Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zoir Mirzayev Qashqadaryodan Toshkentga go‘sht yetkazib berishning qonuniy yo‘lini joriy etish kerakligini aytdi

Zoir Mirzayev Qashqadaryodan Toshkentga go‘sht yetkazib berishning qonuniy yo‘lini joriy etish kerakligini aytdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hafta o‘rtasida Qashqadaryo viloyatiga safar qilgan edi. Kuni kecha tashrif yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyatni kompleks rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilish davomida Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sust ekani tanqid qilindi. «Qashqadaryoda barcha sohalarda vaziyat tubdan o‘zgarishi shart. Buning uchun viloyatda hamma imkoniyat bor. Hamma uyg‘onishi kerak», – degan edi Prezident.

Viloyat hokimi Zoir Mirzayev bugun tashkil etilgan «Press-klub» ko‘rsatuvida vaziyatni o‘nglash uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida gapirib o‘tdi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri ma’lum qilib o‘tdi.

— Iqtisod faqat bir tomonlama bo‘lib qolishi og‘ir oqibatlarga olib kelishini jahon tajribasi ko‘rsatib qo‘ygan. Tabiiy boyliklarni keng o‘zlashtirish yirik va tabiiy monopoliyaga olib keladi. Gazga va neftga bog‘lanib qolish noto‘g‘ri.

Shundan kelib chiqib, yalpi ishlab chiqarishda kichik biznes va o‘rta tadbirkorlik ulushini oshirib borishni maqsad qilganmiz. Birinchi masala — tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash. Ikkinchi masala — qaysi tumanda qanday drayver bor, shuni aniqlab olish kerak. Masalan, Mirishkordagi sharoit Shahrisabzdagiga to‘g‘ri kelmaydi. Biz har bir hududning o‘ziga hos jihatlariga tayanishimiz lozim.

Intensiv bog‘larga ko‘proq e’tibor berish shart. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, oddiy usuldagi bog‘da gektaridan 9.5 tonna hosil olinsa, intensiv bog‘dan 55 tonna meva olish mumkin. O‘rtadagi farq qanday ekanini ko‘rib turibsiz.

Chorva va go‘sht yetishtirishni ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Toshkent shahrini ta’minlashda Qashqadaryoda yetishtirilayotgan go‘shtning salmog‘i juda katta. Ammo shu mahsulotni qonuniy yo‘l bilan, zamon talabiga ko‘ra yetkazib berishda kamchilik bor. Mana shu kamchilikni bartaraf etish kerak.

Mahsulot tannarxni tushirib yoki ko‘tarib yuboradigan narsa bu — mavsumiylik. Har qanday ekin-tikinning o‘z mavsumi bo‘ladi. Vaziyatni o‘nglash uchun omborlar, sovutkich va saqlash joylari kerak bo‘ladi. Shu masalada ishlashimiz kerak.

Prezidentimizning viloyatga tashrifi juda samarali o‘tdi. Biz oldimizga yangi marralar belgilab oldik, — deydi Zoir Toirov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring