Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiy Tramp–Putin uchrashuvi oldidan muhim bayonot berdi

Zelenskiy Tramp–Putin uchrashuvi oldidan muhim bayonot berdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev Moskvaga hududlar borasida yon bermasligini ta’kidladi. Zelenskiyning qat’iy ruhdagi ushbu bayonoti AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin uchrashuvi arafasida yangragani e’tiborga molikdir.

“Biz Rossiyaga qilmishlari uchun mukofot bermaymiz, albatta... Ushbu urushga xotima yasash kerak va buni Rossiya qilishi kerak. Urushni Rossiya boshladi va cho‘zmoqda. Unga berilgan biror bir muhlatga jiddiy qaramadi. Ukraina hududiga doir savolga javobni Ukraina Konstitutsiyasidan topish mumkin. Konstitutsiyaviy talabdan hech kim chekinmaydi, chekina olmaydi ham. Ukrainaliklar o‘z yerlarini bosqinchilarga sovg‘a qilmaydi. Ukraina tinchlikka olib boruvchi real qarorlarni qabul qilishga tayyor. Ammo bizga qarshi bo‘lgan, Ukrainasiz qabul qilingan har qanday qarorni tinchlikka qarshi bo‘lgan qaror deb hisoblaymiz”, – degan Zelenskiy.

Ukraina rahbari, ayni choqda, prezident Tramp va hamkorlar bilan birgalikda mustahkam tinchlik yo‘lida hamkorlikka tayyor ekanini urg‘ulagan.

Avval xabar berganimizdek, kuni kecha Tramp hamkasbi Putin bilan 15 avgust kuni Alyaskada uchrashishini ma’lum qildi.

Ushbu uchrashuvda asosan Ukrainada urushni to‘xtatish masalasi muhokama etiladi.

Oq uyda jurnalistlar bilan muloqotda Tramp Rossiya bilan har qanday kelishuv hududlar almashuvini o‘z ichiga olishi mumkinligiga shama qilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Yevropa davlatlari yetakchilari Tramp va Putin Ukraina borasida Yevropa Ittifoqisiz o‘zicha qaror qabul qilishidan xavotirda.

Ukraina tomoni ham mamlakat taqdiri Ukraina rahbariyati ishtirokisiz AQSh va Rossiya tomonidan hal etilishini istamayotir. YeI Trampni muzokaralarda Ukraina ham hozir bo‘lishiga ishontirishga urinmoqda.

Bi-bi-sining mudofaa masalalari bo‘yicha muxbiri Jonatan Bilning fikricha, Kiyev Tramp urushni to‘xtatish vajidan Ukrainadan Rossiyaga nisbatan hududiy yon berishni talab qilishidan tashvishda. Chunki Tramp Ukraina masalasida tinchlik uchun hududni qurbon qilishni afzal biladi.

Zelenskiyning so‘nggi bayonoti ham aslida Trampni Putin bilan uchrashuv oldidan ogohlantirishga qaratilgan bo‘lsa ajab emas.

“The Wall Street Journal” gazetasiga ko‘ra esa, Yevropa davlatlari Ukraina bilan birgalikda Putinning hududlar almashuvi evaziga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha tashabbusiga javob takliflarini ilgari surgan.

Yevropa va Ukraina agar hududlar bo‘yicha yon berish lozim bo‘lsa, har ikki tomonga teng shartlar qo‘yilishini talab etmoqda. Masalan, Ukraina Donetsk viloyatini tark etishi lozim bo‘lsa, buning evaziga Rossiya armiyasi Ukrainaning bosib olingan hududlari – Zaporoje va Xerson viloyatlaridan ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi kerak.

Shuningdek, Kiyev har qanday hududiy yon berish qat’iy xavfsizlik kafolati, jumladan, Ukrainaning NATOga a’zoligi bilan mustahkamlanishini so‘ramoqda.

Qisqasi, Yevropa Ittifoqi rahbariyati Trampni Putin bilan muzokaralarda “Ukraina va Yevropaning hayot-mamot ahamiyatiga molik manfaatlari”ni himoya qilishga chaqirmoqda.

Hozirga qadar AQSh prezidenti Trampning Rossiya rahbari Putinga o‘tkazgan bosimlari natija bermadi. Oq uy rahbari tomonidan bir necha marta belgilangan “so‘nggi muhlat”lar ham Kreml xo‘jayini tomonidan jiddiy qabul qilinmadi.

Tramp ma’muriyati hokimiyatga kelgach, Vashingtonning Yevropa davlatlari bilan Ukraina borasida yakdilligi yo‘qolgan. So‘nggi hodisalar Rossiya bilan muzokaralarga zo‘r berayotgan Oq uy bu jarayonga Yevropa Ittifoqini qo‘shishni istamayotganini ko‘rsatgan. “Ko‘hna qit’a”dagi ayrim siyosatchilar Vashington Ukraina masalasida Moskvaga yon berishga urinayotganini xiyonat deb baholagan

Zelenskiy esa Rossiya rahbari Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish lozim deb hisoblaydi.

Ukraina hukumati mamlakat taqdiri uning ishtirokisiz hal etilishi mumkin emasligini ta’kidlab kelmoqda.

NBC News telekanali tarqatgan so‘nggi xabarlarga qaraganda, Oq uy Ukraina rahbari Zelenskiyni Alyaskaga taklif etish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu borada hali yakuniy qaror qabul qilinganicha yo‘q, ammo amerikalik mulozimlar Alyaskaga Putin bilan bir paytda Zelenskiyning ham tashrif buyurishini istisno etmayotir.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring