Bolalar endi bizga o‘xshab paxta termaydi
«Eshmatov, sen 38 so‘m 15 tiyin ishlading, Toshmatov sen 18 so‘m...»
O‘qituvchi bir-bir familiyamizni aytib qancha haq olishimiz kerakligini aytadi. Bizga uch oylik sog‘inchu firoqlarimiz, uch oylik azobu uqubatlarimiz uchun beriladigan arzimagan chaqa muhim emas edi. Aslida o‘sha paytlari bizga to‘langan haq arziydigan yoki arzimaydigan pul ekanligining ham farqiga bormaganmiz. Biz, va nihoyat, uch oylik tanaffusdan so‘ng maktabga qaytganimizdan xursand edik. Yo‘q, yozgi ta’tildagi uch oy emas, bu paxta terimi davridagi uch oylik uzilish edi.
Har doim kuzning mana shunday bir qadar yomg‘irli va izg‘irin kunlarida maktab davrim esga tushadi. Mana shu paytlari paxta dalalarida yurganlarimizni o‘ylayman. Hozir eslasam bolalik, o‘smirlik xotiralaridek tuyuladi. Ammo o‘sha lahzalarni his qiladigan bo‘lsam, har kuni kir etaklarni va loy etik, kalishlarni sudrab paxta dalalarida paxta izlab kezganlarimiz, kun sanaganlarimiz azob bo‘lgan ekan. O‘shanda kamida uch oyga ketardik, undan tashqari, yoz oylarida chopiqqa, uzumga, keyin esa paxta terimiga. Podbor (paxtaning eng oxirgi chiqindidan iborat mavsumi)dan yasagan oq emas, jigarrang xirmonlarimiz tog‘ qadar bo‘lsa bo‘lardiki, uyga ketishimiz tezlashmasdi. Uyni shu qadar sog‘inganimizdan uyga borsak qanday shirinliklar pishirishni, qaysi ovqatlarni sog‘inganimizni hangoma qilardik. U kunlar ertakka o‘xshaydi. Bu nafaqat maktab o‘quvchilari, hatto talabalar uchun ham joriy qilingan qonun edi, yaqin-yaqingacha.
Nihoyat 2017-yildan O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga butkul barham berildi. Buni xalqaro ekspertlar ham tasdiqlashdi, ma’lumot o‘rnida «Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilingani rasman e’lon qilindi. Necha yildan beri amal qilgan boykot mamlakatimizda 2021-yilgi paxta terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmagani munosabati bilan bekor qilindi.
Paxtaga o‘quvchilar, talabalar yoki boshqa korxonayu tashkilotlari xodimlari majbur chiqarilmasa-da rejalar bajarilar ekan-ku.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda sentyabr oyining boshlaridan butun mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich paxta terimi boshlandi. Bu yilgi mavsum uchun respublikamiz viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 21 379 ta terim otryadlari shakllantirilib, ularga 1 959 702 nafar terimchilar biriktirilgan.
Bu degani 1 ta otryadda o‘rtacha 90-100 nafar terimchi to‘g‘ri kelganini anglatadi. Terimchilar kimlar edi? Ular paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari ishchilari, mahalliy aholi va mavsumiy ishchilar, boshqa hududlardan jalb qilingan terimchilar edi. Ular orasida bolalar yo‘q, 18 yoshdan oshgan, muqim ish bilan band bo‘lmagan, vaqtincha ishsiz jismoniy shaxslar belgilangan haq evaziga ishlashdi. Bo‘larkanku, yo‘l-yo‘rig‘ini topsa, ko‘ngildagidek haq berib odamlarni o‘z xohishi bilan ishlashga jalb qilsa. Bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzulardan biri bo‘lgan majburiy mehnatning oldini olishga qanday erishildi? Avvalo, mazkur yo‘nalishda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, ushbu tashkilotning jami 14 ta, shundan 8 ta asosiy konvensiyasi, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.
Birgina Xalqaro mehnat tashkilotining «Majburiy mehnat to‘g‘risida»gi 29-sonli Konvensiyasining 2014-yilda tasdiqlangan qo‘shimcha Bayonnomasining 2-moddasida a’zo davlatlar tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan 2 ta eng muhim chora-tadbir belgilangan, ya’ni zaif hamda himoyaga muhtoj aholi qismini majburiy mehnat qurbonlariga aylanishini oldini olish maqsadida tushunchalar berish, ish beruvchilarni majburiy mehnat ishtirokchilari bo‘lmasligini oldini olish. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaslikka erishishimizga javobgarlik normalarining qat’iyligi ham muhim rol o‘ynadi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasiga asosan, majburiy mehnat, ya’ni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi. Voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 491-moddasi bilan ma’muriy hamda Jinoyat kodeksining 1481-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi bilan Ma’muriy hamda Jinoyat kodeksining 1482-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi...
Ha shunaqa qonuniy hujjatlar orqali erishildi bu g‘alabaga.
Majburiy mehnatga barham berilgani oqibatida esa yer o‘z egalariga qaytarildi. Endi avvalgidek mehnatni dehqonu, bolalar qilib huzurini boshqalar ko‘ra olmaydi. Yerning egasi jon jahdi bilan ishlab huzuriniyam o‘zi ko‘radi va shu bilan birga ehtiyojmand aholini mavsumiy ish bilan ta’minlaydi, mehnatiga yarasha haq to‘lay oladi. Bu qo‘shimcha daromad degani, muhimi hech kim tazyiq ostida majburan ishlatilmaydi. Ishlagan ham ishlatgan ham rag‘bat va huzur oladi mehnatining orqasidan...
Nimagadir mana shunday kuzning izg‘irinli, bir oz quyoshli, yomg‘irli kunlarida paxta dalalari yodimga tushadi. Garchi chanoqlarda paxta qolmasa-da qo‘llarimiz tilinib, ko‘sak archiganlarimiz, shudring ingan ho‘l paxtalarni sovqatgan barmoqlarimizni «kuh-kuh»lagancha sitib olganlarimiz yodimga tushadi. Qulog‘imga o‘qituvchimning ovozi chalinadi:
«Sen paxta terimida yaxshi qatnasholmaganing, ko‘p kasal bo‘lib paxtani yaxshi terolmaganing uchun 13 so‘m qarzsan».
Qiziq bizning paxta dalalarida o‘tgan o‘quvchilik davrlarimiz, bolaligi paxta dalalarida o‘tgan ajdodlarimiz uchun o‘sha davr, sanoqsiz kuzlarning qancha qarzi qoldi ekan-a?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter