Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaxshi ko‘rgan yigiti tomonidan zo‘rlangani aytilayotgan 18 yoshli qiz o‘z joniga qasd qildi

Yaxshi ko‘rgan yigiti tomonidan zo‘rlangani aytilayotgan 18 yoshli qiz o‘z joniga qasd qildi

Foto: «Nasafnews»

Qarshi shahar Qavali mahallasida istiqomat qiluvchi 2003-yilda tug‘ilgan qiz J. Sh. kecha ko‘p miqdorda dori iste’mol qilib, o‘z joniga qasd qilishga urindi. Yarim tunda dori ichgan qizning otasi ertalab uni hushsiz holda topdi va shifoxonaga olib bordi. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan yordam tufayli qizning hayoti saqlab qolindi. Hozirda qiz behush ahvolda. Bu haqda «Nasafnews»ga murojaat bilan chiqqan qizning yaqinlari bunday holat birinchi marta kuzatilmayotgani, avvalroq qiz o‘zini osib, joniga qasd qilishga uringanini aytishdi.

Xo‘sh, endigina 18 yoshga to‘lgan qizning joniga qasd qilishiga nima sabab bo‘ldi? «Nasafnews» shu savolga javob olish uchun avvalroq qizning o‘zi bilan suhbatlashgandi. Bugun esa qizning ota-onasi ham voqea haqida kuyinib gapirdi.

Qiz dastlab biz bilan suhbatda 2020-yil oktyabr oyida 2002-yilda tug‘ilgan yigit Q. Sh.ning qarindoshini uyiga borgani, u yerda yigit uning nomusiga tekkani, uyqu dori berib majburlagani va yalang‘och holatda suratga tushirib olganini aytdi.

«O‘sha kuni bir ahvolda uyga qaytdim. Oradan vaqtlar o‘tgandan keyin, yigit yana menga qo‘ng‘iroq qildi va turli smslarni yozdi. U telefonida mening yalong‘och suratlarim borligini, agar yana jinsiy aloqa qilmasam, bu suratlarni ota-onamga va qarindoshlarimga ko‘rsatishini aytdi. Rasmlarni o‘ziga qurol qilib oldi. Keyinchalik suratlarimni tarqatib yuborishidan qo‘rqib, u bilan 2 yoki 3 marta jinsiy aloqa qilishga majbur bo‘ldim».

Qizning qo‘shimcha qilishicha, yigit u bilan g‘ayritabiiy usullar orqali jinsiy aloqada bo‘lib, turli joylariga jarohat yetkazgan.

Ammo ekspertiza ko‘rinib turgan holatni rad etgan. 2021-yil fevral oyida Qarshi shahar IIO FMB 3-sonli IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish ham rad qilingan. Shundan keyin qizning ota-onasi murojaat qilib, turli tashkilotlar eshigida sarson bo‘lmoqda. Ular adolat istamoqda.

«Nasafnews» tomonidan olingan videoda qiz va uning ota-onasi voqea haqida to‘liq ma’lumot bergan. Keyingi tafsilotlarni yaxshisi ularning o‘zidan eshiting.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring