Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amudaryo quyi oqimida xavotirli vaziyat. Tuyamo‘yin suv ombori ham «quriyapti» – ekspert

Amudaryo quyi oqimida xavotirli vaziyat. Tuyamo‘yin suv ombori ham «quriyapti» – ekspert

7,8 mlrd m.kub hajmdagi suv sig‘imiga ega Tuyamo‘yin suv omborida 2022-yil may holatiga 2,2 mlrd m.kub suv yig‘ilgan.

«Mazkur ko‘rsatkich suv omborning «o‘lik sath»idan ancha past sathdagi qiymat hisoblanadi. Ehtimol, suv ombor tarixidagi eng past sathdir», – deb yozmoqda gidrometeorolog tadqiqotchi Erkin Abdulahatov.

Qayd etilishicha, ketma-ket uch yildirki suv omborida suv sathi «o‘lik sath»i atrofida tebranmoqda. eos.com saytidan olingan suratlarda ham suv ombori ichidagi suv hajmi sezilarli darajada ozayganini ko‘rish mumkin.

Bu esa Orol bo‘yi akvatoriyasining vegetatsiya davrida suv bilan ta’minlashda mintaqada muammoli vaziyatni keltirib chiqarishi mumkin.

«Uchinchi yildirki, Tuyamo‘yin suv ombori sathi uzoq oylar davomida «o‘lik sath»idan pastda qolib ketmoqda.

Amudaryo o‘rta oqimida turkmanlarga suv chiqib ketish hajmi ham yildan yilga kamayishiga qaramay, quyi oqimda vaziyatni nazorat qilish qiyin kechyapti», – deydi tadqiqotchi Abdulahatov.

Tadqiqotchiga ko‘ra, Amudaryo suvi kamayishi (kamsuvlilik davr) oxirgi yillarda tez-tez kuzatilmoqda. 2008, 2011, 2018 va 2021-yillar daryoda tarixiy kam suvlilik kuzatilgan. Salbiy tendensiya iqlim o‘zgarishi va mintaqaviy sabablar fonidan yuz beryapti, suvdan noto‘g‘ri foydalanish, eskirgan sug‘orish usullari, aholi soni ortishi, suv omborlar ko‘payishi, yirik kanallarda suv olish hajmining ortishi quyi oqimda vaziyatni og‘irlashtirmoqda.

Shuningdek, oxirgi 20 yilda Amudaryo quyi oqimida suv yetishmasligi kuchaygan va bu davr mobaynida daryoda atigi bir martagina suv toshqini (2010-yil) kuzatilgan.

«20 yillik ichida boshqa suv toshqin kuzatilmadi va Orolning sharqiy qismida hech qanday ko‘l hosil bo‘lishi kuzatilmadi.

Hozirda barcha prognozlar Amudaryo quyi oqimida suv taqchilligi yildan yilga og‘irlashishini ko‘rsatmoqda.

Keyinroq quyi oqimidagi vaziyat o‘rta oqimiga o‘tadi. Quyi oqimidagi suv tanqisligi yaqin yillarda kritik nol darajagacha pasayadi va afsuski, yashil maydonlarni sug‘orishga suv yetmay qolishiga olib keladi», – deya o‘z xavotirini bildirmoqda mutaxassis.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring