Hindistonda 229 kishi qurbon bo‘lgan aviahalokatga doir dastlabki xulosalar olindi

Joriy yil 12-iyun kuni Londonga uchayotgan Boeing 787 samolyoti Ahmadobodda halokatga uchragan va bortida bo‘lgan 229 nafar yo‘lovchi halok bo‘lib, bir kishi tirik qolgan edi.
Hindiston havo hodisalarini tekshirish byurosi shanba kuni e’lon qilgan dastlabki hisobotga ko‘ra, Air India samolyotining yonilg‘i uzatuvchi kalitlari halokatdan oldin o‘chirilgan.
Boeing 787 Dreamliner havoga ko‘tarilib, uning tezligi 333,4 km/soatga yetganida to‘satdan 1-dvigatel va 2-dvigatellarning yonilg‘i uzatish kalitlari birin-ketin «RUN» (qo‘shish) holatidan «CUTOFF» (o‘chirish) holatiga o‘tib qolgan. Bu uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqqanidan so‘ng bir necha daqiqada dvigatelning havoga ko‘tarilish kuchini kesib qo‘ygan.
Darhol ikkala kalit ham «RUN» holatiga qaytarilgan. Uchuvchilardan biri «MAYDAY MAYDAY MAYDAY» (xalqaro xavotir signali) signalini uuzatgan. Biroq, allaqachon yetarli balandlikni yo‘qotgan samolyot quvvatni qayta tiklay olmagan.
Samolyot halokatga uchragunga qadar parvoz taxminan 30 soniya davom etgan.
Hisobotda aytilishicha, kabinadagi ovoz yozish moslamasida halokatdan oldin uchuvchilardan biri ikkinchisidan nega yoqilg‘ini o‘chirib qo‘yganini so‘ragani, ikkinchi uchuvchining esa bunday qilmaganini aytgani saqlangan.
Hisobotda, hozircha, yonilg‘i uzatish kaliti qanday qilib o‘chib qolgani holatiga izoh berilmagan.
Qayd etilishicha, «CUTOFF» holati odatda uchuvchilar tomonidan qo‘nganda dvigatelni o‘chirish yoki parvoz paytida dvigateldagi nosozlik tufayli ishlatilishi mumkin.
Aviatsiya mutaxassislarining ta’kidlashicha, rejimni tasodifan o‘zgartirishning iloji yo‘q, chunki bu kalit surish tutqichlari orqasida joylashgan. Bundan tashqari, tasodifiy o‘chirishni oldini olish uchun maxsus bo‘shatish mexanizmi mavjud.
Eslatib o‘tamiz, 12-iyun kuni Air India aviakompaniyasining Londonga uchayotgan Boeing 787 Dreamliner samolyoti shimoli-g‘arbiy Ahmadobod shahrida halokatga uchradi. Aeroport perimetrini kesib o‘tganidan ko‘p o‘tmay, samolyot balandlikni yo‘qota boshlagan va tibbiy o‘quv muassasasining yotoqxonasi ustiga qulab tushgan edi.
Aviakompaniya halokatni tergov qilishda rasmiylar bilan faol hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi.
Manba: ru.euronews.com
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter