Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘qolsin zararkunandalar! «O‘zagrokimyohimoya» fermer va dehqonlarga murojaat qildi

Yo‘qolsin zararkunandalar! «O‘zagrokimyohimoya» fermer va dehqonlarga murojaat qildi

Foto: «Leicasa.it»

Hurmatli fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari

Qishlok xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi fermer va dehqonlar juda katta sinov davriga kelishdi. Dehqonchilikda o‘zi oson ish yo‘q! Mana shu yil ham ob-havo harorati dehqonlarimiz parvarishlayotgan ekinlar uchun noqulay keldi, ayniqsa, paxta yetishtirish uchun vegetatsiya davrida kerakli harorat ololmay, paxta rivoji bir necha kunga kech qolmoqda. Shu bilan birga ushbu ob-havo tabiatdagi biz yetishtirayotgan paxtaga jiddiy zarar keltiruvchi hasharot va zararkunandalar ko‘payishi uchun juda maqbul keldi.

O‘zbekistonning iqlim sharoiti qishlok xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga juda qulay bo‘lishi bilan bir qatorda, tabiatdagi hasharot va zararkunandalar yashashi uchun ham yaxshi muhit hisoblanadi.

Albatta, bu borada olimlar hamda soha mutaxassislari tomonidan hasharot va zararkunandalarga qarshi kurash choralari jiddiy o‘rganilib, o‘simlikka yetkazadigan ziyonining oldini olish yuzasidan biologik va kimyoviy himoya choralari bo‘yicha tavsiyalar belgilab berilgan.

Vaholanki, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi dehqon va fermerlarimiz ushbu tavsiyalarga ahamiyat bermay, o‘z ustilarida ishlamay qo‘yishdi. Oqibatda zararkunandalar o‘simliklarga zarar keltirishining oldini olish (profilaktika) bilan emas, balki hasharot zarar keltirgandan so‘ng unga qarshi kurashmoqdalar. Bu esa o‘z navbatida salbiy natijalarga, ya’ni katta mehnat va mablag‘ sarf qilib yetishtirilayotgan hosilimizning 30-40 foizini yo‘qotishga olib kelmoqda.

O‘zbekiston sharoitida paxta yetishtirishda asosiy zararkunandalar aniq bo‘lib, bular kuzgi tunlam (ildiz qurti), shira, trips, o‘rgimchakkana, beda va g‘o‘za qandalasi hamda ko‘sak qurti hisoblanadi. Respublikamiz olimlari tomonidan ushbu hasharotlarga qarshi biologik va kimyoviy kurash usullari hamda tavsiyalari berilgan, lekin, yana takror bo‘lsa ham ta’kidlaymiz, kachonki hasharot va zararkunandalar ziyon keltirayotganini ko‘rmasak, unga qarshi kurash olib borilmayotgani va natijada hosilga sezilarli zarar keltirib ulgurgan hasharotni bartaraf etish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Albatta, bunday vaziyat paydo bo‘lishiga o‘ziga xos ob’yektiv va sub’yektiv sabablar bo‘lgan. Lekin, bugungi kunda respublikamiz fermerlari va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlariga bahona va sababga o‘rin yo‘q. Chunki muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasida barcha soha kabi qishloq xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish va texnik jihozlanish darajasi juda yuqori, barcha imkoniyatlar yaratilgan! Bu sharoitda mahsulot yetishtira olmasak, demak, ishlamagan va davlatga, jumladan, xalqimizga xiyonat qilgan bo‘lamiz.

Hozirgi kunda paxtadagi hasharot va zararkunandalarga qarshi kurashish uchun «O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyati omborlarida barcha turdagi kimyoviy preparatlar zaxirasi mavjud va joylarda otryad usulida qarshi kurash ishlari olib borilmoqda.

Yuqoridagilardan xulosa qilgan holda soha mutaxassislari, tegishli tashkilotlar va hurmatli fermerlar!

Paxta yetishtirishda joylardagi hasharot va zararkunandalar tarqalgan o‘choq hududlar va konturlar sizlarga ma’lum. Tavsiya qilardikki, ushbu mavsum yilida va bundan buyon hasharotlar ziyon keltirishi bilan emas, ziyon keltirguniga qadar (profilaktik) kimyoviy ishlovlar o‘z vaqtida o‘tkazilishini tashkil qilaylik va mehnatimiz natijasini xirmonga to‘lib-toshib ketadigan hosil bilan hamda xonadonlarimizdagi fayzu-barakasida ko‘raylik.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring