Yaponiya O‘zbekiston shifoxonalariga 5,7 million dollarlik uskunalar taqdim etadi
14 noyabr kuni Toshkentda Yaponiya hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan 859 million iyena (taxminan 5,6 million AQSh dollari) miqdoridagi “Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturi” beg‘araz yordami doirasida almashinuv notasi imzolandi. Hujjatga Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kenji Hirata va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov imzo chekdi.
Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu dastur doirasida Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi jami 17 ta davlat shifoxonalari Yaponiyada ishlab chiqarilgan mammografiya skrining uskunalari bilan jihozlanadi, butun mamlakat bo‘ylab mammografiya skriningi xizmatlari kengaytiriladi.
Ushbu loyiha ko‘krak bezi saratonini erta tashxislashni osonlashtirishi va zamonaviy yapon texnologiyalarini joriy etish orqali sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashi kutilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ham Yaponiya hukumatining grant dasturi doirasida mammografiya apparatlarining yetkazib berilishi ayollarni ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashga qaratilgan skrining dasturlari bilan to‘liq qamrab olishda muhim o‘rin tutishini qayd etgan.
Avval xabar berganimizdek, 2022 yil dekabr oyida Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqoti doirasidagi tashqi ishlar vazirlarining 9-yig‘ilishida rasmiy Tokio Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotga erishish maqsadida “insonlarga sarmoya kiritish” va “o‘sish sifati”ga alohida urg‘u beradigan yangi model asosida hamkorlikni rivojlantirishga qaror qilgan edi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida joriy yil boshida ham umumiy qiymati 22,953 mlrd iyena bo‘lgan “Sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash loyihasi” bo‘yicha almashinuv notasi imzolangandi.
Kunchiqar o‘lka O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirayotgani ma’lum.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter