Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inson salomatligi — islohotlar mezoni: Birlamchi yordamdan yuqori texnologiyalargacha bo‘lgan transformatsiya

Inson salomatligi — islohotlar mezoni: Birlamchi yordamdan yuqori texnologiyalargacha bo‘lgan transformatsiya

Umid maskanidan zamonaviy tibbiyotgacha...

Toshkentdan ikki xonali kvartira sotib olganimda, mo‘’jaz go‘sham viloyatdan keladigan mehmonjonlar uchun bir umid maskani bo‘lib qolishini ochig‘i o‘ylamagandim. Ularning aksariyati azim poytaxtga sayohatga, sirk yoki teatrga kirish, Teleminora yoki metroni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib hayratlanish uchun emas, bundan vaqtichog‘liklar ko‘ngillariga-da sig‘mas edi, asosan qaysidir shifoxonaga davolanish uchun kelishardi. Bemor mehmonlarimiz sabab ToshMIning turli bo‘limlari, SamPI, yurak-qon tomir xirurgiyasi, onkologiya, travmatologiya, neyroxirurgiya, turli diagnostika markazlari kabi shifo maskanlari koridorlariaro yugurganlarim, kerak bo‘lsa, qo‘li yengil, insofliroq do‘xtir qidirganlarim, yillar davomida qaysidir vrachning samarasiz muolajalari uchun borini sarflagan hamqishlog‘imning odmigina kiyimiga bepisand qaragan ayrim oq xalatli sovuq nigohlar bilan tortishganlarim, ishgacha yoki ishdan so‘ng xabar olishga chopganlarim... ortda qolgandek bugun.

Tan olingan muammo oson hal bo‘ladi

Qaysidir muammoni hal qilishni istagan odam avval o‘sha muammoni tan olishi kerak. Xaspo‘shlash, jimjimador hisobotlar bilan bo‘yab ko‘rsatish vaziyatni battar chigallashtiradi, muammoning yashirin ildiz otishiga olib keladi. Bu holatni biz tibbiyot sohasida ham ko‘rdik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha sohalar singari tibbiyot tizimida ham ochiqlikni tanladi — mavjud barcha muammolar ikkilanishlarsiz tan olindi, kamchiliklar yuziga tortilgan pardalar olib tashlandi. Prezident faoliyatining dastlabki oylaridayoq birinchilardan bo‘lib tibbiyotchilarimiz bilan muloqot qilgani ham bejiz emas. Xususan, 2017-yil 5-yanvardagi sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvida aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash chora-tadbirlariga qaratilgan amaldagi qaror ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqilgan edi. “Sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir, — degan edi o‘sha yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev. — Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, davolashning zamonaviy texnologiya va usullarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda... Ammo bugun zamon o‘zgarmoqda, odamlarning talabi oshib bormoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi (arxiv)

Xalqimizning tibbiy madaniyati yuksalib, eng so‘nggi usul va rusumlarda tibbiy xizmat ko‘rsatilishini istaydi. Bizga shu ham bo‘laveradi, degan tushuncha endi o‘z umrini o‘tab bo‘ldi. Bu barcha sohalar qatori tibbiyot sohasiga ham bevosita daxldor. Shu bois soha xodimlari tibbiyotning eng ilg‘or, zamonaviy yutuqlarini, davolash usullarini o‘zlashtirmog‘i zarur. Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish taraqqiyot yo‘lidagi eng katta g‘ovdir”.

Birlamchi to‘g‘ri tashxis — davo uchun muhim yo‘l

Qishloqdan davolanish uchun kelgan mehmonlar bilan suhbatlarim, shifokorlar qabulida navbat kutish jarayonlarida uzoq-yaqin viloyatlardan kelgan boshqa bemorlar hikoyalaridan deyarli bir xil xulosaga kelganman: birlamchi noto‘g‘ri tashxis! Ha, bemor kasalligining avj olib ketishiga, yana yondosh xastaliklar bo‘y ko‘rsatishiga, eng og‘iri – nogironlikka olib borishiga aynan birlamchi tashxisning to‘g‘ri qo‘yilmagani sabab bo‘ladi. Aholi salomatligini saqlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini muhim o‘rin tutishi bejiz emas. To‘g‘rida, biror joyimiz bezovta qilsa, dastavval tez yordam chaqiramiz yoki o‘zimizga eng yaqin poliklinikadagi uchastka shifokorimizga murojaat qilamiz-ku. Ammo tan olish kerak, mamlakatimizda yaqin-yaqingacha tibbiyotning mazkur bo‘g‘inida bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining pastligi sohadagi eng og‘riqli muammolardan biri bo‘lib kelgan.

Xususan, o‘tgan yillar davomida yurtimizdagi o‘lim holatlarining 60 foizi ana shu bo‘g‘indagi kamchiliklar, masalan,  yurak-qon tomir kasalliklariga o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘ya olmaslik holatlari tufayli sodir bo‘lgani, onkologiya yo‘nalishidagi bemorlarning yarmida xastalik ikkinchi va uchinchi bosqichga o‘tib bo‘lganidan keyin aniqlangani mazkur tizimning o‘z vazifasini to‘la-to‘kis amalga oshira olmaganidan dalolat beradi. Buning o‘ziga yarasha sabablari ham bo‘lgan: quyi bo‘g‘inlarda shifokorlarning yetishmasligi, ularga ortiqcha vazifalar yuklab tashlangani, qog‘ozbozlik, diagnostik apparatlarning kamligi yoki umuman yo‘qligi o‘z-o‘zidan tizimda tibbiy xizmat sifatiga salbiy ta’sir etgan.

Shulardan kelib chiqib, Prezident 2017-yil 5-yanvardagi sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvida asosiy diqqatni qishloq vrachlik punktlari faoliyatiga oid masalalarga qaratgan edi. “Sentyabr oyi so‘ngida ochilgan bosh vazir virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning 7000 dan ziyodrog‘i aynan tibbiyot sohasiga taalluqli, — deya taassuf bildirgandi Shavkat Mirziyoyev. — Bugungi kunda QVPlar birlamchi tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun laboratoriya tahlili vositalari, qator diagnostika apparatlari bilan jihozlangani aholi uchun qulaylik yaratmoqda. Lekin tibbiy uskunalarni ishlatadigan malakali mutaxassislar yetarli darajada emas. Ba’zi chekka hududlarda oddiy qon topshirish uchun tuman markaziga yoki shaharga borishga to‘g‘ri kelmoqda. Ayrim joylarda tibbiy ko‘riklar nomigagina o‘tkazilmoqda. Chekka hududlarda malakali mutaxassislar yetishmayotgani kadrlar masalasida qilinadigan ishlar ko‘pligini anglatadi. Tizimni mutlaqo o‘zgartirish — davr talabi”.

Shundan so‘ng mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish maqsadida Prezidentning bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Ularga ko‘ra, umumiy amaliyot shifokori mutaxassisi oilaviy shifokor, qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlandi va faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu mutaxassislarga yordam berish uchun terapiya, pediatriya, akusherlik va patronaj bo‘yicha tibbiyot brigadalari tashkil etildi. Mazkur brigadalar o‘zlariga biriktirilgan oilalar kesimida “tibbiy xarita”lar shakllantirib, manzilli ish olib borishi belgilandi, “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilindi.

Shoshilinch tibbiy yordamdan jarrohlik amaliyotigacha...

Sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik va o‘ta kuchli ijtimoiy ahamiyatga ega tuzilma bu Shoshilinch tibbiy yordam tizimidir. Keyingi yillarda viloyat va tumanlardagi ixtisoslashgan markazlar filiallari va bo‘limlardan iborat mazkur yo‘nalishda aholi salomatligini asrash, ularga sifatli shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish borasida sezilarli ishlar qilindi. Markaz va uning hududlardagi filiallarida turli murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilib, diagnostika va davolash jarayoniga bir qator innovatsion usullar va tashkiliy yechimlar tatbiq qilindi. Natijada Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib, bosh miyaning qon-tomir nuqsonlarini (anevrizma, malformatsiyalar, Moya-Moya kasalligi) diagnostika qilish va xirurgik davolashning eng zamonaviy yuqori texnologik usullari hamda yuqori texnologik ko‘p tomirli aorto-koronar shuntlash operatsiyasi yo‘lga qo‘yilib, ularning 88,6 foizi ishlab turgan yurakda bajarildi. Shu bilan birga, markazning barcha hududlardagi filiallarida umurtqalarning nostabil sinishlarini xirurgik davolashning zamonaviy transpedikulyar metallokonstruksiya bilan mustahkamlash usullari bajarildi.

“103” xizmatida nimalar o‘zgardi?!

Shoshilinch tez yordam tizimiga “103” — tez tibbiy yordam, sanitar aviatsiyasi va favqulodda vaziyatlarda aholini tibbiy ta’minlash xizmati biriktirilgani esa xalq tilida “skoriy” deyiladigan tez yordamni umuman yangi bosqichga olib chiqdi. Chunki nafaqat viloyatlar, tuman va qishloqlarda vaziyat og‘ir, hatto poytaxt Toshkentda bu xizmat yolchitib ishlamas va buning o‘ziga yarasha jiddiy sabablari bor edi... Prezidentimizning 2018-yil 16-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu xizmat faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘ldi.


Avvallari tez tibbiy yordam xizmatida davlat tomonidan har bir chaqiriq uchun juda kam mablag‘ ajratilar, zarur dori vositalari yetishmas, bu esa o‘z-o‘zidan og‘ir ahvoldagi bemorlarga tez tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatiga salbiy ta’sir etar edi. Masalan, 2016-yil “Tez yordam” tizimida har bir chaqiriqqa sarflangan mablag‘ o‘rtacha 745 so‘mni tashkil etganini shaxsan Prezidentimiz keskin tanqid qilgandi. Islohotlar natijasida tizimdagi mavjud ko‘pgina muammolar deyarli barham topdi. Xususan, oxirgi yillarda “Tez yordam”da bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag‘ 15 barobardan ziyodga oshib, bugungi kunda 12 mingga yaqinlashib qoldi. Shu bilan birga, mamlakatimizda 2016 yilda 800 ta “tez yordam” shoxobchalari va 1 648 ta tez tibbiy yordam brigadalari faoliyat yuritgan bo‘lsa, ayni paytda ularning soni mos ravishda 1 680 ta va 2 865 taga yetkazildi.

Tez tibbiy yordamning yagona integratsiyalashgan modeli yaratilishini sohadagi katta yutuqlardan biri sifatida qayd etish mumkin. Endilikda Elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi tufayli brigadalarning chaqiriq manzillariga yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqardi. Manzillarga kechikib borish holatlari keskin kamayib, 1,1 foizdan 0,3 foizga tushdi. Sifatni nazorat qiluvchi “Call-back” tizimi tufayli aholidan kelib tushayotgan shikoyatlar 36 foizga kamaydi.

Raqamli sog‘liqni saqlash platformasi

2023-yil oxirida, Prezidentning “IT-Park”ka tashrifidan so‘ng, Uzinfocom (Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integratori) kompaniyasiga sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish vazifasi topshirildi.


Davlat rahbarining 2023-yil 28-dekabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bemorning elektron tibbiy kartasini yuritishga mo‘ljallangan DMED yagona tibbiy axborot tizimini ishlab chiqildi va joriy etildi. Bugungi kunda tizimda Toshkent shahridagi 150 dan ortiq poliklinika faoliyat yuritmoqda. Bemorni aniqlash Face ID va JShShIR orqali amalga oshiriladi, ular yordamida ma’lumotlar bazadan avtomatik ravishda olinadi.

Elektron sog‘liqni saqlash yadrosi

Sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish islohotining asosiy yo‘nalishlaridan biri — elektron sog‘liqni saqlash yadrosini yaratishdir. U ishonchli va himoyalangan ma’lumotlar ombori bo‘lib, unda bemorlar, shifokorlar, retseptlar, laboratoriya natijalari va tibbiy xizmatlar bazalari joylashtiriladi. Jami 20 ga yaqin shunday xizmat rejalashtirilgan. Ulardan dastlabki beshtasi allaqachon ishga tushirish bosqichida. Yadro sog‘liqni saqlash tizimining barcha ishtirokchilari — davlat va xususiy klinikalar, laboratoriyalar, sug‘urta jamg‘armalari, tibbiy tizimlarni ishlab chiquvchilar va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanadi.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, agar bemor xavfsizlik sertifikatidan o‘tgan mustaqil tibbiy dastur ishlatiladigan xususiy klinikaga murojaat qilsa, tizim baribir bemorni “taniydi”. Shifokor kasallik tarixi, retseptlar va tahlil natijalarini, ular qaysi muassasada rasmiylashtirilganidan qat’i nazar, ko‘ra oladi.

FAIR standartlariga muvofiq amalga oshirilayotgan bu loyihada Germaniya, Estoniya, Avstriya va Singapurdan sog‘liqni saqlash sohasida milliy raqamli platformalarni yaratish tajribasiga ega mutaxassislar ishtirok etmoqda. Yadroni 2026-yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan. Shundan so‘ng barcha tibbiyot muassasalari yagona tarmoqqa ulanib, ma’lumotlar markazlashgan holda saqlanadi va real vaqt tartibida yangilab turiladi. Bu mamlakat aholisi salomatligining to‘liq manzarasini aks ettiruvchi shaffof tizimni shakllantirish imkonini beradi.

Tibbiy sug‘urta: bemor uchun yangi tayanch

Deyarli butun dunyoda odamlar tibbiy sug‘urtadan keng foydalanadi. Ushbu yangilikni aholimiz sal qo‘rquv bilan qarshi olayotgani ham rost. “Nima, endi faqat boylar, puli borlar davolanadimi?..” Aslida vahimaga o‘rin yo‘q. Bu boradagi jahon tajribasi o‘rganilgan holda yangi model ishlab chiqilgan. Xullas, O‘zbekistonda tibbiy sug‘urtani 2026-yil oxirigacha to‘liq joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu Prezidentning “Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlardan biri bo‘lgan davlat tibbiy sug‘urtasi borasidagi muayyan ishlar ikki yil oldin boshlangan va tayyorgarlik ko‘rilgan. Prezidentimiz 2024-yilning 4-sentyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi. O‘sha yilning 1-oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi joriy etilgan. Buning uchun 2024-yil yakuniga qadar “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari joriy qilindi. Tibbiyot xodimlari ulardan foydalanish bo‘yicha o‘qitildi. Muassasalar zarur texnika va tarmoq qurilmalari bilan jihozlandi.

Endi murakkab operatsiyalar uchun Hindistonga borish shart emas

Bir paytlar, falonchi buyrak yoki jigar transplantatsiyasi uchun chet elga ketibdi, degan gaplarni ko‘p eshitardik. Asosan, Hindiston tilga olinardi. Chunki ilgari yurtimizda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilmas, bu holat ko‘pgina vatandoshlarimizning erta vafot etishi yoki kasallikni xorijiy mamlakatlarda katta mablag‘ evaziga davolashiga sabab bo‘lardi. Shunday paytlarda, qolaversa, Toshkentga operatsiyaga kelgan biror yaqinimga hamrohlik qilishim jarayonlarida, koridorlarda, turli shifoxonalar hovlilarida horg‘in o‘tirgan, o‘y surgan viloyatlik bemorlar va ular yaqinlarini ko‘rganimda bitta narsani orzu qilaverardim: odam borki, kasal bo‘ladi. Do‘xtirga, operatsiyaga ehtiyoj sezadi. Qaniydi, viloyatlardagi klinikalarda ham poytaxtdagidek sharoitlar bo‘lsa, mintaqalararo yangi shifoxonalar qurilsa. Ular dunyoning eng so‘nggi tibbiy jihozlari bilan ta’minlansa, do‘xtirlarimiz tibbiyoti rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuborilsa... Bemorlarimiz o‘ziga yaqinroq joyda sifatli tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lardi, valyutamiz chet elga chiqib ketmasdi, muhimi, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda tibbiy habga aylanardi. Shifokorlarimiz buni uddalashadi, axir zamonaviy meditsinaga asos solgan — tib ilmining sultoni Ibn Sino avlodlarimiz-ku. Nihoyat, orzuim amalga oshdi!

Bugun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning filiallaridagi transplantologiya bo‘limlarida buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti juda samarali olib borilmoqda. Umuman olganda, kardiologiya, jarrohlik, ko‘z mikroxirurgiyasi, urologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, endokrinologiya, pulmonologiya va ftiziatriya, akusherlik va ginekologiya, dermatologiya va venerologiya, pediatriya va boshqa yo‘nalishlardagi maxsus ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida har yili yuz minglab yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalar bajarilyapti.

O‘zbekiston tibbiyotidagi qisqa davr ichidagi bu o‘sishlar qo‘shni davlatlardagi bemorlar uchun ham ma’qul bo‘lmoqda. Masalan, 2024-yilning yanvar-avgust oylarida jami 74,7 ming nafar chet el fuqarolari davolanish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki olti oyida 35 mingdan ortiq xorijlik qo‘li yengil shifokorlarimizdan davo topishgan. Tibbiy turistlarning asosiy qismini qo‘shni davlatlar fuqarolari tashkil etgan bo‘ls-da, Afg‘oniston, Rossiya, Turkiyadan kelgan bemorlarning ham borligi yurtimiz tibbiyotining dovrug‘i oshayotganidan darakdir.

***

Kecha andijonlik bir do‘stim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Salom-alikdan so‘ng yuragidan operatsiya bo‘lganini, shifoxonadan chiqiboq menga telefon qilganini aytib qoldi. Hayron bo‘ldim rosti. Axir oxirgi bor gaplashganimizga o‘n kun ham bo‘lmagandi-ku. Boz ustiga hech qachon yuragidan shikoyat qilmagandi. “O‘zim ham bilmayman, birdaniga ahvolim yomonlashdi. Tez yordam chaqirdik. Ular tuman markaziy shifoxonasiga olib ketishdi. U yerda esa vaziyat jiddiyligini aytishib, zudlik bilan Andijon viloyat shifoxonasiga olib borishdi. Vaqt o‘tmasin deyishdi, operatsiyani ham tezlatishdi, stend qo‘yishdi. Do‘xtirlarga rahmat, qo‘llari yengil ekan, omon bo‘lishsin. Besh kunda uyga qaytdim, ahvolim juda yaxshi...”

Do‘stim bilan xayrlashar ekanman, Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida ro‘y berayotgan izchil islohotlar samarasini yana bir bor his qildim.

Usmonjon Yo‘ldoshev,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring