Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhur fokuschining sirli o‘limi

Mashhur fokuschining sirli o‘limi

U har qanday yopiq bino ichiga kira olar, o‘zidan birorta iz qoldirmasdi. Qo‘li kishanband holda muzli suvga sho‘ng‘ir, qush uchib chiqmaydigan istehkomlardan chiqar, qabrda soatlab yotar edi. U bolaligidan fokus bilan shug‘ullandi. Onasi yeguliklarni javonda saqlar, ammo bu shirinliklar sirli ravishda yo‘qolar, javon esa qulflangan holda turardi. Ko‘chma sirk direktori uning iqtidori bilan qiziqib qoldi. Qo‘l-oyog‘i chandib bog‘langan bu bolakay iskanjadan osongina xalos bo‘lishini ko‘rsatib berdi. U keyinchalik mashhur ko‘zboyloqchi Garri Gudini nomi bilan tanildi…

Qutida yo‘qolgan odam

Garri Gudini (bolaligida Erik Vays) 1874 yilning 24 martida tug‘ilgan. Hujjatlar tasdiqlashicha, bo‘lajak fokuschi Budapeshtda yahudiy ruhoniylari oilasida tavallud topgan. Gudinining o‘zi esa Amerikaning Viskonsin shtatida tug‘ilganini ta’kidlab kelardi. 1878 yilning 3 iyulida ota-onasi AQShga ko‘chib o‘tishdi, o‘shanda u to‘rt yoshda edi. Dastlab oila Epplton shaharchasi (Viskonsin shtati)dan qo‘nim topdi.

Garri (Erik) olti yoshidan fokus bilan qiziqa boshladi. Bu shunchaki mashg‘ulot edi. Keyinchalik bolakay jiddiy ravishda ko‘zboyloqchilikka berildi. To‘g‘ri, u chilangar, poyafzal tozalovchi, gazeta tarqatuvchi bo‘lib ham ishladi, biroq qaysi yumush bilan shug‘ullanmasin, bo‘sh vaqtini faqat fokuschilikka bag‘ishlar edi.

1887 yilda Garri otasi Meyer Semyuel Vays bilan Nyu-Yorkka ketdi. Ko‘p o‘tmay, onasi Sesiliya Shtayner va olti nafar aka-ukalari va singlisi ular safiga qo‘shildi.

Garri (Erik) o‘n yil mobaynida ko‘ngilochar maskanlarda qartalar bilan fokus ko‘rsatib keldi. 1892 yilda u fransuz fokuschisi Rober Guden sharafiga Gudini taxallusini oldi. Keyinroq Garri Kellarga ehtiromi o‘laroq bu familiyaga Garri ismi qo‘shildi.

Garri Gudini dastlab akasi bilan gastrollarda yurgan. Bunday tomoshalarda qo‘lkishanlardan xalos bo‘lish va suv solingan idishdan chiqish tryuklari namoyish etilardi. Bir gal Gudini osmono‘par bino peshtoqidagi qopga solinib, sirli ravishda undan xalos bo‘ldi. Keyingi safar esa u ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida g‘ishtin devorning narigi tarafidan bu tomonida paydo bo‘ldi. Reklama maqsadida anqov tomoshabinlardan iborat olomon ko‘z o‘ngida eng samarali chiqishlar namoyish qilinardi.

Aka-uka Gudinlarning asosiy fokusi «Metamorfoza» (boshqa tusga aylanish) deb nomlanib, tomoshabinlar orasida «Sandiq mo‘’jizasi» iborasi bilan mashhur edi. Bu 1864 yilda Jon Maskelin namoyish etgan tomoshaning yangi varianti edi. Garri Gudinining og‘zaki izohlari ostida akasi Teoning qo‘li bog‘lanar, keyin uni yog‘och qutiga solishardi. Garri bu qutining ustida turardi. Shundan so‘ng ularning atrofiga parda ko‘tarilar, uchgacha sanalib, darhol tushirilardi. Tomoshabinlarning ko‘z o‘ngida quti ustida endi Teo turardi. Yog‘och quti ochilganida esa qo‘l-oyog‘i bog‘langan Garri Gudini yotgan bo‘lardi.

O‘sha zamon uchun naqadar shov-shuvli tomosha ko‘rsatganlariga qaramay, aka-ukalarning ishlab topgani xarajatlarni mutlaqo qoplamasdi. Garri va Teo mahalliy klubda tomosha ko‘rsatish, gastrolga chiqish borasida har qanday taklifni qabul qilishsa-da, agentlar bilan kelishuvlar, xatarli tomoshalar baribir daromad keltirmasdi. 1892 yilda Garrining shavq-zavqi so‘ndi. Bunga otasining og‘ir xastalikka uchragani ham sabab bo‘ldi. Oila boshlig‘i Rebbi Veys o‘sha yilning oktyabrida olamdan o‘tdi. Oilani boqish 18 yoshli Gudini zimmasiga tushdi.

Endi aka-ukalar ish izlab, Chikagoning Illinoys shtatigacha bordilar. Ular deyarli har bir sahnada «Metamorfoza»ni namoyish etib, bor mahoratlarini namoyish etishardi. Haftasiga 10 dollardan pul ishlay boshlagan Garri mahalliy odamlarning biridan qulflarni ochish san’atini yaxshilab o‘rgandi va uni qanday qilib o‘z tomoshalarida qo‘llash haqida o‘ylay boshladi. Dastlab u politsiyaning qo‘l kishanlaridan foydalandi. Garri  mahalliy politsiyachilardan biriga qo‘lini kishanlashini iltimos qilar, keyin esa bunday iskanjadan osongina xalos bo‘lardi.

Kishan qulfining siri

1894 yilda Nyu-Yorkdagi tomoshasi chog‘ida Gudini Bess ismli qiz bilan tanishib qoldi. Keyinroq bu qizga uylandi. Oradan ko‘p o‘tmay, Teo o‘zi alohida tomosha ko‘rsatadigan bo‘ldi. Garri esa Bess bilan chiqish qila boshladi. Ushbu duet «Er-xotin Gudinilar» deb nomlandi.

1898 yilda Gudini o‘zining tomoshalarini reklama qiladigan gazeta ma’muriyati bilan urishib qoldi. Shu bois bir yil o‘tar-o‘tmas, uning nufuzi tusha boshladi. Er-xotin teploxodda Yevropaga otlanishdi. Yevropa hali bunday tomoshalarni ko‘rmagan edi. Butun xalq hayratga tushdi. Tomoshalar asosini hanuz «Metamorfoza» tashkil etardi.

Gudini Londonda namoyish etgan «Tirik filning g‘oyib bo‘lishi» tomoshasi bilan ham barchani hayratga soldi. Rossiyaga gastrol qilganida esa  Petropavlovsk qamoqxonasidagi o‘limga hukm qilinganlar kamerasidan osongina chiqib ketdi. Manbalarda yozilishicha, «Eshigi qulf kamerada mahbuslar libosida bo‘lgan Gudini oradan ikki daqiqa o‘tmay u yerdan chiqdi va qo‘shni kamera eshigini ochib, mahbuslarning o‘rnini almashtirib qo‘ydi. Keyin esa kiyim-kechaklar xonasiga o‘tdi. Shundan so‘ng qorovulxonada paydo bo‘ldi. E’tiborlisi, endi uning egnida mahbuslar libosi emas, o‘zining kostyumi bor edi. Kameraga qulflangan Gudinining ushbu barcha harakatlari uchun jami 15 daqiqa kifoya qildi».

Yevropada dong taratgan Gudini har holda Amerika haqida o‘ylab qoldi. U okeanortiga birinchi raqamli yulduz bo‘lib qaytdi, endi olajak gonorarini avvalgilarga aslo solishtirib bo‘lmasdi. Gudini qayerda tomosha ko‘rsatmasin, hayrat va olqishlarga ko‘miladigan bo‘ldi.

Hayotining keyingi o‘n yilida Gudini talay kitoblar chop etdi. U ko‘plab ko‘zboyloqchilar o‘sha paytda ommalashgan spiritizmni yondosh dunyo kuchlari bilan niqoblashlaridan xavotirda edi. Shu maqsadda Gudini spiritizm seanslarida bo‘lar va nayranglarni fosh etishga harkat qilardi. Oqibatda o‘zining eski do‘sti, spiritizmning ashaddiy tarafdori Artur Konan Doyl bilan munosabatlariga chek qo‘yildi. Doyl Gudinini kuchli fokuschi hisoblamasdi.

Yoshi o‘tishi bilan Gudiga o‘z tryuklari og‘irlik qila boshladi. Eng muvaffaqiyatli tomoshalaridan keyin ham u shifoxonaga tushardi. 1903 yili Gudini zanjirband qilinib, 30 kilolik zoldir bilan ko‘prikdan Temza daryosiga tashlandi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, u kishanlardan ozod holda suv sathiga suzib chiqdi.

1910 yilda Gudini kinoda rol o‘ynaydigan bo‘ldi. O‘sha yili u sanoqli soniyalar ichida gumburlashga shay turgan zambarak og‘zidan qutulish tomoshasini namoyish etdi. Aviatsiyaga qiziqib esa, parvozlar tarixida ilk bor, biplan (ustma-ust qanotli samolyot)da Avstraliya ustidan uchib o‘tdi. U Amerika prezidenti Teodor Ruzvelt bilan yaqin munosabat o‘rnatdi. Hatto, Gudini Amerika maxsus xizmati va Skotlend-Yardga bog‘langan, degan gap ham chiqdi.

Garri Gudini butun hayoti mobaynida o‘z tryuklarini murakkablashtirishga harakat qilgan. Masalan, kishanlardan xalos bo‘lish tomoshabinlarda hamma vaqt ham iliq taassurot qoldirmasdi. Ular kishanni yasama, qalbaki hisoblashardi. Shu bois Gudini qayerda bo‘lmasin, mahalliy qamoqxonada kishandan qutulishga intilardi. Biroq bir gal bu tomoshani uddalay olmadi. Unga kishanlarni bergan izquvar kishan qulfini zar qog‘oz bilan aylanmaydigan qilib qo‘ygan ekan. Bu Gudiniga saboq bo‘ldi. U har gal kishanning qulfi ochib-yopilishini ko‘rsatishlarini talab qilardi.

Halokatli ikki zarba

Gudinining o‘limi turli tafsilotlarga to‘la. Monrealdagi gastrollaridan birida grimxonada o‘tirgan Gudini huzuriga uch nafar talaba kirdi. Ulardan biri boks bo‘yicha kollej chempioni edi. U Gudinidan, qorningizga beriladigan zarbalarni og‘riq his qilmay qabul qilishingiz rostmi, deb so‘radi. O‘z fikrlariga g‘arq bo‘lgan Gudini bosh irg‘adi va kutilmaganda talaba unga ikkita zarba tushirdi. Gudini uni zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. «Hoy, men tayyorlanishim kerak», dedi u. Qornini tarang qildi-da, «endi urishingiz mumkin», dedi. Talaba unga qo‘sh zarba yo‘lladi va Gudinining «temir qorni»ga tan berdi. Ular chiqib ketgach, Gudini birinchi zarba tekkan joylarni faqat uqalab qo‘ydi.

U har galgidek og‘riqqa e’tibor bermadi, zarbalar esa ko‘richakning yorilishi, keyin esa qorin pardasining yallig‘lanishiga sabab bo‘ldi. 1926 yilda hech qanday antibotik yo‘q, faqat mo‘’jiza tufayli omon qolish mumkin edi. Gudini yana barchani hayratga soldi – muxlislar nihoyatda shod edilar: «Mana, Gudini, zamin qonunlariga bo‘yin egmaydigan o‘lim g‘olibi!» Biroq, oradan to‘qqiz kun o‘tib, 1926 yilning 31 oktyabrida Xellouin bayrami arafasida u 52 yoshida Detroytda hayotdan ko‘z yumdi.

Ayrim manbalarda, Gudini eng mashhur tomoshasini ko‘rsatayotib o‘lgan, deyiladi. Uni sandiqqa solishgan, qulflashgan va daryoga uloqtirishgan. U, go‘yo sandiqdan chiqa olmagan va o‘lgan.

1974 yilning 6 aprelida, G.Gudini tavalludining yuz yilligi munosabati bilan gazetchilar ulkan shov-shuvni kutishdi. Marhum fokuschining tomoshalari siri yozilgan vasiyatnoma ochilishi kerak edi. Biroq bari safsata bo‘lib chiqdi. Huquqiy idoralarda ham, bank muassasalarida ham bu haqdagi birortayam vasiyatnoma topilmadi. Bu Garri Gudinining eng so‘nggi tomoshasi edi.

Akbar Fathullayev.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring