Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dengiz tubiga cho‘kkan xazina

Dengiz tubiga cho‘kkan xazina

Xazinalar cho‘kib ketishiga doir eng shov-shuvli voqea ispanlarning «kumush floti» halokati bilan bog‘liq. Bu tarix 1714 yili boshlandi. O‘shanda ispan merosi uchun uzoq yillik urush endigina tugagan edi. O‘zaro sulh shartnomasiga ko‘ra, fransuz qiroli Lyudovik XIV ning nevarasi Filipp V Ispaniya qiroli deb tan olindi. Biroq yangi monarxga juda qiyin: mamlakat iqtisodiyoti abgor ahvolda edi. Butun boshli harbiy davr mobaynida Ispaniyani qarzdan xalos etish uchun Yangi Dunyodan xazinalar yetkazib berish mashaqqatli yumush hisoblanardi. Vaziyat tobora og‘irlashardi...

Oltin, kumush va qimmatbaho toshlar

1714 yili Filipp V uylanishga qaror qildi. Uning tanlagani gersoginya Yelizaveta Farneze edi. Biroq qirollik to‘yi uchun uncha-muncha mablag‘ talab qilinmas, bo‘shab qolgan g‘aznada hech vaqo yo‘q edi. Bunday sharoitda Amerikadan qimmatbaho yukni keltirish osmondagi orzu hisoblanardi.

1715 yil oddiy boshlandi. Sevilya va Kadisdan Yangi Dunyo qirg‘og‘i tomon ikkita alohida flot – «Oltin» g‘azna floti va «Kumush» – Yangi Ispaniya floti yo‘lga tushdi. «Oltin»ga admiral don Antonio-Echeverriya-Subisa qo‘mondonlik qilardi. U galeonlar Peru va Kolumbiya konlaridan oltin ham zumrad olishi kerak bo‘lgan Kartaxen sari suzardi. Admiral don Xuan Esteban Ubile qo‘mondonlik qilayotgan «Kumush» flot esa bu vaqtda Meksikaning Verakrus bandargohi tomon oshiqardi. U Meksika shaxtalaridan kumush va oltin quymalari va Filippindan Akapulkoga keltirilgan qimmatbaho Sharq mollari hamda ipak, fil suyagi, chinni yuklashi kerak edi. Xazinalar ortib bo‘lingach, har ikkala flot Gavanada uchrashib, bir saf bo‘lgan holda orqaga – Ispaniya sohillari qaytishi rejalashtirilgandi.

«Oltin galeonlar» birikmasi Gavanaga birinchi bo‘lib keldi. Bu paytda Akapulkodan xachirlar karvoni orqali yuklar yetkazilishini kutgan «Kumush flot» Verakrusda ushlanib qoldi. Nihoyat may oyining birinchi haftasida Ubile kemalari Gavanadagi bandargohga kirish joyida paydo bo‘ldi. Savdogarlar ispan kemalari qo‘mondonlarini qurshab oldilar. Ular har qanday imkoniyatni ishga solib (hatto pora berib) bo‘lsa-da, uzoq kutilgan eskadraning kelganidan foydalanish va mollarini kemalarga ortishga harakat qilishdi. Gavana gubernatori ham bir chekkada qolmadi: u shaxsiy molini yetkazishni admiral Ubile eskadrasi tarkibiga kirgan fransuz «Grifon» harbiy kemasi kapitani Antuan Daruga topshirdi.

Dengizdagi birlashgan flotga chiqish so‘nggi daqiqalarda Filipp V buyrug‘i bilan bekor qilindi: Gavanaga gersoginya uchun sovg‘a-salomga mo‘ljallangan qimmatbaho ziynat buyumlari yetkazilishi kerak edi. Nihoyat admiral Ubile kemalariga oltin, kumush va qimmatbaho toshlardan iborat sakkizta sandiq ortildi. 24 iyulda flot Gavanadan yo‘lga tushib, mayin shabada hamrohligida sokin dengiz bo‘ylab Ispaniya sohillari tomon suza boshladi.

29 iyul kuni choshgohda ispan kemalari dengizdagi shamolsiz vaqt doirasiga kirib qoldi. Qilt etgan shabada yo‘q, hatto dengiz qushlari ham qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Bu dahshatli sukunat dengizchilarga mujdadan xabar qilmayotgandi. Balo degani ertasiga boshlandi...

O‘sha kuni ko‘pchilikka xuddi quyosh chiqmagandek tuyuldi. Dengizda zimistonlik hukmronlik qilar, qalin qora bulutlar ufqni to‘sib qo‘ygan edi. Choshgohga kelib barchaga yelkanlar, langar va boshqalar yordamida bir joydan qo‘zg‘almay turish buyurildi. Ko‘rish darajasi shu qadar yomonlashdiki, yem-xashakni yoqishga to‘g‘ri keldi. Kuchli shamol turdi va kechga borib uning tezligi kemaning yuz tezlik o‘lchoviga yetdi. Quturgan shamolning guvillagan ovozi vahima uyg‘otardi. Ayrim kemalardagi qo‘rqib ketgan odamlar qutqaruv qayiqlarini tushirishga tayyor edilar...

Oyoqlarga bog‘langan tosh

Bu vaqtda qaroqchilar va inglizlardan zarracha qo‘rqmay qat’iy ishonch bilan odimlayotgan kapitan Antuan Dar o‘zining kemasida flotning boshqa kemalaridan ajralgan holda sharqqa tomon yo‘nalardi. Florida sohillarida esa kuchli po‘rtana junbishga kelgan. 31 iyul tongida admiral Ubile eskadrasidan faqat «Grifon» kemasi omon qolgan edi...

O‘sha tunda o‘n bitta kema cho‘kkan. 2500 nafar dengizchidan salkam yarmi halok bo‘lgani aniqlandi. Kemalar bo‘laklari va jasadlar Floridaning sharqiy qirg‘og‘i bo‘ylab 30 mil masofada sochilib yotardi. Qutqaruv qayiqlari orqali omon qolgan ispan dengizchilaridan ikki nafari 120 mil masofani bosib o‘tib, falokat joyidan ajratib turuvchi yaqin aholi maskani bo‘lgan Fort-Avgustinga yetib olishdi. Shu ondayoq flotning boshqa dengizchilarini izlash uchun maxsus kemalar jo‘natildi. Bir vaqtning o‘zida, ispanlar tinchib qolgan dengiz qa’riga cho‘kkan xazinaning bir qismini qidirishni boshlab yuborishgandi.

Javohirotni izlash keyingi oylarda ham davom etdi. Mahalliy hindularni sohil bo‘yiga haydab kelgan ispanlar ularning oyog‘iga tosh bog‘lab, suv tubida yotgan kema qobirg‘asiga qadar sho‘ng‘ishga majbur qilishdi. Biroq dengiz qa’rida akulalar va suv sathida qaroqchilar, qurquqlikda esa hindularning doimiy qilgan hujumlari tufayli xazinani qaytarish umidi puchga chiqdi. Oradan to‘rt yil o‘tib, qidirish ishlari to‘xtatildi. Sa’y-harakatlar behuda bo‘lmagandi, albatta: Sevilyadagi Hindiston bosh arxividagi hujjatlarga ko‘ra, qimmatho yukning 30 foizga yaqin qismi chiqarib olingan...

1963 yili sobiq quruvchi va kelgusida mashhur Mel Fisherning do‘sti va hamkori bo‘lgan Kip Vagner Florida qirg‘oqlarida ispan kumush tangasini topib oldi. Omadga uncha ishonmagan, yagona tanga orqali nimanidir qo‘lga kiritishga uringan Vagner «Bosh arxiv»ga so‘rovnoma yubordi. Uni hayron qoldirib, Sevilyadan bir talay hujjatlar nusxasi va eski xarita qo‘liga tegdi. Mazkur manbalar orqali Florida sohilida tanga tasodifan topilmagani ayon bo‘ldi. 1715 yili admiral Ubilening «kumush floti»ga tegishli o‘n bitta kemadan o‘ntasi kuchli bo‘ron paytida aynan shu hududda cho‘kib ketgan edi. 1719 yildan keyin boshqa hech kim suv qa’rida yotgan xazinani chiqarib olishga urinib ko‘rmagan.

Kip Vagner xazina qidiruvchilar guruhini jamladi, kerakli asbob-anjomlar uchun pul topdi va Florida sohiliga qarab yo‘l oldi. Suv qa’ri va qirg‘oq bo‘yidagi qumloqdan oltmish mingga yaqin kumush va tilla tangalarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldilar. Shuningdek, halok bo‘lgan admiral Ubilega tegishli tilla zanjiri bilan birga ajdaho ko‘rinishidagi oltin hushtak, 40 dan 105 funt vazngacha bo‘lgan 42 ta oltin, kumush va platinali lappak, qimmatbaho kumush idish-tovoqlarning bir qismi, maxsus metallardan yasalgan ko‘krak xochlari va boshqa jihozlar topildi.

Dengiz tubidan olingan ziynat buyumlarining jami bahosi bir million dollarga yaqin qiymatni tashkil etdi. Ammo bu «1715 yil floti» xazinasining kichik qismi edi, xolos.

                                                        Qora Sem va «Viddax» xazinasi                   

Qora Sem laqabi bilan mashhur bo‘lgan qaroqchining yoshlik yillari haqida ma’lumotlar kam. Uning asl ism-familiyasi Semyuel Bellami edi. U 1689 yili Devonshirda (janubi-g‘arbiy Angliyada) tug‘ilgan, bolaligida ham, o‘smirlik chog‘larida ham nojo‘ya xatti-harakatga qo‘l urmagan. 1715 yili esa Semyuel kutilmaganda xotini va bolasini Angliyada qoldirib, Keyp-Kod (Massachusets)ga yo‘l oldi. U yerda 15 yoshli Mariya Xelletni uchratdi va bu qizga uylanishga qaror qildi...

Ayni shu paytda Floridaning sharqiy qirqog‘i bo‘yida ispan galeonlarining ulkan xazinasi cho‘kib ketgani bilan bog‘liq ovozalar Massachusetsga qadar yetib keldi. Bellami ispan oltinlarini qidirib topish uchun Floridaga borish kerakligiga do‘sti Pelgrov Uilyamsni ishontira oldi. Yo‘lga chiqar ekan, Mariyaga bo‘g‘zigacha oltin va kumushga to‘ldirilgan kemada qaytishiga va’da berdi. Ana o‘shanda turmush quradilar!

Biroq ispanlarning «1715 yil floti» xazinasini qidirib topish oson emasdi. Qaroqchilik bilan shug‘ullanish ancha durust ko‘rindi. Mariyaning huzuriga quruq qo‘l bilan qaytishni istamagan Bellami do‘sti Uilyams bilan birga 1716 yili Benjamin Xornigold to‘dasiga qo‘shildi. Ammo Xornigold ingliz kemalarini talashni xohlamadi, natijada unga qarshi g‘alayon ko‘tarib, Semyuel Bellamini yangi sardor qilib tanladilar.

Shundan so‘ng bir yarim yil mobaynida Bellami katta shon-shuhrat qozonishga erishdi. Qora Sem yo‘lboshchi bo‘lgan qaroqchilar ellikdan ziyod kema, jumladan, ko‘p eshkakli uch machtadan iborat «Viddax»ga hujum uyushtirib, talon-taroj qilishga erishdilar. Mazkur kema Afrikadan Karib dengiziga qora tutqunlarni olib kelayotgan qulfurushlarga tegishli edi. «Viddax» Bellamining eskadra qo‘mondonligi kemasiga aylandi.

Boshqa qaroqchilardan farqli o‘laroq, o‘zining qurbonlariga olijanoblik ko‘rsatishi bilan ajralib turuvchi Qora Sem yana bir laqab — Qaroqchilar shahzodasi nomini ham orttirdi. Zamondoshlari uni uzun qora sochlariga qora tasma taqqan olifta erkak sifatida yozib qoldirishgan. Qora Sem baxmal chakmoni ortidagi kamarida to‘rtta to‘pponcha olib yurardi.

Tirik qolgan ikkovlon

1717 yilning aprel oyida Qora Sem o‘zini ancha badavlat hisobladi va beshta kemadan iborat xususiy floti bilan Keyp-Kodga qaytish vaqti kelgan deb o‘yladi. Shimolga ketish yo‘lida Uilyamsning kemasi ajralib qoldi — bu qaroqchi Blek-Aylendda yashovchi onasi va opalarini ko‘rishga oshiqardi. Keyp-Kodga naqadar dabdaba bilan kirib borishi va Mariya Xellet ko‘zlari quvnab kutib olishini tasavvur qilgan Bellami esa yo‘lida davom etdi.

26 aprelda ayni Keyp-Kodga yaqinlashgan Qora Semning eskadrasi shiddatli bo‘ronga duch keldi. Quturgan to‘fon «Viddax»ni oldin cho‘kib ketgan joyidan qirg‘oqqacha taxminan yuz metr masofa naridagi sayozlikka keltirib tashladi. Kemadagilarning deyarli barchasi halok bo‘ldi: 146 nafardan faqat ikkitasi sohilgacha yetib oldi. Qora Sem o‘zining eng yaxshi kemasi taqdirini o‘zi hal qilgan edi...

Oradan uch yuz yil o‘tgach, «Viddax»ni izlash uchun borgan ekspeditsiya tarixi Qora Sem o‘tmishi kabi romantikaga boy bo‘lmadi. Uning tashkilotchisi va rahbari Barri Klifford mazkur kemaning xazinasiga ega bo‘lishni bolaligidan orzu qilardi. Keyp-Kod yaqinidagi dengizda cho‘kib ketgan qaroqchilar kemasi haqida Barriga Bill amakisi so‘zlab bergan edi. U xazinani ulkan irodaga ega va o‘zining omadiga ishongan odam xazinani qidirib topishi mumkinligi haqida aytgandi. Barri Klifford cho‘kib ketgan kemani izlashga darhol kirishmadi. U dastlab sug‘urta biznesi shug‘ullandi va faqat bir necha yil o‘tgach, o‘z ekspeditsiyasi uchun moliyaviy manba qidirishga tushdi.

1982 yili Klifford homiy topdi, yordamchilarni yig‘di va xazinani izlashga kirishdi. 1984 yili g‘avvoslardan biri, nihoyat, suv tubidan zambarak va 1684 yil sanasi yozilgan qorayib ketgan tangani topdi. Oradan bir yil o‘tgach, ekspeditsiya dengizdan «Whyday Catty 1716» deb qayd etilgan kema qo‘ng‘irog‘ini chiqarib olgach, barcha shubhalar yo‘qoldi. O‘sha yili cho‘kib ketgan ketgan kemaning talay boshqa anjomlari: tangalar, zambaraklar, turli asboblar ham topildi. Biroq Klifford jamoasi kemaning o‘zini sira topa olmadi.

1997 yilgacha ahvol shu tarzda davom etdi. Iyul oyi o‘rtalariga kelib, qirg‘oqdan chorak mil naridagi sakkiz metr suv ostida g‘avvoslar yog‘och to‘sinni qo‘lga kiritdilar. Uni qumdan tozalagach, eski kema qobig‘ini ko‘rdilar. Bu esa xazinaga mutlaqo yaqin qolganlikdan darak berardi.

Agar «Viddax» yuklari, asosan, oltin va kumushdan iborat bo‘lgani hisobga olinsa (afsonalarga ko‘ra, kemaga 5 tonna oltin va kumush ortilgan), mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, qaroqchi xazinasini yuz million dollarga baholash mumkin. Klifford ikki mingdan ziyod oltin va kumush tangalar, zambaraklar, qurol-yarog‘ anjomlari, to‘pponchalar, pilta miltiq, kumush va qalay idishlardan iborat ulkan kolleksiyani to‘plashga muvaffaq bo‘ldi...

1998 yili Klifford XVII asrda Venesuela sohillarida halokatga uchragan fransuz eskadrasini izlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. Biroq shundan so‘ng u yana «Viddax» xazinalarini qidirish ishiga qaytdi. Hozirgi kunda bu topilma dunyo miqyosida yagona bo‘lgan haqiqiy qaroqchi kemasidir. Qora Semning so‘nggi suzishiga oid sirlar esa to‘liq ochilgani yo‘q.

A.Fathullayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring