«Enfild» mo‘’jizasi yoxud «Liverpul» o‘zida «Barselona»ga to‘rtta gol urdi

Yevropa Chempionlar ligasi yarim final javob bahsidan o‘rin olgan «Liverpul» — «Barselona» uchrashuvi yakuniga yetdi. «Enfild» stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda kichik mo‘’jiza yuz berdi va qizillarning qo‘li baland keldi.
Dastlabki bahsda «Barselona» o‘z maydonida 3:0 hisobida yenggandan so‘ng «Liverpul»da imkon deyarli qolmagandek ko‘ringandi. Javob o‘yini kutilganidek keskin kurashlar ostida boshlandi, maydon egalari 7-daqiqadayoq hisobda oldinga o‘tib olishdi. Jordan Xendersonning zarbasidan so‘ng ter Stegen to‘pni qaytarishga erishdi, qaytgan to‘pni Divok Origi bo‘sh qolgan darvozaga joylab qo‘ydi.
Shundan keyin mehmonlar faollikni oshirishdi va mersisaydlar jarima maydoni atrofida bir qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. Ammo tanaffusga qadar hisob o‘zgarmadi.
Ikkinchi bo‘limni maydon egalari qator hujumlar bilan boshlashdi va bu o‘z samarasini bermay qolmadi. 54-daqiqada Trent Aleksander-Arnold o‘ng qanotda to‘pni olib qo‘ydi va jarima maydoniga uzatmani amalga oshirdi, u yerda Jorjino Veynaldum kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi.
Oradan ko‘p o‘tmay mezbonlar uchinchi golni urishdi, Jerdan Shakiri o‘ng qanotdan havolatib uzatma amalga oshirdi, uni Veynaldum boshi bilan to‘qqizlik burchagiga aniq yo‘naltirdi.
79-daqiqada «Liverpul» futbolchilari to‘rtinchi golni urishdi. Aleksaned-Arnold burchak zarbasini ayyorona tarzda bajarib, jarima maydoni ichidagi Origiga tashlab berdi. O‘z navbatida Divok yaqin masofadan to‘pni darvozaga «mixlab» qo‘ydi. Qolgan vaqtda kataloniyaliklar kuchli bosim tashkil qilishdi, biroq darvozani ishg‘ol qilish ularga nasib etmadi.
Shu tariqa, Yurgen Klopp shogirdlari ikki o‘yin natijasiga ko‘ra finalga yo‘l oladigan bo‘lishdi.
Yevropa Chempionlar ligasi
1/2 final, javob bahsi
«Liverpul» — «Barselona» 4:0 (1:0, 3:0)
Gollar: 1:0 — 7 Origi, 2:0 – 54 Veynaldum, 3:0 – 56 Veynaldum, 4:0 – 79 Origi.
«Liverpul»: Alisson, Robertson (Veynaldum, 46), Matip, van Deyk, Aleksander-Arnold, Xenderson, Fabino, Shakiri (Starridj, 90), Milner, Mane, Origi (Gomes, 85).
«Barselona»: ter Stegen, Alba, Langle, Serdji Roberto, Pike, Koutino (Nelson Semedu, 60), Rakitich (Malkom, 80), Vidal (Artur, 75), Buskets, Suares, Messi.
Ogohlantirishlar: Fabino (11), Buskets (45), Rakitich (53), Matip (66), Nelson Semedu (75).
Dastlabki o‘yin — 0:3
Uchrashuv statistikasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter