Oliy ta’limdagi muammolar. Mushukning bo‘yniga qo‘ng‘iroqni kim osadi?

26 iyun kuni Xalqaro press-klubning O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasiga bag‘ishlangan bir oylik sayyor sessiyalari xulosalari yuzasidan yakuniy muhokamasiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvni diqqat bilan kuzatdik. Unda ta’lim bilan bog‘liq bo‘lgan sohaga mas’ul vazirliklar vakillari va respublikamiz oliy o‘quv yurtlarining rektorlari, talabalar ishtirok etdi. Deyarli uch soatga cho‘zilgan yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar jahonning eng rivojlangan davlatlari qatoridan joy egallashni maqsad qilgan mamlakatimiz ta’lim tizimida keyingi yillarda ko‘plab muammolarning yig‘ilib qolganligi, ochig‘i, yutuqlarimizdan ko‘ra muammolarimiz ancha salmoqli ekanligini ko‘rsatdi. Kelajak avlod tarbiyasi, internet-kompyuter texnologiyalarini egallagan, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan kadrlarni yetishtirish, ularga jahon ilm-fani andazalariga mos ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida bilim berish masalasining davrning eng dolzarb masalasi sifatida kun tartibiga qo‘yilishi va keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilinishi ilm ahlini quvontirgan bo‘lsa, ta’lim tizimidagi bugungi haqiqiy ahvol, maqsadga erishish yo‘lidagi sun’iy to‘siqlar ko‘nglimizni g‘ash qildi.
Xalqaro press-klubning mazkur sessiyasida hammani tashvishga solayotgan asosiy masala – bizning oliy ta’lim tizimimiz qanday bo‘lishi kerak, uning mukammalligi, bekamu ko‘st bo‘lishi uchun nima qilishimiz, qanday vazifalarni amalga oshirishimiz lozim degan savollarga javob izlandi. Buning uchun bu masalaga aloqador vazirliklar, muassasalar vakillari o‘z fikrlarini bildirdilar va imkon qadar bu boradagi haqiqiy vaziyatni ko‘rsatib berishga harakat qildilar. Tahlil jarayonida bu muammoni bartaraf etish birgina oliy ta’lim muassasasining o‘ziga bog‘liq emasligi, bir qator vazirliklar va tashkilotlarni bog‘lab turuvchi ko‘rinmas iplar muammoni yanada chigallashtirayotganligi ma’lum bo‘ldi. Shu bois bir muammo tilga olinar ekan, u bilan bog‘liq navbatdagi muammo ko‘ndalang bo‘laverdi. Ta’lim sifatini yaxshilash, kadrlar tayyorlash ishlarini rivojlantirish uchun ishni nimadan boshlash kerak degan masalaga ta’lim tizimi tashkiliy strukturasini o‘zgartirishdan boshlab oliy ta’lim muassasasiga moliyaviy masalalarni hal qilishda erkinlik, qulayliklar yaratish, o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashi, malakasini oshirish, talabalar bilimini nazorat qilishning talabga javob bermasligi, ta’limga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, oliy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida hamkorlikning yo‘qligi ma’lum darajada salbiy oqibatlarni keltirib chiqarayotganligi, axborot-resurs markazlari, internet tizimi, elektron adabiyotlar zaxirasini yaratish ishlarining sustligi, laboratoriyalar va ulardagi zamonaviy asbob-uskunalar yetishmasligi, kutubxonalardagi ilmiy adabiyotlarning ko‘pchiligi eskirganligi, bakalavr va magistraturaga qabulning shaffof emasligi, ota-onalar bilan aloqalarning ko‘ngildagidek emasligi kabi o‘nlab muammolar atrofida javob izlandi.Ta’lim sifatining keskin pasayib ketishiga ertadan kechgacha universitetda bo‘lib, kechki bo‘limdan darsdan chiqib tun yarmigacha ilm qilish o‘rniga talabaalarning turli mustaqil ishu referatlarini varaqlagan, biror maqola yozishga, o‘z ustida ishlashga vaqt topa olmayotgan o‘qituvchi aybdormi yoki faqatgina diplom olish uchun o‘qib, imtihon sessiyalarida qing‘ir-qiyshiq yo‘l izlaydigan talaba aybdormi yoki buning uchun ota-ona javobgarmi kabi masalalar tahlilga tortildi. Har holda fikrlar rang-barang bo‘lsa-da, maqsad yakdilligi sezilib turdi.
Albatta, masalaning qo‘yilishi yaxshi, ammo ko‘tarilgan muammolarning barchasiga birdaniga yechim topish qiyin.Shuning uchun nazarimizda mas’ul vazirliklar vakillari tomonidan bildirilgan javoblar ham to‘liq va yetarli bo‘lmadi. Kun tartibiga qo‘yilgan masala ochiqligicha qoldi. Ko‘tarilgan birorta masala bo‘yicha aniq xulosaga kelinmadi. Agar mamlakatimiz ta’lim tizimini jahon ilm-fani andazalariga tenglashtirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini inobatga olsak, masalaning Xalqaro press-klub muhokamasiga qo‘yilishini bu boradagi dastlabki qadam deyish mumkin. Sessiyada ko‘tarilgan masalalar achchiq bo‘lsa-da, bor gap. Undan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Sessiya esa hammani hushyorlikka, o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishga da’vat etdi.
Bizningcha, Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyalarida mazkur muammolarni mas’ul vazirliklar vakillari ishtirokida navbati bilan ko‘rib chiqish va aniq chora-tadbirlarni belgilab olish lozim. Bir yig‘ilishda ta’lim tizimining tashkiliy strukturasi muhokama qilinsa, boshqasida moliyaviy masalalarga e’tibor qaratilsa, yana boshqasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha rahbarlar emas, ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislar fikrlari tinglansa muammolarni bartaraf etish yo‘llari yanada aniq bo‘lardi. Shundagina har bir masalaga aniq yechim topiladi. Aks holda har bir soha muammolari birdaniga o‘rtaga tashlanar ekan, mushukning bo‘yniga qo‘ng‘iroqni kim osadi degan masalaning kun tartibidan tushmasligi aniq.
Boynazar Yuldoshev
Qarshi Davlat universiteti
Filologiya fanlari doktori,
professor
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter