Abduqodir, Gvardiola va ingliz tili

Pep Gvardiola jamoaning yangi futbolchisi Abduqodir Husanov haqida fikr bildirganida bir necha bor uning ingliz tilini yaxshi bilmasligiga urg‘u berdi. Hamyurtimiz imkon qadar ingliz tilini mukammal o‘rganishi kerak, bu uning faoliyati uchun hayot-mamot masalasi. Nega deysizmi?
Gvardiola «Barsa» bosh murabbiyligiga kelgan vaqtda ispan va katalon tillaridan tashqari, italyan tilini ham yaxshi bilardi. Chunki u qisqa muddat Italiyada malaka oshirgandi.
«Barsa»dan ketgach, oilasi bilan Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tadi va ingliz tilini o‘rgana boshlaydi. Uning maqsadi APLda ishlash edi. Shu vaqtda unga Germaniya grandi — «Bavariya»dan taklif tushadi va Gvardiola olti oy ichida nemis tilini deyarli mukammal o‘rganadi.
«Amerikaga ingliz tilini o‘rganish uchun borgandim, lekin nemis tilini o‘rganib qaytdim», — deydi u.
Jurnalistlar bilan dastlabki uchrashuvda Pepning nutqini tinglagan tilshunos «u yaxshi talaba uch yil ichida erishadigan darajaga olti oyda erishibdi», deya baho beradi.
Xosep Gvardiola nemis tilini o‘rganish unga qanchalik qiyin bo‘lganini eslaydi.
«Shartnoma kelishuvidan so‘ng darhol til o‘rganishni boshladim. Bu juda og‘ir edi. Kuniga 3-4 soat grammatikani o‘rganishga vaqt ajratardim. Bu tilni o‘rganish qiyin va ayniqsa 41 yoshli odam uchun, ammo men ishlashda davom etdim», dedi murabbiy.
«Pep nemis tilini o‘rganish uchun "aqldan ozdi". Bunga kuniga to‘rt soat ajratadi. Bu hatto bema’nilik darajasiga yetdi: siz ukangiz bilan tushlikda uchrashasiz, u esa o‘qituvchisi bilan tinimsiz nemis tilida gaplashadi. U juda qaysar», — deya eslagandi uning akasi Pere Gvardiola.
Gvardiola Germaniyadan Angliyaga ko‘chib o‘tgach, ingliz tilini ham mukammal o‘rganadi.
Gvardiola boshqa murabbiylarga o‘xshamaydi, u o‘z ishiga mutlaqo o‘zgacha yondashadi. Va futbolga bo‘lgan murakkab qarashlarini shogirdlari to‘la tushunib yetishlarini istaydi. Buning uchun unga muloqot o‘ta muhim.
Shuning uchun u qayerda ishlamasin, o‘sha davlat tilini o‘rganadi va boshqalardan ham shuni kutadi. «U bilan muloqot qilish uchun rus yoki o‘zbek tilini o‘rganishim kerak...», degani ham shunchaki hazilomuz gap emas. Abduqodir til masalasiga jiddiy qarashi shart!
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter