trillion 600 milliard so‘mlik aylanma, 200 million dollarlik eksport va budjetga 400 milliard so‘mlik qo‘shimcha tushum keltirishi kutilmoqda.

Prezident Namangan aholisining 1 million 600 mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil etishini alohida ta’kidlab, ularni axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalariga keng jalb qilish muhimligini qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, Xitoylik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan 117 million dollarlik yirik loyiha doirasida Yangi Namangan, Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiy shaharlarida IT-parklar quriladi. Yangi Namangan majmuasi mazkur tashabbusning birinchi loyihasi hisoblanadi.

1,7 gektar maydonda quriladigan 17 qavatli binoda ta’lim va eksport markazlari, kovorking va ofis hududlari, startap akseleratori hamda xorijiy kompaniyalarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi joylashtiriladi. Majmua yagona IT ekotizimi sifatida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.

Maydoni qariyb 18 ming kvadrat metr bo‘lgan IT-parkda Namangan viloyatining 2 mingga yaqin yoshi yuqori daromadli ish bilan ta’minlanadi. Bu esa mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish va eksportbop xizmatlar hajmini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha ishga tushgach, viloyatda axborot texnologiyalari xizmatlari yillik hajmi 500 milliard so‘mga, soha eksporti esa 30 million dollarga yetishi kutilmoqda.

Marosim yakunida Prezident xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirib, Yangi Namangan IT-parki qurilishiga rasman start berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring