Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zidanning «Real»ga o‘tishi: Peres yanada ko‘proq berishga tayyor edi...

Zidanning «Real»ga o‘tishi: Peres yanada ko‘proq berishga tayyor edi...

Foto: www.europe1

So‘nggi paytlarda ishlari yurishmayotgan «Real» muammosining bir uchi bosh murabbiy Zayniddin Zidan bilan bog‘lanmoqda. Yaqin vaqt ichida o‘z o‘rnini boshqa mutaxassisga bo‘shatib berishi taxmin qilinayotgan fransiyalik murabbiy 2001 yilda Qirollik klubi bilan ilk shartnomasini imzolagan edi...  

Zidan nega «Yuventus»dan ketdi? Javob oddiy: birinchidan, u ketishni juda xohladi. Ikkinchidan, Florentino Peres uni Madridga olib kelish uchun bor kuchini sarfladi...

Turinliklarning o‘sha paytdagi bosh direktori Luchano Modjining aytishicha, Peresning harakatlari Zidan Madridga ko‘chib kelishidan 11 oy avval boshlangan. UYeFA superkubogi bahsidan oldingi an’anaviy kechki ovqat ba’zilar uchun o‘yinning o‘zidan ko‘ra muhimroq edi. O‘shanda Peres Zayniddin bilan birinchi marta uchrashdi. U endigina «Real» prezidentligiga saylangan va Figu xaridi bilan Yevropa transfer bozorini titratib yuborgandi. Portugaliyalik yulduz Peresning saylovoldi va’dalaridan biri bo‘lsa, ikkinchisi – Zayniddin Zidan edi. Peres Monakoga futbolchi bilan shaxsan gaplashish uchun bordi. Ammo stol atrofida ulardan boshqa yana qirqtacha odam o‘tirardi.

Nimadir o‘ylab topish kerak bo‘lganida, Peres qog‘oz sochiqqa fransuz tilida «Real»da o‘ynashni xohlaysanmi?» degan so‘zlarni yozib, yonidagi sherigiga uzatar ekan, sekin ovozda «Zidanga» deydi. Sochiq qo‘lma-qo‘l bo‘lib Zidangacha yetib boradi. Nomani o‘qigach, fransuz futbolchisi sof ingliz tilida javob yozadi: «Yes!».

Biroq muammo Zidanda emas edi. Peres ungacha ham «Yuventus» vakillari bilan uchrashib, rad javobini olgandi. Zidanning o‘zi rozi bo‘lgach, ishga futbol agenti Alen Milyachcho qo‘shiladi.

Turinda Zidanga birinchi raqamli o‘yinchi sifatida qaralmas edi. Klub prezidenti Janni Anellining yoqimtoyi boshqa bir yulduz Alessandro Del Pero bo‘lib, u hatto Zidanning «Yuventus»da o‘ynab ketishiga ham unchalik ishonmagan. O‘shanda prezident ochiqchasiga: «Biz Zidanni Jazoir va Marselda ko‘proq «Fiat» (Janni Anelli bir vaqtning o‘zida «Fiat» konsernining asosiy aksiyadori va ijrochi direktori edi) sotilishi uchun qabul qildik», — degan edi.

Agar gap Anellida qolganida ham muzokara deyarli bir yilga cho‘zilmasdi. Zidanning ham ishqibozi bor edi. Bosh direktor Luchano Modji fransuz futbochisini o‘z faoliyatidagi eng zo‘r, futbol tarixidagi o‘nta eng zo‘r transferlardan biri deb bilardi. U fransiyalik pleymeykerni og‘zidan bol tomib maqtasa, Janni Anelli o‘zining eski hamrohiga ishonardi.

Qisqasi, Modji bilan kelishish lozim edi. Mana bu haqiqiy muammo. Modjiga «Real»ning takliflari yoqmadi, Zidan «Yuventus»ning yaqin oradagi rejasiga kiritilmagan edi. Ana shunday holatda ayyor Milyachcho natijaga erishish uchun boshqa yo‘lni qidirdi. Agent Zidanning xotini Veronikani ishga soldi. Unga Madriddagi shohona hayot, markazdan uzoq bo‘lmagan tinch rayon va bolalar uchun fransuz litseyini va’da qiladi. Quyoshli Madrid asli ispaniyalik bo‘lgan ayol uchun Alp tog‘laridan ko‘ra qiziqarliroq ekanligi shubhasiz.

Luchano Modji

Alen Madrid va Turin orasida bo‘zchining mokisidek qatnadi. Turin klubi vakillarining unga munosabati sovuqdan o‘ta salbiyga o‘zgardi. Hatto agentni klub bazasiga ham kiritmay qo‘yishdi.

2001 yilning yozida Zidan yashirincha Lionga uchdi. U yerda uni Milyachcho, Peres va Valdanolar kutishardi. Xira suratkashlar ob’yektiviga tushmaslik uchun hamrohlar Ekzyuperi nomidagi aeroportning kichikkina xonasida uchrashishdi. Zidan pul haqida so‘z ochmadi – uni «Real» qiziqtirardi.

«Yuventus» doim boshqa klubga ketishni xohlovchi futbolchilarni klubda qolishga zo‘rlamaydi. Ularning shiori: «Kimga «Sinora» kerak bo‘lsa, u ham «Sinora»ga kerak». Baribir Zidan xohishi hal qiluvchi rolni o‘ynadi. Qo‘shimchasiga Milyachcho Modjining advokati Pako Donofrio bilan aloqaga chiqdi. Obro‘li yurist Luchanoga ta’sir ko‘rsatdi; «Yuventus» bosh direktori muzokaraga rozi bo‘ldi. Hamma gap futbolchining narxida qoldi. Peres uchun bu muammo emas edi...

«Real» marketing xizmati yangi brend-futbolchining keng qamrovli targ‘ibotini oldindan o‘ylab qo‘yishdi. Klubning besh qit’adagi 100 dan ortiq do‘konida Zidan nomi bilan bog‘liq 250 ta yangi litsenzion mahsulotlar paydo bo‘ldi. Faqatgina 5-raqamli futbolkalarning o‘zi 18-20 million yevro foyda keltirishi kutilayotgan edi.

Shuning uchun ham Luganodagi hal qiluvchi uchrashuvga Peres xotirjam holda yetib bordi. Agar muammo pulda bo‘lsa – demak, muammo yo‘q. «Yuventus» rahbarlari Zidan uchun avvaliga 120 million so‘rashdi, «Real» 60 millionda to‘xtadi. «Yuventus» Makeleleni so‘radi, «Real» Konseysaoni taklif qildi. Yakunda 73,5 million yevroga kelishishdi. «Interwetten»ning qayta hisob-kitobiga ko‘ra, bu summa hozir 315 million yevroga teng keladi.

4 iyulda Turin yaqinidagi maskanda Peres va Modji shartnomaning so‘nggi qismlarigacha kelishib olishdi. Ertasiga ertalab bu haqda butun Yevropa xabar topdi.

Zidan va Peres

Modjining xayrlashish chog‘idagi «Aslida biz Zidanni 60 millionga ham sotishga rozi edik», – degan hazilnamo gapiga Peres undan-da qiziqarliroq javob aytadi: «Men esa uni 100 millionga ham sotib olishga tayyor edim».

Zidan Taitidagi ta’tilini muddatidan oldin yakunlab, 8 iyul kuni shaxsiy samolyotda Madridga keladi. Keyingi kuni dunyoga yangi galaktikos namoyish etiladi.

«Yuventus» 2001 yilda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. «Rai Sport» shunday yozgan edi: «Futbolchilar to‘pni qabul qilib oladi va nima qilishini bilmay Zidanni qidirishadi». O‘sha mavsum «Real» Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi, superkubok va Qit’alararo kubokni qo‘lga kiritdi.

Sakkiz yil o‘tib Peres: «Zidan 73 millionga baholandi va bu faoliyatimdagi eng arzon transfer bo‘ldi», – degan edi.

Yana sakkiz yildan keyin murabbiy Zidan «Real» bilan qatorasiga ikki yil Chempionlar ligasida g‘alaba qozondi. Finalda uning jamoasi o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan «Yuventus»ni dog‘da qoldirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring