Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Германияда Назарбоевлар оиласининг ҳашаматли саройлари топилди

Германияда Назарбоевлар оиласининг ҳашаматли саройлари топилди

Byulerxyoye qasr-mehmonxonasi — milliy ahamiyatga ega yodgorlik.

Foto: DW

Nursulton Nazarboyevning qizi va kuyovi, shuningdek, ular bilan bog‘liq kompaniyalar Germaniyada yuz million yevrodan qimmatroq ko‘chmas mulkka ega. Yashirilgan hashamat DW surishtiruvlarida yuzini ko‘rsatdi.

Freskalar (devorlarga chizilgan rasmlar), jimjimador qandillar, qimmatbaho yog‘och navlaridan yasalgan shiftlar, mohir naqqoshlik ishlari — Baden-Badendagi Zeelax saroyining hashamati lol qoldiradi. Shunchalikki, bu joyga qadam ranjida qilganlar (ular sanoqli) bir ovozdan: «Sobiq Ittifoq mamlakatlaridan chiqqan multimillionerlarning hali hech qaysisi bunchalikka bormagan», degulik darajada.

Mixail Xreptovichning yozgi qarorgohi — rekonstruksiyadan avval.

XIX asrda Zeelax mashhur rus diplomati, maxfiy maslahatchi Mixail Xreptovichning yozgi qarorgohi edi. Ammo hozir bu yerda zodagonlarning tushiga ham kirmagan narsalar bor. Qozog‘istonning yangi egalari tarixiy villani qayta qurib, hududda favvorali landshaft bog‘i va uning ostida chamasi ming kvadrat metrlik hashamatli SPA zonasini qurganlar. 25 metrlik hovuzning shisha gumbazi hatto koinotda ham ko‘rinadi.

Yo‘ldoshdan olingan surat: Zeelaxdagi Nazarboyevlarning eng katta mulki — landshaft, favvoralar, SPA zona, hovuz va h.k.  

To‘rtta obyekt, 100 million yevro

Elita mulkini qayta ta’mirlash deyarli o‘n yil davom etdi va ikki yil oldin yakunlandi. Naq 60 million yevro sarflandi! Germaniya kompaniyalari reyestridagi hujjatlarga ko‘ra, Zeelaxga egalik qiluvchi «Schloss Seelach Invest» kompaniyasining ustav kapitali mulkni rekonstruksiya qilish yillarida bosqichma-bosqich oshirib borilgan. «Ular pulni ayamadilar», dedi rekonstruksiyada qatnashganlardan biri. Quruvchilar bosgan har qadami haqida Qozog‘istonga fotosurat-hisobotlar jo‘natib turishdi, deydi yana bir suhbatdosh. «Bir safar mijozga freskalar yoqmadi, qayta qilishni buyurishdi, holbuki oldingi ish uchun rassomga 150 000 yevro to‘langan edi», — dedi u hayratini yashirolmay.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Nazarboyevlar oilasi Zeelaxdan tashqari, mintaqada yana uchta mulkka, jumladan, ikkita tarixiy obida (taniqli me’mor Gustav Shtro XX asr boshlarida Baden-Badenda tarixiylik uslubida qurgan villa hamda «Schlosshotel Bühlerhöhe» mehmonxonasi)ga egalik qiladilar. Umuman olganda, villa va mehmonxonalarga 100 million yevrodan ortiq sarmoya kiritilgan.

Xuddi shu oilaga tegishli villalar

«Bularning barchasi bir oila a’zolariga tegishli. Siz kimni nazarda tutayotganimni bilsangiz kerak, xuddi o‘sha oila», — dedi bir paytlar Baden-Badendagi qozog‘istonlik sarmoyadorlar tuzilmalarida ishlagan kishi. «Hammasi prezident miqyosida amalga oshirilgan», — dedi u nomi ochiqlanmasligini so‘rab.

Zeelaxga egalik qiluvchi «Schloss Seelach Invest» GmbH ning muassisi — Qozog‘istonning «Verus Praedium International» kompaniyasi bo‘lib, o‘z navbatida, bu kompaniyaning o‘zi Olmaotadagi «Kipros» kompaniyasiga tegishli. Mulk kimniki ekanligi to‘g‘risida savolga ortiq o‘rin yo‘q, Germaniyada bir necha yil oldin pul yuvishga qarshi kurashish uchun yaratilgan Shaffoflik reyestri (Transparenzregister) masalaga uzil-kesil nuqta qo‘ydi.

Reyestrdagi yozishmalar «Schloss Seelach Invest» GmbH benefitsiari, ya’ni egasi Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovi — o‘rtancha qizi Dinaraning eri Timur Kulibayev ekanini tasdiqlamoqda.

Adenauer, Kuchma, Nazarboyevning bolalari

Transparenzregister ma’lumotlariga ko‘ra, Dinara va Timur Kulibayevlar Qozog‘istonning «Mercury Properties» kompaniyasi orqali Germaniyadagi «Bühlerhöhe Castle Invest» GmbH ning so‘nggi benefitsiarlari hisoblanadi. Ushbu nemis kompaniyasi bevosita Baden-Baden yaqinidagi Byule shahridagi ikkita mehmonxonaning egasi. Ulardan biri, Byulerxyoye qasr-mehmonxonasi — milliy ahamiyatga ega yodgorlik.

Germaniyaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi birinchi kansleri Konrad Adenauer arxitekturasi va milliy bog‘ yaqinidagi joylashuvi bilan noyob ushbu mehmonxonada dam olishni yaxshi ko‘rgan. 20 yil oldin Ukrainaning sobiq prezidenti Leonid Kuchmaga ham bu yer yoqib qoldi, 2010-yilda uning sobiq biznes menejeri Igor Bakay mehmonxonani offshor kompaniyalar orqali sotib olgan.

2013-yilda Bakay inqirozga uchradi, tarixiy mehmonxona endi qozog‘istonlik tadbirkor, qator neft kompaniyalari egasi hamda  Dinara va Timur Kulibayevlarning tijorat va ko‘chmas mulk sohasidagi biznes hamkori Yakov Sxay qo‘liga o‘tdi.

Sirli neftchi aktivlarini «oila»ga o‘tkazdi

Sxay juda sirli shaxs, ochiq manbalarda hatto fotosuratini topish ilojsiz. Germaniya kompaniyalari reyestridagi hujjatlarga ko‘ra, tadbirkor o‘zining «Dostar-Invest» xoldingi va «Dostar Oyl Servis» neft kompaniyasi orqali Baden-Baden va uning atrofidagi «Qozoq» ko‘chmas mulk imperiyasiga yillar davomida 100 million yevrodan ortiq sarmoya kiritgan.

Germaniya kompaniyalari reyestridan ko‘chirmalarga ko‘ra, 2020-yilda Zeelax mulkini rekonstruksiya qilish va tartibga solish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar yakunlangach, tadbirkor ushbu obyektni Timur Quliboyevning «Verus Praedium International» kompaniyasiga topshirgan.

Bir yil avval Sxay sobiq prezident Nazarboyevning kuyovi va qiziga tarixiy Byulerxyoye mehmonxonasini topshirib, «Bühlerhöhe Castle Invest» GmbH ustav kapitalining 90 foizini Kulibayev nazoratidagi «Mercury Properties»ga o‘tkazib berib, atigi 10 foizini o‘zida saqlab qolgani Germaniya reyestridagi hujjatlarda ko‘rsatilgan.

Neft dollarlari ortidan kelgan nemis villalari

Qozog‘istondagi taniqli siyosiy kuzatuvchi Sanjar Bokayev, Yakov Sxayning biznesdagi va nemis ko‘chmas mulk bitimlaridagi nominal rolini inkor etmagan holda, yirik biznesmenlarning sobiq prezident oilasi bilan munosabatlaridagi yuqori korrupsiya xavfi haqida gapirgan.

«Nazarboyev oila a’zolari va unga yaqin boshqa shaxslar neft va gaz qazib olish, shuningdek, rudalar va metall ishlab chiqarish bilan bog‘liq hamma narsani xususiylashtirishgan. Qozog‘istonda Timur Kulibayevning roziligisiz biron bir neft bozori segmentiga kirib bo‘lmasligini hamma biladi», — dedi Bokayev

Nursulton Nazarboyevning kuyovi — Timur Kulibayev

Timur Kulibayev «Kazenergy» sanoat assotsiatsiyasining raisi bo‘lib, yanvar oyining o‘rtalariga qadar ko‘p yillar davomida «Atameken» Milliy tadbirkorlar palatasini boshqargan, biznesga ham, hukumatning iqtisodiy siyosatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsata oladigan qonuniy vakolatlarga ega bo‘lgan. Dinara va Timur Kulibayevlar Qozog‘istondagi eng boy juftlik sanaladi. «Forbes»  Nursulton Nazarboyevning qizi va kuyovining boyligini qariyb olti milliard dollarga baholadi. So‘nggi o‘n yil orasida ularning boyligi ikki hissaga ko‘paydi, holbuki, ular Qozog‘iston mustaqilligining ilk yillaridan, Nazarboyev mamlakat boshqaruvini qo‘lga olganidan boyishni boshlagan.

Qozog‘istondagi yanvar voqealaridan so‘ng Nazarboyev Milliy xavfsizlik kengashi raisligidan, uning kuyovi esa nufuzli «Atameken» palatasi rahbari lavozimidan iste’foga chiqdi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev norozilik namoyishlari avj olgan bir paytda oligarxlar tuzumiga barham berishga va’da berdi.

Qora kunga saqlangan pullar

«Mercury Properties» kompaniyasi Germaniyadagi aktivlarni sotib olish maqsadi va Germaniyada ko‘chmas mulkdan foydalanishning keyingi rejalari haqidagi savolga javob bermagan.

«Ular, aftidan, bularni qora kunga atab asrab qo‘yishgan», — dedi Kulibayevlar oilasining ikkita mehmonxonasi joylashgan Byule shahrining burgomistri Hubert Shnurr.

Shahar hokimi millionlab sarmoya kiritilgan villalardan farqli o‘laroq, mehmonxonalarni zamonaviylashtirishga bir chaqa ham ajratilmaganidan taajjubda. Kompaniyalar reyestridan ko‘rinib turibdiki, bu mehmonxonalarni 20 million yevrodan qimmatga sotib olishgan, endi esa ular foydalanilmasdan, qarovsiz yotibdi. So‘nggi yillarda ularda tunagan «mehmonlar» qozog‘istonliklarning villalarida ishlashga kelgan yuzga yaqin litvalik quruvchilar edi.

«Bu mehmonxonalarni sotib olish bo‘yicha menga germaniyalik investorlardan takliflar muntazam kelyapti, qozoqlar esa xatlarimga javob berishmayapti», — nolidi burgomistr.

Germaniyada hashamatli molk-mulklari bo‘la turib, Nursulton Nazarboyevning oila a’zolaridan hech biri hali u yerga qadam bosmagan ekan. Siyosatshunos Do‘sim Satpayev buni shunday izohladi: «Sobiq prezidentning oila a’zolari uchun hashamatli mulklar — misoli hukumat almashganida g‘arb banklarida saqlanuvchi oltin yombilari, aksiyalar va pullar kabi favqulodda kerak bo‘ladigan «zaxira aerodromi».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring