Jamiyatda ilm targ‘iboti
Men hayotda qat’iy ishonch bilan yashaydigan maslak shuki, aynan ilm-fan insoniyat sivilizatsiyasini yetaklab boradigan kuchdir. Tarixning qaysidir bosqichida muayyan sivilizatsiya o‘z zamonasining eng ilg‘ori bo‘lgan bo‘lsa, bunga hech bir istisnosiz, faqat va faqat ilm-fan borasida boshqalardan ilg‘or bo‘lgani evaziga erishgan. Aksincha, qaysidir tamaddun o‘z nufuzini yo‘qotib, oqibatda boshqalarga mute bo‘lib, inqirozga yuz tutgan bo‘lsa, u ham o‘sha jamiyatda ildiz otgan ilmsizlik va johillik oqibatida shunday ahvolga tushgan. Zero, Beruniy hazrat aytganidek, ilmga rag‘bat yo‘q joyda johillikka moyillik paydo bo‘ladi.
Fikrimcha, biz o‘zbeklar orzu qilgan taraqqiyot ham yoki turli fitna-fasodlardan najot ham faqat ilmdan keladi. Shunga ko‘ra yarim final imkoniyatidan foydalanib, jamiyatimizda ilmni yanada kengroq yoyish borasidagi anchadan buyon dilimda tugib kelayotgan fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Maslakdoshlarni va ilm-fanni xalq orasida yoyishdek ezgu ishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor metsenatlarni topish niyatim ham yo‘q emas...
Xo‘sh, ilmni yanada kengroq yoyish deganda nimani nazarda tutayapman o‘zi? Xorijda «Popular Science», ruslarda «Populyarnaya nauka» deyilguvchi bu narsa ilmiy tushunchalar haqida tushunarsiz terminologiyadan xoli ravishda, murakkab formulalarsiz, xalqchil tilda, ya’ni ommabop tarzda bayon qilishni nazarda tutadi. Ilmni jamiyatda keng yoyish orqali undagi ziyoli qatlam salmog‘ining ortishiga erishiladi. Natijada biz shunchaki savodli jamiyat emas, balki ziyoli jamiyat barpo etamiz. Biz orzu qilgan kuchli fuqarolik jamiyati ziyolilar qatlamining potensiali ustiga barpo etilsa yaxshiroq bo‘ladi albatta. Jamiyatda ilm-fanni ommalashtirish ayniqsa undagi yoshlar qatlami uchun o‘ta muhimdir. Chunki aynan hozirgi yoshlarning intellektual darajasi butun boshli jamiyatning yaqin va uzoq kelajagini belgilab beradi. Boz ustiga qonun ustuvorligini anglaydigan, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan, ongli ravishda, sidqidildan xalqqa xizmat qiladigan komil shaxsni shakllantirishda ham yoshlarga ilm-ma’rifatni singdirishga asoslangan tarbiya yaxshiroq samara beradi. Fikrimcha, bu usul har qanday boshqa usullardan ko‘ra, aytaylik tadbirbozlikka asoslangan targ‘ibot kampaniyalaridan va nuqul teologik ta’limotga asoslangan tarbiyadan ko‘ra samaraliroq bo‘lgan bo‘lur edi.
Ilm jamiyatda keng yoyilishidan kimlar manfaatdor bo‘ladi?
Albatta birinchi navbatda jamiyat va fuqarolarning o‘zi. Insonga tabiatan xos bo‘lgan borliqni anglash va zamondan orqada qolmaslik singari fundamental ehtiyoj uchun hozirgi zamonda savodli bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Shu sababli har bir odam uchun albatta zamonaviy ilmdan boxabarlik zarur (hech bo‘lmasa «nazariy minimum» darajasida).
Ikkinchidan, odamlar orasida ilmning yoyilishidan biznes va sanoat ham kuchli manfaatdor. Chunki biznesning va ishlab chiqarishning ravnaqi yoki kasod bo‘lishi yuqori malakali kadrlarga bog‘liq.
Uchinchidan, olimlar, ya’ni akademik elita manfaatdor. Ular uchun o‘zlariga yangi shogirdlarning uzluksiz yetishib kelishi hamda ilmning ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini asoslash muhimdir.
Lo‘nda qilib aytganda, jamiyat orasida ilmni imkon qadar keng yoyish hech kim yutqazmaydigan va natijasi istisnosiz ravishda faqat ijobiy bo‘ladigan harakat bo‘lur edi. Shu nuqtai nazardan jamiyatda ilmni yoyishga kiritiladigan sarmoya butun kelajakka tikilgan sarmoyadir desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Taassufki, ayni paytda bizning jamiyatimizda ilmni keng yoyish amaliyoti deyarli e’tibordan chetda qolgan. Shu bois keyingi satrlarda biroz pessimistik mulohazalar keltiraman.
Kuzatishimcha, hozir bizda ayrim entuziastlarni hisobga olmaganda jamiyatda ilm targ‘iboti bilan deyarli hech kim shug‘ullanmayapti. Televideniye va matbuotda onda-sonda beriladigan ilmiy dasturlarning ko‘lami sport dasturlari va ko‘ngilochar-musiqiy dasturlar, ayniqsa tuzi past qo‘shiqlardan iborat bema’ni shou dasturlar ko‘lami bilan taqqoslab bo‘lmas darajada g‘arib. Bor ilmiy dasturlarda ham hech qanday izchillik va uzviylik yo‘q...
Xo‘sh, do‘ppini bir chetga qo‘yib mulohaza qilib ko‘rsak. Bizning jamiyatimizda ilmning keng yoyilishi yo‘lida uchrayotgan asosiy muammolar nimada?
O‘ylashimcha, eng birinchi muammo jamiyatda ilmni yoyishdan, ya’ni jamiyat a’zolarining maksimal ilmli bo‘lishidan eng katta manfaatdor kishilar – akademik elitaning ushbu yo‘nalishga, ya’ni «Popular Science»ga ikkinchi darajali yumush deb qarashidir. Albatta, Fanlar akademiyasi a’zosi bo‘lgan yoki boshqa turli darajadagi olimlarning birinchi galda e’tibor qaratadigan asosiy tadqiqot muammosi bo‘ladi. Ular o‘sha ishdan chalg‘ishni istashmasa kerak. Shunga qaramay, jamiyatni zamonaviy ilm-fanning ilg‘or tendensiyalari bilan tanishtirib boradigan, boshqacha aytganda, ilm-fan yutuqlari haqida xalqni «birinchi qo‘l» prinsipida boxabar qilishi kerak bo‘lgan shaxslar aynan olimlarning o‘zi bo‘lishi darkor. Aynan shu narsa ilmiy tushunchalarning noto‘g‘ri talqin qilinishidan va turli miflar (miyaning atigi 10 foizi ishlashi kabi) tarqalishidan jamiyatni ihota qilgan bo‘lardi.
Taassufki, bizda hanuzgacha Ayzek Azimov, Sergey Kapitsa yoki Jim al-Xaliliy singari ham olim, ham ilmiy populyarizator bo‘lgan shaxs yarq etib ko‘zga tashlanmadi. Men mediamagnat bo‘lmish «BBC-Science»ning ilmiy mualliflar jamoasiga cheksiz havas qilaman. U yerda Brayan Koks, Markus dyu Sotoy, Jim al-Xaliliy singari o‘z sohasida zamonaviy ilm-fanning eng yetakchi olimlaridan iborat butun boshli populyarizator-mualliflar pleyadasi shakllangan. «BBC-Science» berib borayotgan ilmiy-ommabop dasturlarning sifati ham shunga munosib. Afsuski, bizda biror-bir maxsus ilmiy telekanal tugul, shaxsan olimlar yuritadigan mualliflik dasturlari ham, hech bo‘lmasa biror o‘zbekcha ilmiy «Youtube» kanali ham yo‘q (yoki men ko‘rmaganman).
Ikkinchidan, o‘zi olim bo‘lmasa-da, lekin ilmni yaxshi tushunadigan, ilm-fanning ilg‘or qanoti bilan hamnafas ijod qiluvchi; olimlar va fuqarolar orasida ko‘prik bo‘la oladigan mahoratli ilmiy jurnalistlarimiz ham yo‘q. Ochig‘i, o‘zini «san’atkor» deb ataydigan ashulachi va artistlarni TV va matbuotga olib chiqib, ularni «san’atga ilk qadamlari»dan boshlab so‘roqqa tutadigan «jurnalist»lar san’at tushunchasining tom ma’noda siyqasini chiqarib bo‘lishdi. Shu tufayli oddiy xalq ko‘chada biror zahmatkash olimni ko‘rsa tanimasligi 99 foiz aniq, lekin olachipor ishtoni bilan har kuni TV to‘rini bo‘shatmay kelayotgan bachkana artistni aniq taniydi. Shu sababli ham oddiy xalq tasavvuridagi millat elitasi olimlar va ziyolilar emas, balki artistlar bo‘lib qolgan.
Boz ustiga, shu choqqacha bizning OAVda haqiqiy olimni va uning ilmiy ishlarining mohiyatini elga ko‘rsatib bera oladigan yaqqol dastur yoki loyiha bo‘lgan emas... Mavjudlari esa asosan yuqorida aytilgan «National Geographic», «Horizon», «BBC-Science» va shunga o‘xshash xorijiy ilmiy TV-brendlardan olingan ilmiy-ommabop filmlarni birmuncha no‘noq tarjimada uzuq-yuluq namoyish qilish bilan band.
Uchinchidan, ilmiy-ommabop kitoblar yozuvchi mualliflarimiz ham deyarli yo‘q. E’tibor bering, ilmiy-fantastika emas, aynan ilmiy-ommabop asarlar kerak bizga. Maktab darsliklari ilm-fanni biroz zerikarli, lekin muayyan izchillik bilan yoritadi. Har holda maktab darsliklarida o‘smir yoshdagi bola psixologiyasidan kelib chiquvchi muayyan qolip mavjud bo‘ladi va undan chetga chiqilmaydi. Biroq jamiyatning boshqa qatlamlari, masalan, kitobxon uy bekalari uchun ilmiy mavzularni xalqona, tushunarli qilib yoritib beradigan o‘zbekcha kitoblar kam.
To‘rtinchidan, ilm-fanni jamiyatda keng targ‘ib qilish va yoyish bilan shug‘ullanuvchi maxsus tashkilotlarimiz yo‘q. Aslida yuqorida qayd qilingan hamma muammolarning sababi ham shu bo‘lishi mumkin. Chunki ilmni keng tarqatish uchun tayyor potensialga ega olimlar va ziyolilarning boshini birlashtirish, ishlarni rejali va samarali tashkil qilish uchun hech bo‘lmasa bitta uyushma, eng yaxshisi esa kuchli huquqiy va moliyaviy fundamentga ega maxsus fond kerak bo‘ladi...
O‘ylashimcha, ishni eng avvalo ilm-fanni OAVda keng targ‘ib qilishdan boshlash kerak (hech bo‘lmasa ijtimoiy reklama tarzida). Boshlanishiga bor telekanallar negizida maxsus soatlar tashkil qilinsa ham bo‘ladi. Lekin «Ilmiy» nomli milliy TV-brend tashkil qilish eng yaxshi yechim bo‘lar edi. Bu kanalda turli interaktiv ilmiy tajribalar, olimlar bilan intervyular, qiziqarli ilmiy-ommabop filmlarning muntazam namoyishi yo‘lga qo‘yilsa, menimcha, reytingi nuqul musiqa qo‘yadigan yoki nuqul kino ko‘rsatadigan ixtisoslashgan kanallardan kam bo‘lmaydi.
Qolaversa, zamonaviy dunyodan ortda qolmagan holda aholi orasida katta qiziqish uyg‘ota oladigan xorijiy mualliflarning bestseller ilmiy-ommabop asarlarini tarjima qilish va nashr etish muhim. Basharti, bu borada hali-beri o‘zbek mualliflarining milliy asarlari yo‘q hisobi ekan, hozir jahon darajasida ommalashgan juda ko‘p ilmiy-ommabop asarlarni o‘zbek tiliga o‘girib nashr qilish bilan bu muammoni hal qilsa bo‘ladi (bunga o‘zim imkon qadar harakat qilib kelmoqdaman). Hozirgi davr jahon miqyosida mashhurlikka erishgan ilmiy-ommabop asarlardan Ayzek Azimov, Stiven Hoking, Michio Kaku, Klifford Pikover, Ilya Leyensonning kitoblari yoki brend nashriyotlar chiqargan maxsus ilmiy-ommabop kitob seriyalari («Matematika olami», «Buyuk ilmlar», «30 soniya ichida», «Buyuk nazariyalar» singari) o‘zbek tiliga tarjima qilinsa boshlanishiga keng ilmiy targ‘ibot uchun yaxshigina zamin bo‘la oladi.
Qolaversa, ilmni yoyishda yuqorida sanab o‘tilgan an’anaviy targ‘ibot usullaridan – OAV potensialidangina foydalanib qolmasdan, odamlarning e’tiborini torta oladigan boshqa yo‘llardan ham foydalanish mumkin. Xususan, interaktiv ilmiy muzeylar, muntazam davriy ilmiy festivallar, turli xil ilmiy kvestlar uyushtirish ham yaxshi samara beradi.
Lekin shuncha ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish uchun bizga albatta biror-bir maxsus tashkilot zarur bo‘ladi. Mening tasavvurimdagi ideal holatda bu tashkilot NTT ko‘rinishida bo‘lib, u o‘sha biz aytgan «Ilmiy» telekanalini tasarruf qilishi, olimlar va aholi o‘rtasida turli uchrashuvlar uyushtirishi, ilmiy-ommabop kitoblarning nashr etilishiga ko‘maklashishi kerak. Uning qoshida o‘z nashriyoti ham bo‘lsa nur ustiga nur bo‘ladi. Qolaversa, ilmiy populyarizatorlarni qo‘llab-quvvatlash ham ushbu fondning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasiga kirishi zarur.
Bunday fondlar rivojlangan mamlakatlarda allaqachon faoliyat ko‘rsatmoqda. Masalan, AQShda «Ilm-fan taraqqiyotiga ko‘maklashish assotsiatsiyasi», Rossiyada «Dinastiya» fondi mavjud. Ularning faoliyatini o‘rganish, tajribalarini o‘zlashtirish orqali O‘zbekistonda ommaviy ilm-fan targ‘ibotini yurituvchi biror milliy tashkilot tuzilsa zo‘r ish bo‘lur edi.
Shuningdek, olimlarning va ilm-fanning obro‘sini yanada orttiradigan boshqa choralarni ko‘rishimiz kerak. Olimlarning o‘zi uchun, ya’ni ilmiy-ommabop soha uchun emas, aynan akademik ilm uchun atalgan mulohaza va takliflarim ham bor. Ular haqida esa nasib qilsa keyingi bosqichda gaplashamiz.
Muzaffar Qosimov
Ushbu blogpost Blogerlar chempionatining ikkinchi bosqichida ishtirok etdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter