Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Alvasti» osma ko‘prikni «jin chalgan»mi? (video)

Yoki 63 yildan buyon yangilanmagan ko‘prikning bugungi ahvoli

Buxoroning Vobkent tumani hududidan eng yirik Amu Buxoro kanali oqib o‘tadi. Uzunligi 33 kilometrdan ortiq masofani tashkil etuvchi ushbu kanalning eni 30 metr va chuqurligi salkam 10 metrga yaqin.

Ayni paytdagi murojaatni tumandagi «O‘zbakon» mahallasidagi Bodomcha qishlog‘i aholisi yo‘llashgan. Tumanning eng chekka hududlaridan bo‘lgan «O‘zbakon»ni kesib o‘tuvchi kanal ustidagi osma ko‘prik 60-yillarda, ya’ni 63 yilcha ilgari hashar yo‘li bilan tiklangan.  Bugun inson hayoti uchun xavfli, ta’mirtalab va o‘ta qo‘rqinchli holatga kelib qolgan osma ko‘prik mahalliy tilda «Alvasti ko‘prik» deb atalar ekan.

Aytishlaricha, 80-yillar boshida osma ko‘prik atrofini tikanu jing‘il, qamish va yulg‘unlar bosib ketgan. Odamlar orasida «chakalakzorga aylanib ketgan osma ko‘prikdan har xil qo‘rqinchli tovushlar chiqadi, suv yuzida alvasti kampir aksi ko‘rinadi», degan mish-mishlar tarqalgan. Shundan cho‘chib qochib, kanalga yiqilib, cho‘kib ketganlar ham ko‘p bo‘lgan, degan gaplar yurgan. Va shu bilan odamlar bu yer jin-ajinalar makoni, deya qariyb, 15 yilcha vaqt davomida ushbu ko‘prikdan o‘tmay qo‘yishgan ekan. Bu, albatta, odamlarni ehtiyotkorlikka chaqirish uchun o‘ylab topilgan to‘qima hikoya bo‘lsa, ehtimol. Biroq, ushbu osma ko‘prikning bugungi ko‘rinishi «alvasti kampir yoxud jin» chalib ketishidan ham qo‘rqinchliroq qiyofaga kelib qolgan.

«Osma ko‘prikdan yoshu-qari o‘tadi. Simto‘rlari uzilib, temir ushlagichlari sinib ketgan. Taxtalari ko‘chib, katta-katta yoriqlar hosil qilgan. Yoshi kattaroqlar-ku, xavfli hodisa yuz bersa, o‘zini o‘nglab olishi yoxud yiqilsa, kanaldan suzib chiqishi mumkindir, ammo o‘quvchi-bolalarning tushib ketishi va u yerda chiqib keta olmasligi ehtimoli katta. Yo‘llarimiz ham ta’mirga muhtoj, abgor ahvolda. Qishda loy, yozda chang bo‘lsa ham yo‘llardan yurib, manzilga yeta olamiz. Biroq, ushbu og‘riqli muammoning oldi olinmasa, ko‘plab ko‘ngilsiz hodisalar yuz bermasligiga kafolat yo‘q», – deydi qishloq fuqarosi Islom Ilhomov.

Ma’lum bo‘lishicha, bundan bir necha oy ilgari ko‘prikni tutib turuvchi beton ustunlarning biri o‘pirilib tushgan. Odamlar tobora bir tomonga og‘ib borayotgan osma ko‘prikdan o‘tishga cho‘chib qolishgan. Simto‘rlari allaqachon uzilib, oyoq ostidagi temirlari yemirilgan, yog‘ochlari chirib tushib ketgan ko‘prikdan o‘tishgina emas, balki yirik suv kanaliga ko‘z qiri tushishining o‘zi ham kishi yuragini vahimaga soladi. To‘liq qayta ta’mirga muhtoj ko‘prikdan maktab o‘quvchilarining ham o‘tishayotganini ko‘rib turib, shu paytgacha hech bo‘lmasa, sozlab, xavfsizlantirib olishga ham bosh-qosh bo‘linmagani juda achinarli.

«Ko‘prikni ta’mirlab berishsa, xursand bo‘lardik», «Oyoqlarimiz doim chang yoki loyga belanib boramiz. Tikanli, qumloq yo‘llarimiz. Maktabga esa shu ust-boshda kirib boraverishdan uyalamiz», – deyishdi ko‘plab maktab o‘quvchilari.

«Qishlog‘imiz bir qismi yirik kanalning bir tomonida, bir qismi ikkinchi tomonida joylashgan. Demak, har ikki tomondan ham bolalar qatnashadi. Qachon ta’mirlanishini so‘rab, bormagan joyimiz qolmadi. Ko‘prikdan o‘tadigan qishloq bolalari ko‘p emas-ku degan javobni ham oldik. Bitta bola ham bola, yuzta bola ham bola», – dedi qishloq fuqarolaridan biri. 

Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbakonliklar bundan ilgari ham turli idora, tashkilotlarga, tahririyatlarga murojaat qilishgan. Biroq, murojaatchilarning so‘ziga ko‘ra, ular mahalla raisi tomonidan qayta murojaat etmaslik yuzasidan siquvga olinishgan. Osma ko‘prikni ta’mirlash va sozlash yuzasidan shu paytgacha hech qanday harakat kuzatilmagan.

«Yashirmayman, men o‘tgan gal murojaat qilgandim. Holatni televideniyega ham olib chiqishdi. Foyda bermadi. Nafaqat, meni, balki u yoshmi-keksami, intervyu berganlarni qayta murojaat qilmaslikka chaqirishdi. Yetmaganiga, onamdan ham hech qayerda muammolarni yoritmaslik haqida yozma tilxat ham olishdi. Kelajakda jurnalist bo‘lmoqchiman. Nega muammoni bartaraf etish choralarini emas, muammoni ko‘targan odamni siquvga olib, unga chora ko‘rish yo‘llarini izlashadi. Men-ku, o‘zimni tanishtirmayman, lekin kattalar, baribir, menligimni bilishadi» – dedi kulib maktab o‘quvchisi.

83 yoshli onaxonlardan biri ham osma ko‘prikning nosozligi, inson hayoti uchun juda xavfliligi, bundan tashqari, odamlarning kanal suvini tindirib iste’mol qilishayotgani kabi qator muammolar haqida so‘zlagan. «Xabar.uz» muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda esa keksa onaxon Muborak Homidova kulib: «Bo‘ldi endi, bir marta chiqdim, ikkinchi marotaba chiqmayman. Hammasi yaxshi. Suv ham ko‘p. Tinig‘i ham bor. Ikki-uch oy ilgari betoni ag‘angan ko‘prikni ham taxlaymiz, deyishdi-ku, sozlashar...» – deydi.

«Mahallaning 35 kilometrcha ichki, tashqi yo‘llarini jamoatchilik bilan birga shag‘al to‘kdik. Bolalar maktabga eski osma ko‘prikdan o‘tib emas, yangi ko‘prikdan o‘tib borishsa, bor-yo‘g‘i, oraliq masofa 200 metrdan iborat», – dedi mahalla raisi To‘xta Safarov.

Biroq, ma’lum bo‘lishicha, mahalla raisi aytayotgan yangi va eski ko‘priklar oraliq masofasi salkam 600 metrni tashkil etar ekan.

«Ko‘prikdan o‘tishga qo‘rqamiz. Ammo, majburmiz. To‘g‘ri, 600 metrcha narida yangi ko‘prik tiklashgan. Uyimizdan maktabgacha bo‘lgan manzil salkam 5 kilometrni tashkil etadi. 600 metrgacha borib, yangi kanaldan o‘tish esa bizning uzog‘imizni yanayam uzoq qiladi», – deydi maktab o‘quvchisi Diyorbek Istamov.

«O‘zbakon» mahallasidagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabi Bodomcha qishlog‘idan salkam 5 kilometr masofada joylashgan. Maktab direktori o‘rinbosari Aziz Anvarovning so‘ziga ko‘ra, ushbu qishloqdan qatnaydigan o‘quvchi-yoshlar soni 31 nafarni tashkil etadi.

«2020 yil maktabni tugatganman. Bu osma ko‘prikdan faqatgina maktab uchun emas, qo‘shni qishloqqa borish uchun ham o‘tib-qaytishadi. Ta’mirtalab osma ko‘prik nihoyatda achinarli ahvolda. O‘tgan gal singlim ko‘plab qishloq aholisining idora, tashkilotlarga murojaati befarq qoldirilgach, bir nechta ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bog‘lanishgandi. Ammo, mas’ullar tomonidan holat yana o‘zgarishsiz qoldirildi. Har gal «kelgusi yil ta’mirlab beramiz», degan va’dalarni olamiz. O‘ylaymizki, bu gal mas’uliyatli mas’ullarga yetib boradi. Eski osma ko‘prik ta’mirlanib, aholi foydalanishi uchun xavfsiz holga keltiriladi, deb umid qilamiz», – dedi Kamola Iskandarova.

Vobkent tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rahmatillo Azamatov o‘z so‘zida yil yakuniga qadar muammo hal etilishiga ishora qilgan.

«Holatdan tuman hokimligining xabari bor. Bu borada viloyatning ham tegishli tashkilotlariga murojaat qilganmiz. Sarf qilinadigan mablag‘lar aniqlangan. Hisob-kitobimiz bo‘yicha 280-300 million so‘m mablag‘ talab qilinadi. Joriy ta’mirlash ishlari amalga oshiriladigan bo‘lsa, shunga qarab ish olib boriladi. Chuqur o‘rganilib, loyihalash ishlari yakunlangach, ko‘prikni to‘liq qayta qurish yoki joriy ta’mirlash ishlari bajariladi», – degan Rahmatillo Azamatov.

Afsuski, ogohlantirishlarga qaramay, mutlaqo xavfsizlantirilmagan, irrigatsiya tizimi suv o‘lchagichiga moslashtirilgan qurilma-quvurlar ustidan odamlar o‘z hayotini xavfga qo‘yib o‘tishayotgani achinarli.

Har ikki tomonidan ham to‘silmagan, na temir va yoki na sim ushlagichlari bor, qolaversa quvurdan 7-8 metrcha pastdan oqayotgan kanalga ag‘anab tushishdan qo‘rqmaysizmi? – so‘raymiz fuqarodan.

«Bir boshga bir o‘lim» – deyishadi-ku! Nimasidan qo‘rqaman, narigi osma abgor ko‘prikdan o‘tdim nimayu, katta quvur ustidan o‘tdim nima, – deya qulog‘idagi telefonni ham qo‘ymay, bizdan uzoqlashgan ayolning ortidan achinish bilan qarab qoldik.

Tuman hokimi Farhod Baqoyevning bildirishicha, 2021 yilda Amu-Buxoro kanali ustidan oqib o‘tuvchi avtomobil ko‘prigi ham ta’mirtalab holga kelib qolgan bo‘lgan. Hokimlik tashabbusi bilan u yangidan qurib, foydalanishga topshirilgan.

Qayta ta’mirlangan yirik yangi ko‘prik bilan tanishar ekanmiz, Bodomcha qishlog‘i tumanning eng chekka hududi ekaniga yana bir karra guvoh bo‘ldik. Navoiy viloyati, Buxoro tumani hamda Kogon tumani chegara-tutashuv qismida joylashgan kichikkina qishloqda yetarlicha muammolar borligi bizni hayron qoldirmadi. Chunki, har doim ham juda chekka hududlar e’tibordan chetda bo‘lib kelgan.

Aholining so‘ziga ko‘ra, ularni toza ichimlik suvi masalasi ham ancha vaqtgacha qiynab kelgan. Ular kanal suvini tindirib ham xo‘jalik ishlarida, ham iste’mol sifatida ishlatib kelishgan. Bu masala ancha murojaatlardan so‘ng ijobiy hal etilib, toza iste’mol suvi aholiga o‘z vaqtida yetkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda «Vodovoz» (suv tashiydigan mashina) har ikki kunning birida qumloq, o‘nqir-cho‘nqir va shag‘al yo‘llar oralab, qishloqqa toza ichimlik suvi tashiydi. Mahalla raisining so‘ziga ko‘ra, qishloqqa 17 kilometrli suv quvurini o‘tkazish viloyat rahbariyati rejasiga kiritilgan.

«O‘zbakon» aholisini, nafaqat, ta’mirga muhtoj osma ko‘priklar, balki ta’mirtalab ichki va tashqi yo‘llar masalasi ham qiynab kelmoqda. Egri-bugri, o‘nqir-cho‘nqir, qumloq va shag‘allari ham ko‘chib ketayotgan yo‘llardan mashinada yurishning o‘zi ham ancha qiyinchilik tug‘dirdi.

Mahalla raisi To‘xta Safarov ham qishloqning 18 kilometrli yo‘llari asfaltlanishga muhtojligini bildirdi.

«Kelgusi yil davomida bu og‘riqli masalani ham bartaraf etish choralarini ko‘ramiz. Xudo xohlasa, mahalla har tomonlama obod manzilga aylanadi. Faqat hammasi asta-sekin. Shuncha ishlar bajarildi-ku, buyog‘iyam bo‘ladi. Shu o‘rinda qishlog‘imiz aholisi yaxshi yashashayotgani, yer masalasida umuman muammo yo‘qligini ham bildirib o‘tmoqchiman. Bundan tashqari, ayni paytda qishloqda bittayam ishsiz yo‘q. Ko‘pchiligi paxta mavsumi boshlangani munosabati bilan terimga jalb etilishgan. Shu mavsumda ro‘zg‘orlarini ancha ko‘tarib olishadi», – dedi mahalla raisi.

Qishloq fuqarosi Ilhom Bo‘ronov esa qishloq aholisini qiynab kelayotgan muammolar haqida so‘zladi:

«Bizni yo‘l masalasi juda qiynayapti. O‘ta abgor ahvolda. Hech kim e’tibor qaratmaydi. Maktab va qishloq yo‘li orasi salkam 5 kilometr. Piyoda borib, piyoda kelishadi. Ust-boshi chang, loy bo‘lib, kuniga kamida o‘n kilometr yurishadi. Endi bolalarning charchog‘ini tasavvur qilavering», – dedi u.

Ilhom Bo‘ronov qishloqda ishsizlik masalasi bor ekanligiga to‘xtaldi. Shuningdek, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga ko‘mak masalasi har doim paysalga solib kelishini bildirdi.

«Qishloqda yer ko‘p, deyishadi-yu, ammo, so‘rab borsang, turli bahonalarni vaj qilishadi. Qishloqda ishsizlik yo‘q, deyishgan paytlari ham ko‘p bo‘lgan. Har ikki xonadonning birida ishsiz tiqilib yotibdi. Bir oiladan 2-3 kishilab ishlamaydiganlar topiladi. Tirikchiligini hamma o‘rni kelganda, mardikorlikchilik bilan kun ko‘rishyapti. Ya’ni, birovlarning tomorqasini chopib berish, arpayu o‘tini o‘rib, o‘tinini yorib berish va hokazo ishlarni qilib yurishibdi»,– dedi yana bir fuqaro.

«O‘zbakon»dan ta’mirga muhtoj yo‘llar oralab, qator nosoz osma ko‘priklar ahvolini nazardan qochirmay qaytar ekanmiz, ortda qolayotgan va yirik suv yo‘li atrofida bolalari taqdiridan yurak hovuchlab yashayotgan aholi dardini his qildik.

Tuman hokimi Farhod Baqoyev ikki yilcha ilgari odamlar va avtomobil qatnovi uchun katta ko‘prik qurilgani, «Bodomcha» ta’mirga muhtoj ushbu osma ko‘prikni ham faqat aholi qatnoviga moslashtirgan holda ta’mirlash va sozlash ishlari boshlab yuborilishini ma’lum qildi.

Mavzuga qaytamiz.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring