Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘nggi o‘q. Putin Lukashenkoga harbiy yordam ko‘rsata olmasligining 5 sababi

So‘nggi o‘q. Putin Lukashenkoga harbiy yordam ko‘rsata olmasligining 5 sababi

Foto: TASS

Belarusda 9-avgust kungi prezidentlik saylovi ortidan boshlangan norozilik chiqishlari davom etmoqda. Ko‘p sonli aholi hamda muxolifat mamlakatni 26 yildan beri idora etib kelayotgan Aleksandr Lukashenkodan iste’fo talab qilmoqda. G‘arb mamlakatlari, xususan, Yevropa ittifoqi 9 avgust saylovi natijalarini tan olmadi.

«Biz Aleksandr Lukashenkoni Belarusning qayta saylangan prezidenti deya tan olmaymiz va uni YeI hududida persona non grata deb e’lon qilamiz», – deyiladi Yevroparlament bayonotida. Rasmiy Bryussel yaqin fursatda Belarus rasmiylariga jazo choralari joriy etmoqchi. 

Keyingi kunlarda norozilik namoyishlari ish tashlashga ulanib ketdi. Mamlakatdagi yirik zavodlar ishchilari ham qayta saylov o‘tkazishni talab qilmoqda.

Aleksandr Lukashenko esa mavjud vaziyat bo‘yicha faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kengashib-maslahatlashmoqda. Kremlga navbatdagi qo‘ng‘iroqdan keyin Lukashenko ilk so‘rov yo‘llanishi bilan  Rossiya KXShT bitimi doirasida Belarus xavfsizligini ta’minlash uchun yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.

Mazkur bayonot ortidan Rossiya Belarusga qo‘shin yuborishi haqida taxmin-tusmollar yoyildi. Xo‘sh, Vladimir Putin chindan ham qo‘shni o‘lkaga qo‘shin kiritishi mumkinmi? Bu borada siyosiy tahlilchilarning fikrlariga quloq tutamiz. 

«Moskva Lukashenkoni hokimiyatda saqlab qolishni istaydi. Ammo Kreml uchun qo‘shni mamlakat yetakchisi zaif bo‘lgani ayni muddao. Negaki, bu ikki mamlakat integratsiyasi bo‘yicha loyihani amalga oshirish imkonini beradi. Kreml bor imkoniyatni ishga solib Belarusni saqlab qoladi. Ammo bu borada armiya emas, cheklangan harbiy guruh, masalan, Rosgvardiya yoki IIV kuchlari haqida taxmin qilish mumkin», – deydi «R.Politik. Reality of Russian Politics» tahlil markazi rahbari Tatyana Stanovaya. Ammo tahlilchi cheklangan harbiy kuch yuborilishini ham ehtimoldan yiroq deb hisoblaydi. Chunki kam sonli guruhning kiritilishi ham Lukashenkoning vaziyatni mustaqil holda idora eta olmasligi va uning hokimiyati umri tugaganini anglatadi.

«Putin Belarusdagi vaziyatga bevosita aralashmaydi. U tashqi siyosiy avantyuralar vaqti o‘tganini yaxshi anglaydi», – deydi siyosatshunos Abbos Gallyamov. Qayd etilishicha, Belarusga Rossiya qo‘shinining  kiritilishi Putinning o‘zi shundoq ham ko‘ngildagidek bo‘lmagan ichki reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

«Lukashenko, garchi hokimiyatdan ketmasligini e’lon qilgan bo‘lsa-da, amalda mag‘lub bo‘ldi. Mag‘lubiyat esa xatar ko‘lamini oshiradi: u uchun Belarusda harakat maydoni toraydi, G‘arb bilan aloqalarda o‘yin imkoniyati qolmadi. Ortga chekinib bo‘lmaydi, ayni choqda, oldinga ham qadam tashlash imkonsiz. Faqat Rossiyaga umid qilish mumkin. Oqibat esa noma’lum: yo najot arqoni tashlanadi, yo cho‘ktirib yuboriladi», – deya mavjud vaziyatni izohlaydi siyosatshunos Liliya Shevsova.

Qayd etilishicha, Lukashenkoga ortiqcha yon bosish Belarusda aksilrossiya kayfiyatini kuchaytirishi mumkin, bu esa pirovardida Putinning azaliy orzusi – ittifoqdosh davlat tuzish g‘oyasini chippakka chiqaradi. Siyosatshunos Kremlning «qo‘l»ini bir necha marta tishlagan, ayni paytda esa xalq qo‘llovidan mosuvo bo‘lgan qo‘shni davlat rahbarini Moskva uchun boshog‘riq deb ataydi.

«Rossiya qulayotgan hukumatni qo‘shin yordamida qutqarmaydi. To‘g‘ri, yetakchining o‘zini olib chiqish ketishi mumkin, ammo ichki dastakdan ayrilgan rejimni saqlab qolishga harakat qilmaydi», – deydi siyosiy ekspert Artem Shrayban.

So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, aksar beloruslar Rossiya bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolish tarafdori. Namoyishchilar ham aksilrossiya kayfiyatida emas. Qo‘shin kiritilishi esa Rossiya uchun og‘ir oqibatlarga olib keladi, mamlakat Ukraina kabi yana bir qardoshidan ayriladi. Siyosiy ekspertga ko‘ra, hozirgi vaziyatda rasmiy Moskva yuridik jihatdan ham Belarusga qo‘shin kirita olmaydi. KXShT bitimi a’zo davlatga tashqi agressiya ro‘y bergan holatdagina harbiy ko‘mak berishni ko‘zda tutadi. Belarusda esa vaziyat butkul o‘zgacha: fuqarolarning o‘z haq-huquqini talab qilishini tashqi agressiya deb baholashni sog‘lom aql qabul qila olmaydi. 

Carnegie.ru tahliliy sayti bosh muharriri Aleksandr Baunovga ko‘ra, Vladimir Putinning boshqaruvi davrida norozilik namoyishlari orqali 6 nafar sobiq ittifoq respublikasi rahbari hokimiyatdan ketkazildi. Ammo Putin faqat Ukraina prezidenti Viktor Yanukovichgagina jiddiy ko‘mak berdi. Ayni choqda, Rossiya rahbari Belarusni ham Ukraina kabi yo‘qotishdan qo‘rqadi. Tahlilchiga ko‘ra, hozirgi vaziyatda Vladimir Putin uchun eng muhimi Rossiya–Belarus ittifoqdosh davlati masalasidir. Agar Lukashenko ittifoqdosh davlat g‘oyasini dastaklasa, Putin u tomonda bo‘ladi. Agar amaldagi prezidentga qarshi guruhlar Rossiya bilan ittifoqchilikni tanlasa, Kreml ularga ko‘mak beradi. 

«Lukashenko barcha yakkahukmdorlar kabi so‘nggi o‘qi qolguncha kurashishi aniq. Uning hozirgi pozitsiyasi ham shundan dalolat beradi. Lukashenko Rossiyani imkon qadar tezroq ushbu ziddiyatga tortishga urinmoqda. Bu maqsadda u sun’iy ravishda Litva yoki NATOning boshqa biror davlati bilan ixtilof ham yuzaga keltirishi mumkin. Ana shunda Rossiya KXShT a’zosi sifatida  Belarusdagi vaziyatga aralashadi», – deydi University college of London ilmiy xodimi Vladimir Pastuxov. Ta’kidlanishicha, Belarusda aksilrossiya kayfiyati kuchayib, yevropaparast kuchlar yetakchilikni qo‘lga olsagina Putin qaltis ishga qo‘l urishi mumkin. Ammo ehtimoliy bu hodisa ulkan fojiaga olib keladi, deb hisoblaydi V.Pastuxov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring