Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rohinja musulmonlarining gunohi nima?

Rohinja musulmonlarining gunohi nima?

Myanma (Birma) hukumati zulmidan Bangladeshga qochib o‘tgan rohinjalik musulmonlar

Foto: «South China Morning Post»

Myanma (Birma)da davlatida yuz berayotgan notinchlik bir necha yildirki, jahon hamjamiyatining diqqat markazida. Ammo shunga qaramay, hozircha u yerdagi vaziyat izga tushgani yo‘q.

Xalqaro hamjamiyat mazkur mamlakat rasmiylarini milliy ozchilik sanalgan Rohinja (rohingya) musulmonlari hayotini va xavfsizligi, huquq va manfaatlarini himoyalashga yo‘naltirilgan talablariga qaramasdan, vaziyat deyarli o‘zgarmayapti.

Avgust oyidan buyon 665 000 rohinja musulmonlari Myanmadagi etnik tozalashdan qochib, Bangladesh hududidan boshpana topgan edi. Myanma hukumatining ushbu harakatlarini BMT va AQSh etnik tozalash deya baholagan.

Rohinja musulmonlari
Foto: CNN

Bundan oldinroq 300 000 rohinjalik allaqachon Bangladeshdagi qochoqlar lagerlariga qochib kelishgan edi. Bangladesh hukumati shu yili Birmadagi etnik tozalashdan qochib o‘tgan qochoqlarning 100 000 nafarini o‘z vatanlariga qaytarib yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb yozadi «Yevronyus». Bu repatriatsiyaning ilk bosqichida amalga oshiriladi.

Ikkala hukumat vakillari noyabr oyida repatriatsiya masalasida kelishuvga erishgan edilar. Hujjatga muvofiq, u 23-yanvardan boshlanishi kerak. Qochoqlar masalasi bo‘yicha hukumat missiyasiga boshchilik qiluvchi Kamol Ozodning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Bangladesh hududida 1 millionga yaqin rohingyalik musulmonlar istiqomat qilishmoqda, ba’zilari bir necha o‘n yillardan buyon Bangladeshda yashab kelmoqda.

Rohinja musulmonlari qochoqlar lagerida. Bangladesh. Teknaf. 2017 yil oktyabr
Foto: «Reuters»

Rohinjalarning gunoh nima?

Ma’lumki, salkam 60 million aholi istiqomat qiladigan Myanmada musulmonlar uzoq davrlardan beri istiqomat qilib kelishadi. Ushbu davlatning bir qismi ma’lum vaqt Boburiylar saltanati tarkibida bo‘lgan. Ushbu sulolaning so‘nggi vakili Bahodur shoh Zafar ham 1858-yilda inglizlar tomonidan Birmaga surgun qilingan va shu yerda vafot etgan.

Birmaning Arakan (Rokxayn) viloyatida yashaydigan musulmonlar o‘zlarini rohinja deb ataydilar va bu hududni o‘zlarining tarixiy vatanlari deb biladilar. Birmaning rasmiy manbalari ularni Bangladeshdan kelib qolgan deb hisoblashadi. Boshqa bir taxminlarga ko‘ra, rohinjalar o‘rta asrlarda dengiz yo‘li orqali kelib qolgan arablarning mahalliy aholi vakillari bilan chatishuvi natijasida paydo bo‘lgan. Rohinja tilida arab, sanskrit va hatto portugal tilidan kirib kelgan so‘zlar ham uchraydi.

Foto: «The Intercept»

Boshqa bir guruh siyosatchilar Birmada musulmonlar va buddaviylar o‘rtasidagi keskin adovatning ildizlarini Ikkinchi jahon urushi davridan izlashadi. 1942-yilda buddaviylar va musulmonlar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda har ikki tarafdan minglab tinch aholi vakillari nobud bo‘lgandi.

O‘sha yillarda Angliyaning tasarrufida bo‘lgan mamlakatning katta qismi yapon militaristlari tomonidan bosib olingan, musulmonlar sobiq ingliz hukumati harbiylari bilan bir safda uzoq yillar partizanlik kurashini olib borishgan. Yaponlar Birmani inglizlar istibdodidan xalos etishga va’da berishgani sababli mahalliy buddaviylar ularni qo‘llab- quvvatlagan.

Bugungi Birma hukumati rahbari (bosh vaziri va davlat maslahatchisi) Aun San Su Chjining otasi Aun San yaponlar ko‘magida tashkil qilingan «Birma Milliy harakati»ga boshchilik qilgan.

Sonda boru sanoqda yo‘q

Myanma uzoq yillar davomida diktatura rejimi ostida qiynalib keldi. Ilgari mamlakat nomi unda yashovchi ko‘p sonli etnik qatlamlardan biri — Birma nomi bilan atalishi boshqa millat va elatlarning noroziligiga sabab bo‘lgani uchun uning nomini 1989-yilda Myanma ittifoqi deb o‘zgartirishgan. Mamlakat uzoq muddat harbiy diktatura rejimi ostida iqtisodiy tanazzul, ijtimoiy tengsizlik, siyosiy beqarorlik, milliy va diniy nizolar domida yashab keldi.

Foto: «Standnow.org»

Garchi mamlakat 2010-yildan boshlab rasman Myanma ittifoqi respublikasi deb atalsa-da, amalda turli millat va elatlar o‘rtasidagi ittifoq umuman ko‘zga tashlanmaydi. Yettita viloyat mahalliy va milliy yetakchilar tomonidan boshqariladi va ularning ko‘pchiligi markaziy hukumatni tan olmaydi.

Ana shu tarqoqlik va boshboshdoqlik rohinjalarning huquqlari cheklanishiga, ularga nisbatan nohaqlik va adolatsizlik yuksalishiga sabab bo‘lib keldi. Bir millionga yaqin nufusga ega bo‘lgan musulmonlarning juda oz qismigagina fuqarolik berilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ular saylash va saylanish, yuqori lavozimlarda ishlash, oliy ta’lim olish huquqidan ham mahrum etilganlar.

Foto: «New Mandala»

Rasmiy Birma hukumati rohinjalarni «noqonuniy immigrantlar», «jangarilar» deb ataydi. Ularga qarshi jinoyatlar asosan politsiya xodimlari tomonidan sodir etilayotgani ham rasmiy hukumatning ularga nisbatan siyosatini ochiq-oshkor ko‘rsatmoqda.

Bugungi vaziyat qanaqa?

2012-yilda ham rohinjalarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari sodir etilgan, yuzlab ushbu millat vakillari qirg‘in qilingandi. 2016-yil oktyabrida ham ikki xalq o‘rtasidagi vaziyat keskinlashdi. Avgust oyining oxirlarida «Arakan rohinjalarini ozod qilish armiyasi» tomonidan bir qator politsiya uchastkalarida hujumlar uyushtirilishi, 15 nafar politsiyachining o‘ldirilishi vaziyatni yanada keskinlashtirib yubordi.

Mahalliy hukumat kuchlari rohinjalarga nisbatan choralarni yanada kuchaytirib yuborishmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida ayirmachilar tomonidan musulmonlar yashaydigan bir qator aholi punktlari vayron qilingan, uylar yondirilgan, tinch aholi vakillari, shu jumladan, ayollar, bolalar va keksalar o‘ldirilgan. Bir qator xalqaro tashkilotlar bu harakatlarni genotsid deb atadi.

Foto: «Beritadaily.com»

Ayni paytda, rivojlangan Yevropa mamlakatlaridan panoh topgan Yaqin sharqlik qochoqlarning ahvoli hammaga ma’lum bo‘lib turgan damda, aholisining katta qismi muhtojlikda kun kechiradigan, oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar taqchil bo‘lgan mamlakatdan qo‘nim topgan myanmalik muhojirlarning holatini tasavvur qilish qiyin bo‘lmasa kerak.

Bangladesh rasmiylari malakat qochoqlarning yangi oqimini qabul qilishga qodir emasligini ta’kidlashiga qaramay, mamlakat chegarasida juda katta rohinjalar najot kutib turibdi. Dengiz orqali mamlakatga kirmoqchi bo‘lganlarning ayrimlari suvga g‘arq bo‘lmoqda.

Myanmadan kelgan qochqinlar ko‘zda yosh bilan o‘z vatanlarida ko‘rgan jabr-zulmlari haqida, uylarning yonib kulga aylangani, yaqinlarining shafqatsizlarcha o‘ldirilganini hikoya qilishmoqda.

Foto: «The Independent»

O‘z navbatida Myanma hukumati bu xunrezliklarni oqlash maqsadida rohinja partizanlarining mahalliy buddaviylarni o‘ldirayotgani, ularni talayotganini ro‘kach qilayotir.

Maqsad nima o‘zi?

Albatta, diniy va milliy nizolar bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolmagan. Bu nizolar kimlarning, siyosiy, iqtisodiy va albatta jinoiy maqsadlariga xizmat qilishi ham hech kimga sir emas. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda Myanmadagi mojarolar foydalanuvchilarning asosiy munozara mavzularidan biriga aylangan.

Myanmalik musulmonlarga nisbatan zo‘ravonlik, qonli manzaralar aks etgan foto va videomateriallar dunyo bo‘ylab tarqalmoqda. Bu esa, qiziqqon kishilarning qahri g‘azabini adovatini, nafratini qo‘zg‘ashi, yonib turgan olovga yog‘ sepishi tabiiy. To‘g‘ri, haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ammo, «haqqoniy manzaralar» kim uchundir targ‘ibot, shaxsiy manfaatlar quroli bo‘lib xizmat qilishi ham avvaldan ravshan.

Foto: «Huffingtonpost.com»

Bir paytlar «Islom davlati» atalmish terroristik tashkilot vakillarining g‘ayriinsoniy harakatlari ham xuddi shu taxlit internet tarmog‘i orqali butun jahon ahliga namoyish qilingan, bu esa, ko‘plab insonlarda terrorizmga emas, musulmonlarga nisbatan nafrat va adovatni kuchaytirishga xizmat qilgandi. Taassufki bu jarayon hamon davom etmoqda. Bir hovuch jaholatparast kimsalarning islom nomidan amalga oshirgan jinoyatlari butun boshli din va ummatning sha’niga raxna solmoqda.

Dinlar xunrezlikni qoralaydi

Islom dini azaldan ezgulik, mehr-oqibat, xayr-saxovat, hamjihatlik dini bo‘lib kelganini hech kim inkor etolmaydi. Qur’oni karim oyatlarida, payg‘ambarimiz (s.a.v) hadislarida ham rahm-shafqat, infoq-ehson, bag‘rikenglik g‘oyat ulug‘lanadi. Zotan insonlarga rahm qilmagan bandalar Yaratganning ham rahmatidan mahrum bo‘ladi.

Buddaviylik ham qadimiy dunyo dinlaridan sanaladi. Azalda buddaviylikda nainki insonlar, hatto biror bir tirik jonzotni o‘ldirish qattiq gunoh sanalgan. Qadimgi budda rohiblari og‘izlariga chivin kirib nobud bo‘lmasin uchun maxsus to‘r tutib yurishgan. Haqiqiy buddaviy o‘z hayoti davomida amal qilishi lozim bo‘lgan beshta shartning birinchisi hech bir tirik jonga zarar yetkazmaslikdir. Shu bois buddaviylar o‘zlarini dunyodagi eng insonparvar din vakillari deb ataydilar. Ammo, Myanmadagi birodarkushlik buning aksini ko‘rsatmoqda. Nega?

Foto: «Reuters»

Sababi oddiy. Din bayrog‘i ostidagi urushlarni tarixning turli bosqichlarida, turli din va mazhab tarafdorlari o‘rtasida ko‘rishimiz mumkin. Ammo bu urushlarning asosiy maqsadida faqat o‘z e’tiqodini himoya qilish emas, shunchaki toju-taxt, shon-shuhrat va hokimiyatga intilish ekanini yaxshi bilamiz.

Bugun Yaqin sharqda, Myanmada, Afg‘onistonda, umuman dunyoning turli hududlarida yuz berayotgan qatlu qirg‘inlarning sof diniy qarashlarga umuman aloqasi yo‘q. Azaldan bir haqiqat mavjud: urushlarni «dohiy»lar boshlab beradilar, johillar davom ettiradilar, ablahlar undan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanadilar. Ulardan faqat begunoh insonlar aziyat chekadilar...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring