Yangi O‘zbekistonda uzluksiz ta’lim: Uchinchi Renessans sari yo‘l
Taraqqiyotning tamal toshi
Harakatlar strategiyasi va uning mantiqiy davomi sanalmish Taraqqiyot strategiyasi doirasida, rivojlangan davlatlar kabi uzluksiz ta’lim tizimini muntazam takomillashtirib borish, malakali kadrlarni tayyorlashdagi sezilarli islohotlar va amaliy chora-tadbirlar sohaning barcha bosqichlarini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.
Islohotlarning, avvalo, maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida boshlanishi ham bejiz emas. Chunki bolalar tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati bugungi globallashuv jarayonida ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Mazkur sohaga bo‘lgan e’tibor mamlakatning ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi. 2019-yil 16 dekabrdagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunda ushbu sohaga doir davlat kafolatlari va boshqa muhim masalalar belgilab qo‘yildi. Yurtimizda ilk bor Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tashkil etilgani ham sohadagi asosiy islohotlardan biri bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun yirik shaharlarimizdan tortib, chekka tumanlar, qishloq va ovullarimizda yangi-yangi zamonaviy bog‘chalar barpo etilayotgani, xususiy va davlat sherikchiligi asosidagi MTMlar soni oshib, besh ming 200 tadan qisqa vaqt ichida 20 mingdan ortgani, bolalarni qamrab olish darajasi 27 foizdan 80 foizga, maktablar soni 9719 tadan salkam 11 mingga yetkazilgani, o‘qituvchilar ish yuklamasi maqbullashtirilib, majburiy mehnatga barham berilgani, shuningdek, iste’dodli bolalarni tanlash, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish, intellektual salohiyatini namoyon etishga ko‘mak bera oladigan tamoman yangicha ta’lim tizimi – Prezident maktablari, Ijod maktablari tashkil etilgani, turli fan va yo‘nalishlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan xususiy ta’lim muassasalari ham amaliy harakatlarning natijasidir.

foto: Ma’rifat.uz
Ta’lim va tarbiya uzluksiz jarayon bo‘lib, rivojlanayotgan dunyoga mos tarzdagi islohotlarni talab qiladi. Shundan kelib chiqqan holda 2025-yil 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim tizimini ham uslub, ham pedagoglarning kasbiy mahorati jihatidan qayta ta’minlash zarurligini ta’kidlagan edi. “Biz qamrovni kengaytirish uchun barcha sharoitlarni yaratyapmiz, lekin bolalar bog‘chalariga yangi ruh, yangi metodikalar kirib kelishi kerak va tarbiyachilar malakasi ushbu talablarga mos bo‘lishi shart”.
Shu munosabat bilan 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim muassasalarida “Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash ilg‘or xalqaro tajribaga muvofiq takomillashtirilgan ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi: bir kun nazariy o‘quv, besh kun amaliyot. Bu tizim o‘rta maxsus ma’lumotga ega tarbiyachilarga mo‘ljallangan. Har yili buning evaziga o‘n mingga yaqin yangi oliy ma’lumotli mutaxassis bolalar bog‘chalariga ishga kelishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tarbiyachilarga uslubiy yordam berish va ularning pedagogik mahoratini oshirish maqsadida 2026–2028 yillarda mamlakatning har bir hududida bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlarini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” brendi ostida tayanch bolalar bog‘chalari tashkil etiladi. Tizimni sifat bo‘yicha yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan ushbu o‘zgarishlar Prezidentning 2026-yil 5 fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 19-sonli farmonida belgilab berilgan.
Prezident ta’biri bilan aytganda, dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq. Shu bois yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur. Ijtimoiy sohalardagi barcha sa’y-harakatlar ana shu maqsadlarga qaratilgan. Xususan, oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilib, 60 trillion so‘mgacha yetkazildi. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rin yaratildi. Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga o‘ndan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti. Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 10 milliongacha ko‘tarildi. Ta’lim dasturlari eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanyapti, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilyapti. Endi muallimlar yangi metodikalarni o‘zlashtirib, bolalarga yaxshi bilim berishi kerak.

foto: Xabar.uz
Oliy ta’limda yangi Uyg‘onish davri
Sir emas, uzoq yillar mobaynida oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi ayrim korrupsion holatlar, turli adolatsizliklar fuqarolarning bu boradagi jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lib keldi. Shuningdek, ushbu yillarda test sinovlarini o‘tkazish tartib-qoidalari, sinovlar natijalarini e’lon qilish va uni takomillashtirish borasidagi olib borilayotgan ishlar davr talablariga to‘liq javob bera olmadi. Bu hol manfaatdor jamoatchilik, ayniqsa, ota-onalar noroziligini keltirib chiqarar, o‘sha davrda har yili ularning ushbu masala yuzasidan qariyb to‘rt mingdan ziyod asosli murojaatlari mas’ul idoralarga kelib tushar edi. Bu esa kirish imtihonlarini tashkil etish jarayonini tubdan o‘zgartirishni taqozo etdi. Shu sababdan ham 2017-yilning 16 noyabrida “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3389-sonli qarori qabul qilinib, unda test sinovlari iyul-avgust oylarida katta sig‘imdagi binolarda adolatli, xolis va shaffof o‘tkazilishi belgilandi va bu 2018-2019-o‘quv yilida ilk marotaba sinovdan o‘tkazildi.
Imtihonlarni oshkora va shaffof tarzda o‘tkazish maqsadida abituriyentlar binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari yordamida tekshirildi, test sinovlari kuzatuv kameralari yordamida nazorat qilindi. Jarayonlar abituriyentlarning ota-onalari uchun bevosita katta monitorlarda, internet tarmog‘i va televideniye orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilindi.
Ilgari oliygohlarga o‘qishga kirish juda qiyin bo‘lgan. Kvotalar kam, qabul imtihonlarida turli muammolar bor edi. Keling, 2006-2016 yillarni qamrab olgan o‘n yillik davrni ko‘rib chiqaylik. Shu davr mobaynida O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotasi deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Masalan, 2005-2006 o‘quv yilida kvota bo‘yicha 57485 nafar talaba o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, 2016-2017-o‘quv yilida bu ko‘rsatgich 57907 nafarni tashkil etdi. Ayrim hollarda ba’zi ta’lim yo‘nalishlarida bir o‘ringa yigirma nafardan ham ko‘p talabgor to‘g‘ri kelar, talabalikka nomzodlarning ko‘pligi tufayli yetarlicha bilimli yoshlar ham oliy ma’lumot olish imkoniyatidan mahrum bo‘lar edi. Bitta universitetga, bir yo‘nalishga qayta-qayta test topshirib, yuqori ball olsada, talaba bo‘lolmagan yoshlarni ko‘p ko‘rganmiz. Umuman olganda, 2017-yilgacha O‘zbekistonda yoshlarni oliy ta’lim bosqichiga qamrab olish ko‘rsatkichi 9-10 foizdan oshmayotgan edi. Ushbu muammolarning yechimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14 maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib berildi. Sohaviy islohotlarning davom sifatida qabul qilingan ushbu qarorga asosan 2019-2020-o‘quv yili qabuli doirasida abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqi berildi; davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga o‘qishga kirish uchun abituriyentlarga Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Natija ko‘p kuttirmadi: 2017–2021-yillarda yoshlarni oliy ta’lim bosqichiga qamrab olish ko‘rsatkichi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetgan bo‘lsa, bugungi kunda 47 foizni tashkil etmoqda. Prezidentning 2019-yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan va sohadagi yangi islohotlar uchun dasturulamal vazifasini bajarayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida esa maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish belgilandi.

foto: Xabar.uz
Sifatli kadrlar tayyorlashda sog‘lom raqobat
Darhaqiqat, mamlakatimizni kelgusi besh yildagi taraqqiyotini belgilab bergan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi yuzta maqsadlarda ham ta’lim va tarbiya yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi.
O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni va sifatida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Agar 2016-yili mamlakatimizda 69 ta oliygoh bo‘lgan bo‘lsa, 2020/2021-o‘quv yiliga kelib bu raqam salkam ikki barobarga oshgan. 2024/2025-o‘quv yili boshiga esa respublikamizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining (filiallarni ham hisobga olganda) umumiy soni 222 tani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2015/2016-o‘quv yili boshiga nisbatan taqqoslaganda 153 taga yoki 3,2 barobarga ortgan. Ularda bir yarim millionga yaqin talabalar tahsil olmoqda.
Oliy ta’lim tizimidagi transformatsiya jarayonlari natijasida Toshkent davlat agrar universitetining Nukus hamda Termiz filiallari, Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali negizida alohida institutlar tashkil etildi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, uning Buxoro va Qarshi filiallariga alohida institut maqomi berildi.
Mamlakatimizda chet tili o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda, Andijon hamda Namangan davlat chet tillar institutlari, Samarqand davlat universiteti huzurida Muhandislik instituti va Urgut filiali tashkil etildi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” universiteti iqtidorli yoshlarimiz uchun yaratilgan alohida imkoniyat bo‘ldi. Shu bilan birga, yurtimizda xorijiy yetakchi universitetlar filiallari tashkil etildi. Bunda Sankt-Peterburg davlat universiteti, Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti, Qozon federal universiteti, Italiyaning Piza universiteti filiallarini alohida qayd etish lozim. Bunday salohiyatli xorijiy universitetlar faoliyati mahalliy oliygohlarning rivojlanishiga ham ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Tizimga nodavlat va xususiy sektorning kirib kelishi ham ijobiy holat bo‘ldi. Bu, bir jihatdan, oliy ta’limning qamrovini kengaytirsa, ikkinchi tomodan, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro ijobiy raqobatni ta’minlab, tizimda bozor qonunlari ishlashini boshlab berdi. Natijada har bir oliy ta’lim muassasasi sifatli kadrlar tayyorlash uchun kurashmoqda.
Islohotlar natijasida oliy ta’lim jarayoni to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tkazildi. Asos sifatida Yevropaning ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) tizimi qabul qilindi. Oliy ta’limdan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (Doctor of Science) tizimi joriy etildi.
O‘zbekiston mintaqaning ta’lim habiga aylanadi
Shavkat Mirziyoyev oliy ta’limdagi islohotlardan asosiy maqsad O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan habiga aylantirish ekanini bot-bot ta’kidlaydi. Bunga asos bor, albatta.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir to‘rtta oliygoh dunyodagi top-mingtalikka kirgan. Yaqin yillarda ularning soni 10 taga yetkaziladi. Shu bilan birga, oliygohlarda dunyodagi Top-500 talikka kiruvchi universitetlar bilan axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda dunyodagi Top-100 talikka kirgan universitetlar filiallari ochiladi. Bu maqsadlarga erishish uchun kelgusi yilda o‘ndan ziyod xalqaro tashkilotlar, 500 ta nufuzli oliygoh rektori, mingdan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirokida Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi o‘tkaziladi. Xorijlik talabalar soni besh barobarga oshirilib, ta’lim eksporti 200 million dollarga yetkaziladi.
Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo‘lsak, ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar ham bugungi kunda o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ta’lim-tarbiya kelajak, hayot-mamot masalasidir. Mamlakatimiz aholisining 65 foizini yoshlar tashkil etar ekan, yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asosini tashkil qiladi. Shuning o‘ziyoq oliy ta’limdagi islohotlar chuqur o‘ylangan holda olib borilayotganini anglatadi.
Usmonjon Yo‘ldoshev,
jurnalist


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter