Ustoz Ip Man: zarbalarning qaqshatqich kuchi

Ustoz Ip Man haqidagi film mashhur bo‘lib, uni tomosha qilmagan yoshlar deyarli qolmadi. Mazkur kinoasar uncha-muncha unutilayozgan Sharq yakkakurashiga bo‘lgan qiziqishni yanada alangalatib yubordi, deyish mumkin. Xo‘sh, afsonaviy Bryus Lining ustozi, jangovar san’at sohibi, chapdast va mohir kurashchi Ip Manning o‘zi kim? Nima uchun bu tarixiy shaxs haqida keng omma uncha bilmas edi?
Ulkan oila
Ip Man Xitoyning Kvantun viloyati Nemxoy qishlog‘ida tug‘ilgan. Mamlakat janubidagi Fatshan shahrida istiqomat qilgan. Ushbu shahar nafaqat hunarmandchilik ishlab chiqarishi, balki kung-fu o‘chog‘i ekanligi bilan ham dovruq qozongan edi. Sin sulolasi qulab, Xitoy respublikasi tuzilgach, jangari san’atning taniqli taniqli namoyandalari Fatshanga yo‘l oldilar. Bunga Shaolin monastiriga o‘t qo‘yilgach, yuzlab qochoq monaxlar kung-fu o‘rganishga kirishgani sabab bo‘lgandi. Ularning aksariyati, masalan, Dzen – Chi Shin Janubga qochib, Fatshandan qo‘nim topgan.
Ip Manning otasi tijoratchilar avlodidan edi. Ushbu oila Fatshanda yaxshigina nufuzga va ta’sir kuchiga ega, Fuk Yan ko‘chasida esa katta hovlisi bo‘lib, bu ko‘cha «baxt va donishmandlik» ma’nosini anglatardi. Ip oilasi a’zolari har ikki qatorda jami 20 tadan uyni egallagan ulkan xonadondan iborat edi. Oilaga meros bo‘lib qolgan ibodatxona markazda joylashgandi. Mazkur ibodatxonada Vin Chun san’atini o‘rgatgan taniqli ustoz Chan Va Sun istiqomat qilgan.
Ustoz Chan Va Sunning shogirdlari orasida o‘zining oilasiga tegishli ibodatxonada Vin Chun san’atini o‘rgana boshlagan Ip Man ham bor edi.
Qobiliyatli o‘quvchi
Ip Man 9 yoshida shogirdlikka qabul qilingan. Bungacha u sabot bilan o‘qir, bo‘sh vaqtlarida xattotlik bilan shug‘ullanar, dostonlar yozar va, albatta, ustoz Channing o‘quvchilari o‘tkazayotgan mashg‘ulotlarni kuzatar edi. Kundan-kunga Vin Chunga qiziqishi ortib boraverdi. Nihoyat u to‘ppa-to‘g‘ri ustoz Chan Va Sunning huzuriga bordi va guruhga qabul qilishini iltimos qildi. Ustoz bolakayning qarorini jiddiy hisoblamadi va hazilomuz tarzda buning uchun har bir o‘quvchi uch kumush tanga to‘lashi lozimligini aytdi. Ip bu gapni eshitib, quvonch va umid bilan uyiga yugurdi. Ko‘p o‘tmay, u uchta kumush tanga bilan qaytdi. Ustoz Chan hayron bo‘ldi va bu pulni qayerdan olganini so‘radi. Ip esa guruhda qatnashish uchun shunday tangalar kerakligini bilgani va bir necha yil avval pul yig‘a boshlaganini ma’lum qildi. Ustoz ishonmadi, u bola kumush tangalarni o‘g‘irlagan deb o‘ylagan edi. Pulni olar ekan, «agar ularni qaytarib olishni istasang, onang huzurimga kelib, bu tangalar haqiqatan seniki ekanligini tasdiqlasin», dedi u.
Ip Man onasini ustozning huzuriga kelishga qistadi. Bolakayning onasini ko‘rgan Chan Va Sun shunday dedi: «Men o‘g‘lingiz pullarni qayerdan olganiga shubha qilmadim. Uning mendan kung-funi o‘rganishga roziligingizni olmoqchi edim. Bola juda layoqatli, u bizni uzoq vaqt kuzatganiga aminman. Agar mening aytganlarimni qilsa, jangari san’atda katta muvaffaqiyatlarga erishadi».
Bu gaplarni eshitish madam Ngu uchun yoqimli edi va u, agar Chan Va Sun o‘g‘lini qabul qilsa, qarshilik qilmasligini uqtirdi.
Shu ondan e’tiboran Ip Man Chan Va Sunning eng yosh va oxirgi shogirdiga aylandi. Ustoz Chan Ip o‘n uch yoshda bo‘lganida hayotdan ko‘z yumdi. Umrining so‘nggi daqiqalarida u shogirdi Ngu Chong Soni chorlab, shunday dedi: «Ip Man – yaxshi bola, boshqalardan uquvli. U Vin Chun an’analarini muvaffaqiyat bilan davom ettira oluvchilardan biri. Afsuski, men boshqa qola olmayman. Endi barcha mas’uliyat sening zimmangda bo‘ladi.
Unga hammasini o‘rgat».
Ngu Chung So ustozga Ip Manni o‘qitishga va’da berdi va so‘zida turdi.
Hongkongdagi saboq
Ip Man ikki yil mobaynida Ngu Chungdan jang sirlarini o‘rgandi va kollejda tahsilni davom ettirish uchun Gongkongga yo‘l oldi. Bir kuni esa uni Chan Va Sun ustozining o‘g‘li Leong Bakning huzuriga olib bordilar.
O‘shanda Leong Bak g‘arbiy Hongkongdagi yirik ipak kompaniyasining egasi edi. Ip Manning o‘qishga munosabati Bakni lol qoldirdi va o‘zida borini unga o‘rgatishga qaror qildi. Keyinchalik Ip Man e’tirof etishicha, dastlabki bilimlarni Chan Va Sundan olgan bo‘lsa, Leong Bak orqali ularni charxlagan.
Biroq mashg‘ulotlarni to‘xtatishga majbur bo‘ldi, chunki urush paytida harbiy xizmatga ketishiga to‘g‘ri kelgan edi. Urushdan so‘ng u qadrdon yurtiga qaytdi va Nemxoyedagi politsiya patruli kapitani kursisiga o‘tirdi.
Barmoqlarning hayratomuz kuchi
Jangari san’at ustasi va politsiya kapitani bo‘lishiga qaramay, Ip Man takabbur va manman emas edi. Aksincha, u oddiy kiyinar, barchaga madaniyat va nazokat bilan boqardi. O‘zini Vin Chun uslubi bilan qurollangan hisoblab, yonida to‘pponchani kamdan-kam olib yurardi. Soqchilik maskanida Ip Man bilan bog‘liq sarguzashtlar bo‘lib turgan. Masalan, ulardan biri...
Bu shaharda Yuy Yu degan kimsa bo‘lardi. U urush paytida harbiy xizmatda bo‘lgan, keyinroq esa Ip Man qo‘monligidagi Nemxoye politsiya patrul xizmatiga qabul qilingandi.
Ip Manning qo‘l ostida patrullari juda ko‘pligi bois Yuy Yu ham, Ip Man ham bir-birlarini shaxsan tanimasdilar. Bir kuni patrullik qilayotgan Yuy Yu ko‘chada baland ovozda kim bilandir tortishib qoldi. Bu paytda Ip Man uning yonidan o‘tib ketayotgandi. U janjal qilayotganlardan biri politsiyachi ekanligini va to‘pponcha bilan qurollanganini ko‘rdi. Ip Man bahsni to‘xtatib, ularning ikkovini ham oddiy so‘zlar bilan tinchlantirmoqchi bo‘ldi. Biroq takabbur Yuy Yu odmi kiyingan Ip Manga quloq solmadi. Aksincha baqirib, unga to‘pponchasini yo‘naltirdi. Ip Man oldinga tashlandi va xatarni bartaraf etish uchun tezda to‘pponcha o‘qdonini mahkam ushladi. Politsiyachi undan qurolini tortib olish maqsadida rosa tarmashdi. Ip Manning barmoqlari esa shunchalik kuchli ediki, bir necha urinishdayoq tomoshatalablar ko‘z o‘ngida to‘pponcha o‘qdonini tushirib yubordi.
1949-yilda Xitoyni boshqa tuzum egallagach, Ip Man vatanini tark etdi va Gongkongga ko‘chib, u yerda Vin Chun maktabini ochdi. Shu tarzda – 30 yil mobaynida jangari san’at murabbiysi sifatida ishlab, mingga yaqin shogird yetishtirib chiqardi. O‘z navbatida ular Vin Chunni butun hududga yoydilar. Bu ulkan muvaffaqiyat edi.
Ustoz Ip Man va Bryus Li
Ip Manning talabalari orasida Bryus Lining dong‘i chiqqan edi. Ustoz va shogird Bryus Gongkong kollejida tahsil olayotganida uchrashishgandi. Bryusning otasi Li Xoy Chuen Ip Manning yaqin do‘stlaridan biri edi. Qolaversa, ular fatshanlik yurtdoshlar ham edilar. Bryus Lining o‘z hayot tarzi sifatida jangari san’atni tanlagani eski qadrdonlarni yanada jipslashtirardi. U bu jang san’atining uchinchi yili adog‘ida mashg‘ulotlarda katta muvaffaqiyat qozondi, shunga qaramay, AQShga ketish uchun Gongkongni tark etishga majbur bo‘ldi.
O‘sha paytlardayoq Bryus Li va ustoz Ip Mannng nuqtai nazarlarida tafovut bor edi. Xayrlashish oldidan Ip Man Bryusga kung-fu Xitoyning sofizmga asoslangan san’ati ekanligini, xitoyliklar o‘zlarini himoya qilish va sog‘lom hayot tarzi uchun unga muhtojliklarini, ushbu usullar har qanday holatda ham xorijliklarga o‘rgatilmasligi lozimligini eslatib qo‘ydi (bu kung-fu asoschilarining eski aqidalaridan edi). Bryus Li ustozining o‘gitini yodida saqlashga va’da berdi. Biroq okenortiga borgan zahoti darhol maktab ochib, u yerdagi talabalarni qabul qila boshladi. Ularga Vin Chun sirlarini o‘rgatib, ustozining ko‘nglini og‘ritdi.
1965 yilning yozida Bryus Li xotini va o‘g‘li bilan Gongkongga qaytdi. U ustozining huzuriga tashrif buyurar ekan, AQShga jo‘nashidan oldin uch yil mobaynida o‘zlashtirolmagan kompleks mashqlarni yog‘och qo‘g‘irchoqda o‘rgatishini iltimos qildi. Keyin esa Ip Mandan okeanortida dars o‘tishi uchun kerak bo‘ladigan Siu Nim Tao (jajji g‘oya) haqida sakkiz daqiqalik film suratga olish haqida ruxsat so‘radi. Buning evaziga ustoz Ip Manga yangi uy sotib olishga va’da berdi. Nima bo‘lganda ham Bryus Li bu bilan jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi. U pulning ahamiyatiga shunchalik urg‘u berib gapirdiki, natijada hurmatini yo‘qotdi. Ustoz Ip Man Bryus Lini rad etar ekan, buni shunday izohladi: «Birinchidan, sen men o‘qitgan shunchaki oddiy o‘quvchi emassan, ikkinchidan, men hech qachon shogirdlarimning bu kabi iltimoslarini ado etmaganman. Agar sening taklifingni qabul qilsam, boshqalarga nima deyman?»
Iltimosi rad etilgan Bryus Li yordam so‘rab, ustozning o‘g‘li Im Chunga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Ip Chun javob berdi: «Bryus, biz Gongkongga ko‘chib kelganimizga o‘n yilcha bo‘ldi. Ijaradan-ijaraga ko‘chaverar, o‘zimizning uyimizga ega emasdik. Aslida bizga yangi uy kerak. Ammo odamzod uchun moddiy hayotdan iborat shinamlik, badastrlikdan ham ko‘ra qiymati yuksak tushunchalar mavjud. Mening otam kuchli va qat’iy fe’l-atvorga ega. Buni sen ham, men ham bilamiz. Agar otam senga rad qilgan bo‘lsa, men unga ta’sir ko‘rsata olmayman».
Vin Chun Kuyen va Jit-kun-do
Hafsalasi pir bo‘lgan Bryus Li AQShga qaytdi. U Vin Chunni boshqa o‘rgatolmasdi, chunki endi bu usulda hech qachon «birinchi raqamli» bo‘la olmasligini anglab yetgan edi. Shundan so‘ng u Jit-kun-do nomli yangi usulni kashf eta boshladi. Amaliy jihatdan Jit-kun-do taekvondo, karate va ozroq g‘arbiy boks, dzyu-do, dzyu-do va hokazolardan iborat Vin Chun uslubiga asoslangandi. Bryus Lining gazetalar, kitoblar, jurnallarda bayon etilgan nazariyalari Vin Chun nazariyalari, Xitoy taoizm falsafasi, shuningdek, g‘arbiy boks va dzyu-do negizidan iborat edi.
Bryus Li o‘zining Jit-kun-do yo‘nalishi bilan dovruq qozonganida Ip Man uni biror marta ham esga olmadi. Ularning ixtilofi o‘z hayotiy nuqtai nazarlari va turli ma’lumotga ega ekanliklari bilan bog‘liq edi, albatta. Ip Man Xitoy klassik ta’limini olgan va konfutsiychilik ta’siri ostida edi. Unda kuchli millatparvarlik tuyg‘ulari mujassam edi. Shu bois Ip Man qat’iy va barqaror ishonchga ega bo‘lgan. U umri mobaynida – politsiya kapitani bo‘lganida ham, jangari san’atdan saboq berganida ham kambag‘al edi. Ip Man hayotni qanday bo‘lsa, shunday ko‘rganidan baxtiyor yashar edi.
Bryus Li esa, aksincha, falsafadan ma’lumot olishni davom ettirish uchun AQShga ketishidan oldin Gongkongdagi ingliz maktabida o‘qigan edi. U pragmatizmning kuchli ta’siri ostida bo‘lib, hayotda mashhurlik va boylikka erishdi. Ha, bu borada muvaffaqiyat qozondi, biroq o‘limigacha jangovar san’at va xotiniga muhabbatni barchasidan ustun qo‘ygan edi.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter