O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» partiyalari «Taraqqiyot bloki»ni tashkil qilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) fraksiyasi hamda «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi o‘rtasida «Taraqqiyot bloki»ni tashkil etish yuzasidan bitim imzolandi.
«Taraqqiyot bloki» 93 nafar deputatni birlashtirib, parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etadi va yetakchi siyosiy kuchga aylanadi.
Qayd etilishicha, mazkur blok har ikkala partiya fraksiyalari sa’yi-harakatlarini birlashtirish orqali partiyalarning dasturiy maqsad hamda vazifalarini samarali amalga oshirishga erishish maqsadida tuzilmoqda.
«Taraqqiyot bloki» barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, milliy manfaatlarni qat’iy himoya qilish, ko‘p asrlik milliy-tarixiy tajribaga tayanib faoliyat yuritishni muhim deb hisoblaydi. O‘zbekiston ravnaqini fraksiyalarni birlashtiruvchi asosiy omil deb biladi.
«Taraqqiyot bloki»ning ustuvor faoliyat yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
- milliy iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va eksport salohiyatini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish;
- har bir fuqaroning xususiy mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash, fuqarolarning iqtisodiy faoliyat erkinligini rag‘batlantirish orqali aholi turmush darajasini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
- so‘z erkinligiga qarshi har qanday urinishlarga qarshi turish va mustaqil nodavlat matbuot tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda erkinlik va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish;
- ta’lim sifatini oshirish va inson salohiyatini rivojlantirish, nodavlat ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;
- sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish;
- soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining o‘zgarmasligini ta’minlovchi siyosat yuritish;
- davlat budjeti xarajatlarini qisqartirish, raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish;
- fuqarolarga shaxsiy tanlov imkonini beruvchi xususiy jamg‘arma pensiya tizimini yaratish, raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan zamonaviy, shaffof pensiya tizimiga o‘tish;
- mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatlash.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter