«Zulayhoning orzulari...» – samarqandlik tadbirkorning biznes yo‘li
Matolardan san’at asarini yaratish – tikuvchilik qadimdan qadrlangan, eng ko‘p ehtiyoj sezilgan hunarlardan biri. Biror-bir qizaloq yo‘qki, onasi yoki buvisining qo‘liga igna tutgancha nimanidir tikayotganiga taqlid qilib ko‘rmagan bo‘lsa. Samarqandlik Zulayho Xolmurodova ham ana shunday orzuli qizaloqlardan biri edi. Bugun u o‘sha orzulariga erishgan ayol: pardalar biznesida «Arzu by Zulayho» brendining egasi, tadbirkor.
«Ilk marta 4-sinfligimda qo‘limga igna tutganman. U paytlar oilamizning iqtisodi ham haminqadar edi. 7-sinf bo‘lganimda esa qo‘shnimizga tikuvchilikni o‘rganish uchun shogird tushganman. Maktabda o‘qishlarim yaxshi, ayniqsa, rasm va chizmachilik fanlarini yaxshi ko‘rar edim.
Bir muddat o‘tib, shu hunarning sir-asrorlarini o‘rgana boshladim va hatto, kichik-kichik buyurtmalarni ham bajarib berganman», – deydi Zulayho Xolmurodova.
U keyinchalik tikuvchiliknnig turli yo‘nalishlarida o‘z o‘rnini topishga harakat qildi: kostyum-shim ham, ayollar kiyimi ham, qo‘yingki, mijozning byurtmasiga qarab turli narsalarni tikdi.
Parda tikish sohasiga, avvaliga qiziqish, keyinchalik esa professional ustozdan o‘rganish bosqichlaridan o‘tib kirib keladi. «Zulayho dizayn» pardalar salonini ochganidan so‘ng esa, tadbirkorlikni qonuniy yo‘lga qo‘ygani sababli davlat tashkilotlarining buyurtmalarini bajarishga to‘g‘ri kelgan va bu unga ilk yuqori daromadlarni keltirishni boshlagan.
Zulayho Xolmurodova bugun o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, istiqbolda qator loyihalarni rejalashtirayotgan tadbirkor. «Arzu by Zulayho» brendi ostida faoliyat ko‘rsatadigan pardalar saloni va do‘konlar egasi.
U har bir pardaga san’at asari sifatida qaraydi. Premium sifat, maxsus dizayn va mukammal tikuv esa uning hayotiy shiori.
«Xonadoningizni nafislik bilan bezang», – deydi brend asoschisi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter