Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbegim» yoxud bir kechada yaralgan qo‘shiq

«O‘zbegim» yoxud bir kechada yaralgan qo‘shiq

Mashhurlar bilan bog‘liq voqealarning talqini turlicha bo‘ladi. Og‘izdan-og‘izga ko‘chish asnosida, hikoyachining mahorati, fantaziyasiga qarab, tafsilotlar ham o‘zgarib boradi. Mana shu voqeaning ham internetda boshqacha talqinlarini o‘qidim, aytish kerak, ular ham juda chiroyli. Ayniqsa, Sherali aka she’rni oq ko‘ylagiga yozib olgan joyi juda ta’sirli chiqqan. Lekin men bu hikoyani hofizning o‘zidan qanday eshitgan bo‘lsam shundayligicha yozdim. Ozgina jilo berib, nuqta-vergulini to‘g‘riladim, xolos. O‘qiganlarga ma’qul kelsa, xursand bo‘laman.

«...Toshkentda talabaman. Studentning hayotini bilasiz, bir kun och, bir kun to‘q. Cho‘ntakka bir oz baraka kirsin, deb to‘ylargayam chiqib turamiz. Shunday to‘ylarning birida shu mahallalik bir vrach kishi, yosh shoir Erkin Vohidovning yangi she’ri deb, «O‘zbegim»ni o‘qidi (Ajabo! U paytlardagi to‘ylarda she’rxonliklar ham bo‘larkan-da!)

She’rni eshitdimu halovatim yo‘qoldi. Shu she’rni menga yozib bering, ashula qilaman, deb boyagi odamga chippa yopishvoldim. Lekin u, she’r hali matbuotda chiqmagan, u-bu deb, hech bergisi kelmaydi-da. Menam qo‘ymadim. Oxiri, yozib berishga qog‘oz yo‘q, deb bahona qildi. O‘sha paytlarda to‘ylarda stolning ustiga dasturxon o‘rniga qalin, sarg‘ish qog‘oz yozishardi. O‘sha qog‘ozdan kattagina parchasini shart yirtdim-da, mana qog‘oz, dedim. Ilojsiz yozib berdi. O‘sha zahoti to‘g‘ri neft texnikumining yotoqxonasiga piyoda jo‘nadim. U yerda qo‘qonlik og‘aynilarim turishardi. Yarim kecha... Yo‘lda  ketyapmanu xayolimga o‘z-o‘zidan  ashulaning kuyi kelyapti. Yotoqxonaga kirib, o‘rtoqlarim bilan ko‘rishar-ko‘rishmas, menga bitta rubob topib beringlar, dedim. Rubob obkelishdi. Shunday krovatga o‘tirdim-u, yo‘l bo‘yi ko‘nglimda pishirib kelgan ashulani aytdim. (Shu joyida Sherali aka, «bu ashulaning birinchi eshituvchilari o‘sha qo‘qonlik ballar («ballar» so‘zini sof qo‘qonchasiga aytadilar), sizning «zemlyak»laringiz bo‘lgan», deb kuladilar).

«O‘zbegim»ni birinchi marta katta davrada aytishim ham qiziq bo‘lgan. Oradan uch-to‘rt kun o‘tib, Eski shaharga to‘yga borib qoldik. Kunduz kuni edi. Boshida menga navbat bermay turishdi. U vaqtlar to‘ylarda ashula aytilayotganda dasturxonga ovqat tortilmas edi. Lekin to‘yning boshqaruvchisi menga ayni osh tarqatilayotganda navbat berdi. O‘sha yerdagi ashulachilarning torini so‘rab olib o‘rtaga chiqdim. Chiqdim-u, «Tarixingdur ming asrl-a-a-a-r», deb nihoyatda baland pardada boshladim. Osh tarqatayotgan o‘spirinlar, yigitlar qo‘lida lagani bilan turgan joyida qotib qolishdi. Osh yeyayotganlar ham to‘xtadi. O‘zim-chi, o‘zim?! Ashulani aytyapman-u, xoh ishoning-xoh ishonmang, yerdan bir yarim-ikki metr ko‘tarilib, xuddi havoda muallaq turgandayman.

 Ashulani tugatganimdan keyin hamma uch-to‘rt sekundcha ji-im  turdi-da, keyin birdaniga qiyqiriq bo‘p ketdi. Ochig‘i, nima qilib qo‘ydim ekan, deb o‘zim ham cho‘chib ketdim. Ashulachilarga torini tutqazdim-u ko‘chaga qarab yugurdim. Ana shunaqa bo‘lgan bu ashulaning tarixi», deb hikoyasini yakunlaydi hofiz.

Men esa Sher aka o‘shanda bu qadar qiyqiriq, xitoblarga sabab bo‘ladigan nima qilib qo‘ygan ekanlar, deb o‘yga cho‘maman. Va javobiniyam topgandek bo‘laman: Sherali aka Xudo bergan iste’dodi, savqi tabiiysi bilan bitta eshitgandayoq zo‘r she’rning qudratini his qilib, uni odamlarning jon tomirlarini jimirlatib yuboradigan darajadagi o‘lmas qo‘shiqqa aylantirib qo‘ygan edi o‘shanda. Shu bois, mana, ellik yil bo‘lyaptiki, har gal «O‘zbegim» yangraganida o‘sha xitoblar, o‘sha olqishlar qayta-qayta avjga chiqaveradi.

(«Bir qo‘shiq kuylayki...» kitobidan)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring