Putin, To‘qayev va boshqalar. Mirziyoyevga tabriklar kelishi davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan 24 iyul kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Suhbat avvalida Rossiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, tovar ayirboshlash sur’atini ta’minlash va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha muhim loyihalarni ilgari surish masalalarini muhokama qildilar.
Hududlararo darajadagi muloqot va almashinuvlarni samarali davom ettirish muhimligi ham qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 24 iyul kuni telefon orqali muloqot qildilar.
Qozog‘iston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Yetakchilar yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.
Hukumatlararo komissiyaning Toshkent shahrida va qo‘shma Ishchi guruhning Ostona shahrida o‘tgan navbatdagi yig‘ilishlarining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish, sanoat tarmoqlari va infratuzilma sohasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, shuningdek, qo‘shma madaniy tadbirlarni muntazam o‘tkazish orqali faol gumanitar almashinuvni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
***
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi, bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlar rejasi ko‘rib chiqildi.
24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va barqaror taraqqiyot tiladi.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Sanoat, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va elektrotexnika tarmoqlarida, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamda hamkorlikning boshqa sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishda erishilayotgan natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida yangi savdo va investitsiya loyihalari to‘plamini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning 24 iyul kuni o‘tgan telefon orqali muloqotida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va o‘zaro savdoni ko‘paytirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasi o‘tgan hafta Ozarbayjonga amalga oshirgan tashrifning samarali yakunlari hamda qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning Shusha shahrida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishi natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi sammitga qadar qat’iy kelishuv va bitimlar to‘plamini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan 24 iyul kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Suhbat avvalida Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibini aniq amaliy mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Yetakchilar ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni yanada faollashtirish, jumladan, qo‘shma ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish, yoshlarni keng jalb qilgan holda madaniy va sport tadbirlarini uyushtirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.
Mintaqaviy sheriklik, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari va Orolni qutqarish xalqaro fondi doirasidagi hamkorlikka oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Nursulton Nazarboyev davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida bugun yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter