Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qahva ichuvchi ayollarga sog‘lom keksayish kafolatlanganmi?

Qahva ichuvchi ayollarga sog‘lom keksayish kafolatlanganmi?

Foto: Unsplash

Kuniga bir chashkadan uch chashkagacha qahva ichishga odatlangan 50 yoshlar atrofidagi ayollar orasida sog‘lom keksayish ko‘proq kuzatilmoqda. AQShda ayollar salomatligini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan eng yirik tadqiqotlardan biri — Nurses’ Health Study ma’lumotlari shuni ko‘rsatmoqda. Orlandoda bo‘lib o‘tgan Amerika oziq-ovqat jamiyati anjumanida tadqiqot natijalari e’lon qilindi, deb xabar berdi CNN.

Toronto universiteti dotsenti Sara Mahdavining aytishicha, qahva ichuvchi ayollarda surunkali xastaliklar kamroq kuzatilgan, keksayganda ham ularning jismoniy, ruhiy va aqliy holati nisbatan barqaror saqlangan.

Tadqiqot 47 ming nafardan ziyod ayolni qamrab oldi. Ular ovqatlanish tartibi haqidagi anketalarni to‘ldirishgan, so‘ng 30 yil davomida shifokorlar bu ayollarning salomatligidagi o‘zgarishlarni qayd etib borishgan. Tahlillar kofeinli qahvani mo‘’tadil (me’yorda) iste’mol qilish va sog‘lom keksalik o‘rtasida chambarchas bog‘liqlik borligini ko‘rsatdi.

E’tiborli tomoni, choy yoki kofeinsiz qahva ichuvchilarda bunday bog‘liqliq topilmadi. Shuningdek, koka-kolaga o‘xshagan gazlangan shirin ichimliklarni iste’mol qiluvchi ayollar orasida keksayganda salomatlikni saqlab qolish imkoniyati juda pastligi ma’lum bo‘ldi.

Mahdavi qo‘shimcha qilishicha, bu tadqiqot barcha ayollar yoppasiga qahva ichishni boshlashi kerakligini anglatmaydi. Avvaldan kofe ichib yurmaganlar o‘z odatlarini keskin o‘zgartirishlari tavsiya etilmaydi.

Ayollarda organizmning kofeinga reaksiyasi gormonal holatga qarab o‘zgarishi mumkin. Estrogen kofeinning jigarda parchalanishiga javob beruvchi ferment faoliyatini susaytiradi. Shu bois homiladorlik davrida, gormonal dori-darmonlarni qabul qilayotganda va shu kabi holatlarda kofein ayol organizmida uzoqroq vaqt saqlanib qoladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring