"Zakovat-25" atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm mavzusiga bag‘ishlandi
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Green Hills Resort majmuasida ekologiya va turizm mavzusiga bag‘ishlangan “Zakovat-25” respublika kubogi intellektual o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Zakovat” intellektual o‘yinining 25 yilligi munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi, Bo‘stonliq tumani hokimligi, “Zakovat intelektual klubi” NNT va Green Hills Resort hamkorligida tashkil qilindi. Unda respublikamizning 14 hududidan kelgan jamoalar “Zakovat”, “Breyn-ring”, “Intellektual auksion”, “Shaxsiy o‘yin” kabi bilim musobaqalarida bellashdilar. Shuningdek, tadbir mehmonlari professional zakovatchilar bilan shaxmat o‘yinida o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Musobaqada asosiy e’tibor atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm mavzusiga qaratildi. Ishtirokchilar atmosfera havosini ifloslantirmaslik, ozon qatlamini muhofaza qilish, bioxilma-xillikni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, shuningdek, adabiyot, tarix, san’at va boshqa mavzulardagi savollarga javob berishdi.
Yakunda barcha musobaqalar bo‘yicha umumiy natijalar aniqlandi. Unga ko‘ra, Toshkent shahri 1-o‘rinni egallab, 300 million so‘m, Farg‘ona viloyati 2-o‘rinni egallab, 200 million so‘m, Jizzax viloyati esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, 100 mln so‘m pul mukofoti hamda diplomlar topshirildi.
Shu bilan birga, tadbir mehmonlari, jurnalistlar o‘rtasida ham intellektual auksion o‘tkazildi. Unda sohaga oid savollarga to‘g‘ri javob berganlar kitoblar hamda boshqa sovg‘alar bilan taqdirlandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter