Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda notiq pedagoglarni rag‘batlantirish uchun 1 milliard so‘m ajratilishi mumkin

O‘zbekistonda notiq pedagoglarni rag‘batlantirish uchun 1 milliard so‘m ajratilishi mumkin

Foto: oratoris.ru

Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti binosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Abduhakimov Aziz Abduqahhorovich raisligida ta’limdagi islohotlar, ijro, muammo va yechimlar borasida hisobot mazmunidagi tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori ta’lim jarayonida innovatsion va investitsion faoliyatning samarasi, rivojlangan davlatlarning ta’lim muassasalari bilan olib borilayotgan xalqaro hamkorlik va imzolangan memorandumlar natijalari, katta summa miqdoridagi investitsiya kiritilishi borasida qilinayotgan harakatlar haqida mufassal hikoya qildi. Bosh vazir o‘rinbosari harakat va vazifalar samarasi shunday bo‘lishi kerakligini alohida uqtirib, rektorga minnatdorchilik bildirdi.

So‘ngra taklif va istaklarni aytgan professor o‘qituvchilarga o‘z mulohazalarini bildirib, ularning takliflariga muvofiq, hal etishning imkoniyatlari borasida tegishli mutasaddi shaxslarga vazifalar yukladi. Takliflar oqimida kamina ham ta’limning sifat va samarasini belgilovchi omil pedagogning kommunikativ kompetensiyasi bilan daxldor ekanini, bu bo‘yicha maxsus 36 soatlik nazariy-amaliy mexanizm borligini e’tirof etdim. Misol tariqasida aytish joizki, Rossiya imperatori Pyotr 1 o‘z vaqtida ta’limga oid shunday farmon qabul qilgan ekan. «Jismonan nosog‘lom va nutqiy nuqsoni bor bo‘lgan kishi garchi yaxshi mutaxassis bo‘lsa ham sinfga kiritilmasin. Chunki, o‘quvchilar taqlidchi va tanqidchi bo‘lishadi, bu esa dars samarasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi».

Qaysi fandan dars bermasin, qay darajada unvon va yetuk bilimga ega bo‘lmasin, axborot kompyuter texnologiyalarini o‘zlashtirgan bo‘lmasin, pedagog nutq mahorati, muloqot madaniyati va notiqlik san’atini egallash zarur. Busiz ta’limning ijobiy natijasi, sifati va samarasi haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas.

Kommunikativ kompetensiya til taktikasini talab etar ekan, uning ikki asosi bor – biri lingvistik, ikkinchisi nutqiy kompetensiya. Ma’naviyatning muhim belgisi savodxonlik bo‘lib, uning ikki qanoti esa og‘zaki va yozma nutq madaniyatini to‘la-to‘kis egallashdir. Shuning uchun ham til taktikasi taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmi, undan foydalana olish mahorati har bir pedagogning birlamchi vazifasi bo‘lishi kerak. O‘z ustida ishlash so‘z ustida ishlashdan boshlanishini unutmaslik kerak.

Bosh vazir o‘rinbosari taklif va fikrimizni tasdiqlay turib, «ayrim talabalardan so‘raganimizda, oraliq va joriy nazorat uchungina darsga kirishga majburmiz, o‘qituvchilarning ko‘pchiligi bizni dars berish usuli bilan qiziqtirmaydi, nutqiy malakasi yo‘q», deyishganining ko‘p bor guvohi bo‘lganman deya ta’kidladi. O‘z faniga, mavzuiga qiziqtira olmagan o‘qituvchining talabani izidan ergashtira olishi, aslo, mumkin emas.

Kamina «Pedagogning kommunikativ kompetensiyasi» bo‘yicha 36 soatlik nazariy-amaliy mexanizm borligini, bu dastur «Notiqlik san’ati akademiyasi» ta’lim muassasasi tomonidan tayyorlanganini aytib, «o‘rtacha o‘qituvchi bayon qiladi, yaxshi o‘qituvchi tushuntiradi, mashhur o‘qituvchi namoyish qiladi, buyuk o‘qituvchi ilhomlantiradi», degan Uilyam Uordning fikrini keltirganim zahoti Aziz Abduhakimov eng yaxshi notiq pedagoglarni saralash, o‘qitish, rag‘batlantirish uchun 1 milliard so‘m ajratilishi kerakligini, shu bilan bog‘liq holda, grant yutib olish zaruratini vazifa sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev zimmasiga yukladi.

Ikki yarim soat davom etgan tadbir davomida professor-o‘qituvchilar o‘z kasb taqozosi nuqtai nazaridan yetarli yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalarga ega bo‘lishdi.

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI matbuot kotibi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring