Yolg‘iz keksa shaxslar «Inson» markazlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi
Vazirlar Mahkamasining 14.10.2023-yildagi «Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 539-son qarori qabul qilindi, deb xabar berdi «Norma».
Hujjat bilan belgilanishicha:
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar «Inson» ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida bir yilda kamida bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi;
- ijtimoiy xodimlarga fuqarolardan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash bo‘yicha arizalarni qabul qilish vakolati beriladi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga, shuningdek, davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatlari ijtimoiy xodimlar tomonidan bir yilda bir marotaba o‘rganiladi. Bunda tahlil qilish ma’lumotlari «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida aks ettirib boriladi.
2024/2025-o‘quv yilidan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan o‘tkaziladigan «Eng faol ijtimoiy xodim» ko‘rik tanlovining hududiy bosqichida g‘olib bo‘lgan ijtimoiy xodimlar davlat oliy ta’lim muassasalariga «Ijtimoiy ish» mutaxassisligi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
2024-yil 1-iyuldan boshlab moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimi ishga tushiriladi. Har bir fuqaro (oila) uchun ijtimoiy to‘lovlar va imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlar «Ijtimoiy himoya» ATda ro‘yxatga olinadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan:
- 2023-yil 1-noyabrdan boshlab tuman (shahar)larda «Inson» ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlarida og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi;
- 2023-yil 15-noyabrga qadar Agentlikning tizimiga kiradigan tashkilotlarga tegishli bino va inshootlarga ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini, zaruratga ko‘ra, tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish choralari ko‘riladi;
- 2023-yil 1-dekabrga qadar tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish natijasiga ko‘ra nogironligi bo‘lgan shaxs uchun sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mumkin bo‘lgan mehnat faoliyati turlari va mehnat sharoitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etiladi;
- 2024-yil 1-yanvarga qadar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqishga mo‘ljallangan «Ishonch telefoni» raqami ishga tushiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.10.2023 yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter