O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni qanday qonuniylashtirish mumkin?
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni qonuniylashtirish bo‘yicha bir martalik aksiya tugallandi. Biroq turli sabablarga ko‘ra taqdim etilgan imkoniyatlardan foydalanishga ulgurmay qolganlar ham bor.
«Norma» nashri eksperti Oleg Gayevoy vakolatli organlarning ruxsatnomasisiz qurilgan imoratga mulk huquqini hozirgi kunda qanday olish mumkinligi tartibi bo‘yicha sharh tayyorladi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat va uning oqibatlari haqida nimalarni yodda tutish kerak?
Turar joy, boshqa qurilma, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mulk (FKning 212-moddasi) quyidagi tarzda qurilgan bo‘lsa, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi:
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu maqsadlar uchun ajratilmagan yer uchastkalarida;
- bunga kerakli ruxsatnomalarni olmasdan yoki arxitektura hamda qurilish normalari va qoidalarini sezilarli darajada buzgan holda qurilgan imorat.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurganlik uchun jazo tayinlanadi. Ob’yektni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan va ruxsatnomasiz qurganlik, qurilish normalari va qoidalarini, ishlarni bajarish va topshirishda texnik shartlarni, ob’yektni ishga tushirish qoidalarini buzganlik uchun jarimalar solinadi (MJTKning 99-moddasi). Qonun hujjatlarida yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun ham javobgarlik nazarda tutilgan.
Yer va mol-mulk solig‘ini hisoblashda qo‘llaniladigan ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligi sababli soliq organlari tomonidan e’tiroz bildirilishi ehtimoldan xoli emas. Qo‘shnilar e’tiroz bildirishi, hudud o‘zboshimchalik bilan egallab olinganda esa hokimiyatlar, noqonuniy qurilgan imorat huquq va manfaatlarini buzayotgan boshqa shaxslar e’tiroz bildirishi mumkin. Oxir-oqibatda sud muhokamalari o‘tkazilishi va sud tomonidan imoratni buzish to‘g‘risida qaror chiqarilishi mumkin.
Noqonuniy qurilishni sotish, hadya qilish, ijaraga berish yoki boshqa bitimlarni amalga oshirish mumkin emas.
Toshkent shahar yer resurslari va ko‘chmas mulk davlat kadastri boshqarmasida (keyingi o‘rinlarda – boshqarma) ta’kidlanishicha, amaldagi ruxsatnoma olish tartib-taomillari qurilish xavfsizligini ta’minlash va qonunga rioya etishga yo‘naltirilgan. Qurilishga tayyorgarlik ko‘rishda uning arxitektura ko‘rinishi qanday bo‘lishi, qurilish materiallarini xarid qilishni emas, balki qurilishning huquqiy jihatlari to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish muhimdir. Bunda Vazirlar Mahkamasining 18.05.2018-yildagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentga amal qilish lozim.
Qurilishni boshlashdagi barcha ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtirildi va bugungi kunda bir necha instansiyalarga yugurishga zarurat bo‘lmaydi. Barcha masalalar YaIDXP orqali masofaviy tarzda hal etilmoqda. Boshqa varianti – Davlat xizmatlari markazi orqali o‘zi kelib ariza berish. Vakolatli davlat organlari xodimlari zarurat tug‘ilganda o‘zlari siz bilan bog‘lanishadi.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurib bo‘linganda nima qilish kerak?
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat quyidagi talablarga javob bersa, mulk huquqi berilishi mumkinligini inobatga olish kerak:
- hayotiy faoliyat xavfsizligiga tahdid solmasa hamda qurilish normalari va qoidalariga mos kelsa;
- biror kimning huquq va manfaatlarini buzmasa.
Vakolatli organlar tomonidan qarorlar chiqarishda birinchi navbatda ushbu jihatlarga e’tibor beriladi.
Masalaning hal etilishi o‘zboshimchalik bilan imorat qurilgan yer uchastkasi kimga qarashli ekanligiga bog‘liq bo‘ladi. Yer uchastkasi qurilishni amalga oshirgan shaxsga tegishli bo‘lmasa (o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida bo‘lsa), ushbu masala sud orqali hal etiladi (FKning 212-moddasi).
Huquqni qo‘llash amaliyotida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqi kamdan-kam holatlarda e’tirof etiladi. Bunda imorat uni qurgan shaxsga tegishli yer uchastkasida ko‘tarilgan taqdirda qanday yo‘l tutish haqida aniq bir reglament mavjud emas. Mutaxassislar ushbu masalani hal etishda reglamentga rioya qilgan holda qurilgan holat uchun belgilangan o‘xshash tartibga amal qilishni tavsiya etadilar (18.05.2018 yildagi 370-son VMQ).
Boshqarma mutaxassislari quyidagicha tartibni tavsiya etishmoqda:
- binolarni loyihalashtirish bilan shug‘ullanadigan loyiha tashkilotiga murojaat etish lozim. Ushbu tashkilot mutaxassislari joyiga chiqqan holda qurilishni ko‘zdan kechiradilar, kerakli o‘lchovlarni oladilar, binoning texnik holatini o‘rganadilar va uni qurilish xavfsizligi normalari va qoidalariga muvofiqlashtirishga doir tavsiyalarni beradilar, zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘mak ko‘rsatadilar. Materialni tayyorlash doirasida Toshkent shahridagi beshta loyiha tashkilotiga murojaat qildik. Mazkur tashkilotlar ushbu masalani hal etishda yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini aytishdi. Ularda xizmatlar qiymati bir-biridan farq qiladi. Yakka tartibdagi turar joy muammolarini hal etishga 2,5 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha mablag‘ ketadi. Barcha ishlar uchun bir oycha vaqt kerak bo‘ladi;
- o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga mulk huquqini rasmiylashtirish tartib-taomillarini yakunlash uchun Davlat xizmatlar markazi yoki YaIDXP orqali foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida ariza berish lozim. Ariza berilgan kundan boshlab 5 kun ichida yer tuzilishi va kadastr bosh arxitektori joyiga chiqib qurilmani o‘rganib chiqadi, yana uch kundan keyin esa sizga tegishli hujjat taqdim etiladi. Xizmat pullik – BHMning 30 foizi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter