Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Globallashuv va taraqqiyot mayda xalqlarni yutib yubormoqda (foto)

Globallashuv va taraqqiyot mayda xalqlarni yutib yubormoqda (foto)

Illyustrativ foto

Yer yuzida aholi tezlik bilan ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda sayyoramizda yashayotgan aholi soni 8 milliarddan oshib ketdi. Aholi soni oshib boryapti, shu bilan birga, butunlay yo‘qolib ketish arafasida turgan xalqlar ham borligidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Gap son jihatidan kamayib borayotgan qabila va elatlar haqida bormoqda. Ular globalizatsiya va assimilyasiyaning qurboniga aylanmoqda. Shu tariqa yo‘qolib borayotgan xalqlar bilan birga, ularning madaniyati va turmush tarzi ham yo‘qlikka ravona bo‘lmoqda.

Tezlik va nanotexnologiyalar asrida sivilizatsiyadan panada bo‘lgan xalqlar ham mavjudki, ularning ayrimlarining taqdiri xavf ostida qolmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yer yuzida 370 millionga yaqin tub xalq vakillari istiqomat qiladi. Bu yer yuzi aholisining 5 foizi demakdir. Sayyoramizda 6 mingta xalq bo‘lib, tadqiqotlarga ko‘ra, xalqlarning soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Sivilizatsiya kamsonli xalqlarni yer yuzidan supurib tashlamoqda, go‘yoki. Ular bilan birga tillar, madaniyatlar yo‘qolib bormoqda. Insoniyat takrorlanmas madaniyatdan asta-sekin judo bo‘lmoqda. Agar tabiatda qandaydir hayvon yoki o‘simlik yo‘qolib ketish arafasida turgan bo‘lsa, bu haqda bong uriladi. Butun boshli xalqlar yo‘qolib borar ekan, bunga oddiy, shu bilan birga tabiiy hodisa sifatida qarab bo‘lmaydi. Sayyoramiz xalqlari orasida xilma-xillik bo‘lmas ekan, bu insoniyat evolyusiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi turgan gap.

Madaniyatlar xilma-xilligining kamayib borishini fojia sifatida qabul qilish kerak. Madaniyatlar tirik organizmga o‘xshaydi. Ulardan biri olib tashlansa tanamiz kemtik bo‘lib qoladi.

Suratkash Jimmi Nelson (Jimmy Nelson) qo‘lidagi fotoapparat bilan dunyo bo‘ylab sayyohat qiladi, ko‘p mamlakatlarda bo‘lgan. U mayda xalqlar orasida bo‘lib, ularning turmush tarzini siviliziya vakillariga yetkazishga intiladi. Nelson «Hozircha ular yo‘q bo‘lib ketmadi» (Before they pass away) deb nomlangan loiyhaga qo‘l urgan. Loyiha tashqi dunyodan butunlay ajralib qolgan xalqlar turmush tarzi, hayoti, urf-odatlari haqida atroflicha ma’lumot beradi.

Jurnallardan biriga bergan intervyusida Jimmi Nelson uch yil mobaynida 44 ta mamlakat hududlarida istiqomat qilayotgan 29 ta qabila vakillari orasida bo‘lganini aytgan edi. Uning loyihasi sayyoramiz aholisining noyob qirralarini ochib berishga imkon beradi.

Lobalar (Tibet, Nepal).
Foto: Dzen

Yo‘qolib borish xavfi ostida turgan xalqlarning urf-odat va analarini asrab qolish maqsadida, Braziliyada bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Masalan, tub xalq vakillarining birinchi xalqaro sport musobaqalari o‘tkazildi. Musobaqalarda 2200 nafar sportchi ishtirok etdi. Braziliyadagi tub aholi vakillaridan tashqari, 20 mamlakat, jumladan, AQSh, Kanada, Meksika, Yangi Zelandiya, Rossiya, Mo‘g‘uliston, Paragvay, Gvatemaladan vakillar keldi.  Shu tariqa tub xalq vakillarining madaniyati va ananalari  keng targ‘ib qilindi.

Yo‘qolib ketish arafasida turgan ayrim xalqlar haqida qisqacha ma’lumot:

Samburu. Keniya hududida istiqomat qiladi. Soni — 160 ming kishidan oshmaydi.

Samburular.
Foto: Dzen

Xuli. Indonezii va Papua-Yangi Gvineyada yashaydi. Soni — 150 mingga yaqin.

Bushmenlar. Angola, Botsvana, Zambiya, Zimbabve, Namibiya, Janubiy Afrika Respublikasi hududlarida istiqomat qiladi. Soni — 100 ming atrofida.

Bushmenlar kulbasi.
Foto: Dzen

Ladakhi. Hindistonda yashovchi bu xalq soni 57 ming kishidan iborat.

Ladakhi xalqiga mansub ayol.
Foto: Michael Hardy

Vaorani. Ekvador sharqida yashaydigan bu xalq 4 mingga yaqin kishidan iborat.

Vaorani qizi.
Foto: Altcoopsys.org

Kokopa. Atigi 300 kishidan iborat bu xalq Meksikada va AQShning Arizona shtatida yashaydi.

Saatanlar. 280 kishidan iborat bu xalq vakillarini Mo‘g‘uliston hududlarida uchratish mumkin.

Saatan qizalog‘i.
Foto: Pbs.twimg.com

Tanzaniyada masai degan qabila bor. Bu xalq vakillari bolalarini yoshlik chog‘laridanoq harbiylikka o‘rgatishadi.

Ko‘chmanchilikda yashashni odat qilgan rabari qabilasini Hindistonda uchratasiz. Bu qabila qizlarini yoshlik davridayoq chevarlikka o‘rgatishadi.

Mursi qabilasi Efiopiyada asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan mashg‘ul. Ayni damda Omo daryosi sahillarida istiqomat qiluvchi bu xalq vakillari sayyohlar bilan suratga tushish hisobiga topgan pul evaziga kun kechiradi.

Nepalda  loba deb ataluvchi xalq bor. 1991 yilga qadar ular yashaydigan Lo Qirolligiga, yoki Yuqori Mustang o‘lkasiga sayyohlarning borishi taqiqlangan edi. Endilikda bu xalq turmush tarzi bilan yaqindan tanishmoqchi bo‘lganlar 2-3 kun piyoda yurib, Kali-Gandaki sohilidagi qishloqqa yetib olishlari mumkin.

Sharofiddin To‘laganov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring