Prezident Bokuda Kambodja va Vetnam delegatsiyalari bilan uchrashdi
Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Manet bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tizimli siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo, madaniy-gumanitar va sayyohlik yo‘nalishlaridagi almashinuvlarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, jumladan, mamlakatlarning sanoat salohiyatini namoyish etish uchun ko‘rgazmalar o‘tkazish va ishbilarmonlik delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar bu borada savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi asosiy kelishuvlarni ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, xususan, BMT, ShHT, ASEAN, Qo‘shilmaslik harakati va boshqa tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vetnam Sotsialistik Respublikasi vitse-prezidenti Vo Txi An Suan bilan uchrashdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va yanada kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Vetnam delegatsiyasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi, mamlakat Prezidenti To Lamning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tomonlar O‘zbekiston – Vetnam munosabatlari jadal rivojlanib borayotganidan mamnunligini ta’kidladilar. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, turli darajalarda muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Neft-kimyo, elektrotexnika va to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter