Prezident 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga tabrik yo‘lladi
Prezident 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga tabrik yo‘lladi.
Bugungi kunda shaxmat bilan ommaviy shug‘ullanuvchilar 2 million nafardan, reytingga ega bo‘lgan professional shaxmatchilarimiz soni esa 6 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda xalqaro grossmeyster unvoniga ega bo‘lgan 32 nafar shaxmatchimiz bor.
E’tiborli jihati shundaki, 5 nafar yetakchi shaxmatchimiz jahon reytingidagi “eng kuchli yuztalik”dan mustahkam o‘rin egallab kelmoqda. O‘zbekiston erkaklar jamoasi FIDE reytingida 204 ta davlat orasida 8-o‘ringa, ayollar jamoasi esa 20-o‘ringa ko‘tarilgani ham diqqatga sazovordir.
Mamlakatimiz terma jamoasining 2022-yilda 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi bo‘lgani, 2024-yilgi Olimpiadada sovrindorlar safidan joy olgani, iste’dodli grossmeysterlarimiz nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgani, hech shubhasiz, milliy shaxmat sportimiz tarixida yangi sahifalar ochmoqda.
Javohir Sindorovning jahon chempionligi uchun da’vogarlar turnirida g‘olib bo‘lib, jahon kubogini qo‘lga kiritgani, Nodirbek Abdusattorovning blits bo‘yicha jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgani, yosh shaxmatchilarimiz xalqaro chempionatlarda yuksak o‘rinlarni egallayotgani bizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi, deyiladi tabrikda.
"Bunday yirik musobaqalar bizning xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta bayram, ulkan mahorat maktabiga aylanishi, mamlakatimizning do‘stlik va hamkorlik diyori sifatidagi xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshirishiga aminman. Bugungi olimpiada dunyo yoshlariga muhim bir haqiqatni namoyon etmoqda: insoniyatning umumiy kelajagi kuch emas – aql va bilim, adovat emas – do‘stlik va hamjihatlik, befarqlik emas – ezgu maqsadlar yo‘lidagi qat’iyat asosida bunyod etiladi", deyiladi prezident tabrigida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter