Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Hindistonga jo‘nab ketdi

Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Hindistonga jo‘nab ketdi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan 30-sentyabr kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.

Tashrif davomida pezident Ram Nath Kovind, Bosh vazir Narendra Modi va Hindistonning boshqa rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralarda davlatlararo hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq yo‘llarini ko‘rib chiqish, mintaqaviy va xalqaro siyosatning muhim masalalari yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Nyu-Deli shahrida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning amaliy jihatlarini, jumladan, O‘zbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish taklifini muhokama qilish uchun Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Hindistonning qadimgi poytaxti, jahonga mashhur me’moriy obida – muhtasham Toj Mahal joylashgan Agra shahriga tashrif buyuradi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vazirining qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, O‘zbekiston – Hindiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun huquqiy asoslarni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan salmoqli hukumatlararo va idoralararo kelishuvlar, mamlakatlarimiz hududlari va muassasalari o‘rtasida hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring