Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev o‘zining eng katta islohoti haqida gapirdi

Shavkat Mirziyoyev o‘zining eng katta islohoti haqida gapirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilondagi Hunarmandlar markazini borib ko‘rdi.

Marg‘ilon azaldan hunarmandlar shahri. Yaqinda bu yerda mohir usta Ibrohimjon Sultonov tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Hunarmandlar markazi qurilib, foydalanishga topshirildi. 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 ortiq turdagi atlas va adras to‘qish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ular tomonidan 2 mingga yaqin xotin-qiz, yoshlar ishga jalb etildi.

— Mening eng katta islohotim — har bir oilaning nuri bo‘lgan onalarni, xotin-qizlarni rozi qilish. Sizlarning ko‘zingizdagi ishonchni, umidni ko‘rib baxtiyor insonman. Ayollarni qancha rozi qilsak, Yaratgan bizga kuch-qudrat, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik beradi. Butun dunyo pandemiya oqibatida katta qiyinchilikka uchrayapti. Hech kim ishonmagandi, shu sharoitda mana shunday korxonalar ishga tushira olamiz deb. Bu — Farg‘onadagi o‘zgarishlarning boshlanishi, qaldirg‘ochi. Xudo xohlasa, natijalarimiz bundan ham yuqori bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikki qavatli markazning qo‘yi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar to‘qiladi. Birinchi qavatdan tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi, podium, chevarxona o‘rin olgan. Bu yerdagi do‘konda matoga gul chizish, bog‘lash, davra, qad tayyorlash jarayonlari ko‘rgazmali tarzda namoyish etiladi.

Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Bu yerda barcha mahsulotlar to‘liq qo‘l mehnati yordamida, 100 foiz toza ipakdan to‘qiladi.

Hunarmand Ibrohimjon Sultonovning «Ismoiljon gilamlari» korxonasi mahsulotlari butun dunyoga mashhur. Hunarmandlar markazida ham mahsulotlarning sifati yuqori. Asl ipakka tabiiy bo‘yoqlardan gul chizib mato to‘qiladi. Shu bois bu mahsulotlarga hozirdan xaridor tayyor. Gilamlar asosan Turkiyaga, atlas, adras matolar AQSh, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinadi.

Hozir chevarlarga 3,5 million so‘mgacha maosh beriladi. Markaz 600 ishchiga mo‘ljallangan, xotin-qizlarning qolgani kasanachilik asosida uyda o‘tirib mehnat qiladi.

Marg‘ilon — Farg‘ona vodiysining turistik manzillaridan biri. Hunarmandlar markazi ushbu shaharning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Osori atiqalar bilan tanishgan sayyohlar bu yerga kelib atlas, adras to‘qish jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ladi, ham o‘zi xohlagan mahsulotni xarid qiladi, shu yerdagi chevarxonada o‘z didiga mos libos tiktirib kiyib ketaveradi. Markaz binosida bank shoxobchasi faoliyat ko‘rsatadi, fotogalereya tashkil etilgan.

Shu yerda viloyatda ipakchilik sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari tarmoq korxonalariga yer ajratib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarga hozirgi qiyin sharoitda iqtisodiy yordam berish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimiz Farg‘ona viloyatida qambag‘al aholi bilan ishlash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar bilan ham tanishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring