Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘onistonda bir haftada 195 nafar terrorchi qo‘lga olingan

Afg‘onistonda bir haftada 195 nafar terrorchi qo‘lga olingan

Foto: «Postimees.ee»

Afg‘oniston Milliy xavfsizlik direksiyasi boshlig‘i Muhammad Ma’sum mamlakat huquq-tartibot idoralarining rahbarlari bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida o‘tgan haftada 195 nafar terrorchi qo‘lga olingani haqida xabar berdi, deya yozmoqda TASS «TOLO News» telekanalining yakshanba kungi xabariga tayanib.

Ular orasida 20-yanvar kuni Kobuldagi «Interkontinental» mehmonxonasida uyushtirilgan teraktga aloqadorlikda gumon qilinayotgan besh kishi ham bor. Bir nafar gumondor xorijga chiqib ketishga ulgurgan. Direksiya boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat tashqarisida jangarilar uchun boshpana vazifasini o‘tovchi madrasalar tarmog‘i hamda o‘quv lagerlari mavjud.

U pokistonlik radikal da’vatchilarni Afg‘onistonda zo‘ravonliklarni targ‘ib qilganlikda ayblab, Pokistonning Ko‘hlak shahrida, ikki davlat chegarasi yaqinida xudkushlar tayyorlaydigan o‘quv lagerlari mavjudligini ma’lum qildi.

Matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri Voiz Ahmad Barmakning aytishicha, 27-yanvardagi teraktda terrorchilar oldin xabar qilinganidek bitta emas, balki ikkita «tez yordam» mashinasidan foydalangan. Birinchi mashinaga bomba yuklangan, ikkinchi mashina uni kuzatib borgan. Shuningdek, vazir portlash natijasida 30 nafar politsiyachi jarohatlanganini va qurbonlar orasida huquq-tartibot xodimlari ko‘pligini ma’lum qilgan.

Bir hafta ichida Afg‘onistonda ikkita yirik terakt yuz berdi. 27-yanvar kuni Kobuldagi hukumat dahasi yaqinida sodir etilgan teraktda kamida 103 kishi halok bo‘ldi, 235 kishi jarohatlandi. 20-yanvar kuni bir guruh qurolli kishilar «Interkontinental» mehmonxonasiga hujum uyushtirishi oqibatida 43 kishi halok bo‘lgan edi. Har ikkala hujum uchun javobgarlikni «Tolibon» guruhi o‘z bo‘yniga olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring