Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda oliy ta’limni isloh qilish: muammolar va takliflar

O‘zbekistonda oliy ta’limni isloh qilish: muammolar va takliflar

Foto: «34travel.me»

Ushbu maqolada oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan fikr-mulohazalar berilib, uni yanada isloh etish bo‘yicha mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan konseptual g‘oyalar taklif etilgan.

Maqolani yozishga sohada olib borilayotgan ishlarga befarq emasligim undadi, o‘z bilim va tajribamni keng jamoatchilik bilan bo‘lishgim keldi va shu tariqa soha rivojiga oz bo‘lsa-da foydam tegsin degan yaxshi niyat bilan boshladim.

Tashkiliy-huquqiy masalalar

Hozirda oliy ta’lim muassasalari (OTM) oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun ular tom ma’noda mustaqil bo‘lishi, barcha turdagi bo‘ysunishlar bekor qilinishi talab etiladi. Barcha OTMlar nodavlat notijorat tashkilot (NNT) shaklida qayta tashkil etilishi lozim. Ularning rahbarlari esa shu OTM jamoasi tomonidan ma’lum bir muddatga, misol uchun, 4 yilga saylanishi mumkin.

Barcha OTMlar faoliyati uchun bir xil huquqiy asos va sharoitlar yaratilishi darkor. Ularning moddiy texnika bazasini yaxshilash nur ustiga nur, albatta, biroq biz OTMlarning barqaror rivojlanishi uchun tizim yaratishga erishishimiz zarur. Shunda OTMlarimizda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlariga mos mutaxassislar yetkazib berish imkoniyati ortadi.

Savol tug‘ilishi tabiiy: bunda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining (OO‘MTV) roli qanday bo‘ladi? Vazirlik OTMlarning ushbu transformatsiyasiga metodik yordam berishi kerak, misol uchun, NNT shaklidagi OTMlarning namunaviy nizomini ishlab chiqish. Transformatsiya tugashi bilan vazirlik ham NNT shaklida qayta tashkil etilib, unga OTMlarning akkreditatsiya va attestatsiyasini o‘tkazish vazifasini yuklash mumkin.

OTMlar — investitsiya manbaasi

O‘zbekistonga xorijiy investorlarni jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Aslida OTMlar ham yaxshi investitsiya manbaasi ekanligini unutmaslik kerak.

Keling, bir taxminiy hisob-kitob qilib ko‘raylik. YuNESKOning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda O‘zbekistondan chetga o‘qishga ketgan talabalar soni 34990 nafar bo‘lgan. Buni 35 ming deb yaxlitlab olsak, xorijda o‘rtacha o‘qish puli 7 ming dollar, yashashga yana 5 ming dollar ketsa, demak, O‘zbekistondan bir yilda 420.000.000 (to‘rt yuz yigirma million) AQSh dollari chiqib ketadi, buni yana 4 yilga ko‘paytirsak 1.680.000.000 (bir milliard olti yuz sakson million) AQSh dollariga teng bo‘ladi.

Ha, bu ancha-muncha mablag‘, shunday emasmi? Uning ozroq qismiga bir nechta yangi OTMlar tashkil etish yoki borlarini kuchaytirib, ko‘proq talabalarni qabul qilish hamda xorijdan manaman degan professorlarni olib kelib, OTMlarimizda ishlatish mumkin. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q deb shunga atishsa kerak-da! Buni amalga oshirish uchun bizga nima to‘sqinlik qilmoqda?!

Bunga bir yechim sifatida yuqorida keltirilgan takliflarni jadallik bilan joriy etish darkor. Agar shu kabi mablag‘lar jalb etilib, to‘g‘ri yo‘naltirilsa, bizdagi OTMlar ham dunyo reytinglaridan bemalol joy olishi mumkin hamda haqiqiy innovatsiya markazlariga aylanishi ham hech gap emas.

Yuqorida qayd etilganidek, davlat NNT shaklidagi yangi OTMlarni tashkil etish va faoliyati uchun teng shart-sharoit yaratishi zarur. Kerak bo‘lsa, ushbu masalada davlat dasturi qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Xususiy OTMlar

Shu o‘rinda hozirda tashkil etilayotgan xususiy OTMlarni mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) shaklida tashkil etish amaliyoti oliy ta’lim tizimi xususiyatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Buning sababi quyidagilardan iborat.

MChJlar tijorat tashkilotlar turiga kiradi. Ularning maqsadi daromad olish va tashkil etgan muassislar o‘rtasida taqsimlashdan iborat. OTM esa daromad topib, bo‘lishib oladigan dargoh emas.

Shu bois ularning NNT shaklida tuzilishi maqsadga muvofiq. Chunki NNT shaklidagi OTMlarning ishlab topgan pul mablag‘lari faoliyatini rivojlantirish va professor-o‘qituvchilarga maosh to‘lash va boshqa ehtiyojlarga ishlatiladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, NNTlar ham tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin, faqat ularda olingan daromadni muassislar o‘rtasida taqsimlash huquqi yo‘q — bu esa OTMning maqsadiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, har bir xususiy OTM bo‘yicha alohida hukumat qarori qabul qilinishi, turli imtiyozlar berib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish amaliyoti ham yaxshi natijalarga olib kelmaydi. Chunki oliy ta’lim tizimida ham sog‘lom raqobat muhiti bo‘lishi shart. Yuqorida ta’kidlanganidek, barcha OTMlarning faoliyat olib borishi uchun yagona huquqiy asos – bir xil sharoitlar yaratilishi lozim.

Xorijiy OTM filiallari

Shu o‘rinda chet el OTMlari filiallarini tashkil etish masalasiga to‘xtalsak. Xalqaro hamkorlik yaxshi, biroq bizda mavjud OTMlarimiz rivojiga e’tibor berish va milliy brendlarni yaratishga erishish darkor. Hozirda ushbu filiallarda ham asosan o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda.

Chet ellik mutaxassislar kelib muammolarimizni hal etib beradi deb kutib o‘tirishimiz noto‘g‘ri, ularni o‘zimiz o‘z bilim va mehnatimiz orqali bosqichma-bosqich hal etishga harakat qilishimiz kerak. Agar mahalliy OTMlarimiz rivojlansa, xohlagan paytda chet ellik professorni yollab ishlatish mumkin.

OTMlarga qabul

Hozirda OTMlarimiz o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarni to‘liq qamrab olmaganligi hech kimga sir emas. Ko‘p yoshlarimiz xorijiy universitetlarga o‘qishga ketyapti.

Maktabda bitiruv imtihonlari hamda OTMga qabul imtihonlarini yagona qilib o‘tkazish bo‘yicha ham ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday tizim ko‘p davlatlarda joriy etilgan, jumladan, Buyuk Britaniya, Rossiya va h.k. Albatta, bu kabi tizimni bizda joriy qilishda ma’lum bir qiyinchiliklar tug‘ilishi tabiiy. Bugun ushbu masalani to‘liq tahlil etishni maqsad qilmaganmiz.

Agar yuqorida taklif etilgan choralar amalga oshirilsa, OTMlarning abituriyentlarni qamrab olish imkoniyati yanada oshadi va bosqichma-bosqich OTMlarga qabul kvotalari oshib, barcha abituriyentlarni qamrab olishga erishish mumkin.

Chet el tajribasiga murojaat etsak, o‘qish istagida bo‘lgan shaxs biror-bir universitet tomonidan baribir qabul qilinadi. Talabalar o‘qish davomida saralanib, universitetni ma’lum bir qismigina muvaffaqiyatli tamomlashi mumkin. Biz ham shunday mexanizmni joriy etishimiz kerak, shunda bizning OTMlarimiz bitiruvchilari ham saralanib, malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin, o‘qituvchi-professorlarning malakasi-chi? Agar yuqorida bayon etilgan takliflar joriy etilsa, OTMlarimizda nafaqat mahalliy, balki xorijlik malakali mutaxassislarni ham jalb etish, ishlab turgan xodimlarining esa malakasini oshirish imkoniyati ortadi.

Kredit tizimiga o‘tish

Kredit tizimiga o‘tish bo‘yicha ham ko‘p masalalar ko‘tarilmoqda, ularni yechishda quyidagi yondashuv taklif etiladi.

Bunda oldingi o‘quv rejalarni mexanik tarzda kredit tizimiga aylantirish kutilgan natijani bermaydi. Fanlarni keskin qisqartirish lozim va ular bir semestrda 4 tadan oshmasligi kerak. Bundan tashqari, mutaxassislik fanlarini ko‘paytirib, chuqurroq o‘tishga moslash zarur.

Talabalarga fanlarni tanlash imkoniyatini berish ham to‘g‘ri yondashuv. Qaysi fanlarni o‘qish va qanday yo‘nalishni tanlashni o‘zi hal qilsin. Shuningdek, fanlar qaysidir professorga moslab emas, talabalar xohishi asosida o‘qitilishi maqsadga muvofiq.

Bitiruv malakaviy ishini (BMI) yozish ham tanlov asosida bo‘lsin. Agar talaba uni yozishni xohlamasa, o‘rniga 2 ta boshqa fan tanlab o‘qiyversin. Bordi-yu, u kelajakda ilmiy ish qilishni rejalashtirsa, BMIni tanlashi mumkin.

Amaliyot masalasiga kelsak, uni tashkil etishga OTMlarimiz ko‘p resurs sarflaydi. Chet el tajribasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, amaliyot ham ixtiyoriy bo‘lishi kerak. OTMlar ular bilan ovora bo‘lib o‘tirmasin. Agar talaba amaliyot qilmoqchi bo‘lsa, marhamat, uni o‘zi topib, yozgi ta’til davrida o‘tasin.

Fan xususiyatidan kelib chiqib, mashg‘ulotlarni ma’ruza va seminar/amaliy ko‘rinishlarga bo‘lib o‘tkazish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish lozim. Seminarda talabani har dars so‘roq qilishdan qochish kerak. Misol uchun, Angliyada amaliy mashg‘ulotlar ma’ruzaning davomi sifatida o‘tiladi va talabalar baholanmaydi, semestr davomida ularga 1-2 ta yozma topshiriq beriladi hamda yakuniy imtihon o‘tkaziladi. Shu usulda fan bo‘yicha talabaning umumiy bahosi chiqadi. Bunday yondashuv talabalarga mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirish imkoniyatini yaratadi, natijada yaxshi mutaxassis yetishtirishga erishiladi.

O‘qituvchilar yuklamasi ham qayta ko‘rib chiqilib, 2-3 ta fandan oshmasligi kerak. Shunda mutaxassislik fanlarini chuqurroq va sifatli o‘rgatish imkoniyati tug‘iladi. Hozirda o‘qituvchi yuklamasini bajarish uchun ko‘p fanlardan mashg‘ulotlar o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Natijada uning o‘z ustida ishlashi, sifatli ilmiy ish olib borishi, biror-bir fan doirasida chuqur bilimga ega bo‘lgan mutaxassis sifatida shakllanishi cheklanadi.

Kredit tizimiga o‘tishda oliy ta’lim sohasida qabul qilingan barcha normativ huquqiy hujjatlar inventarizatsiya qilinib, OO‘MTV tomonidan tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ishlab chiqilishi lozim. Bu ish amalga oshirilmasa, ko‘p nomuvofiqliklar kelib chiqishi mumkin.

Misol uchun, kredit tizimiga o‘tilgach OO‘MTV tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy fan dasturlari tuziladimi? Bunday shakldagi fan dasturining hozirgi sharoitda maqsadi nimadan iborat? Chet elda fan dasturi o‘qituvchi tomonidan mazkur fan bo‘yicha chop etilgan darslik mundarijasidan olinib, talabalarga beriladi. Bu borada chet elda maxsus talab va bosqichlar yo‘q. Shuning uchun ular oliy ta’lim bozoriga moslashuvchan bo‘lib, yangi-yangi yo‘nalishlar va kurslar taklif etishadi.

Yana bir masala, attestatsiya va akkreditatsiya paytida OTMlarda talabalarning darsliklar bilan ta’minlanganligi so‘raladi. Bunday mezon qayerdan olingan va uning qanday ahamiyati bor? AQShda barcha talabalar darsliklarni o‘zlari sotib olishadi, universitet esa onlayn resurslardan bepul foydalanish imkoniyatini yaratgan. Ulardan talabalarning darslik bilan ta’minlanganlik darajasini hech kim talab qilmaydi. Hozirda onlayn resurslar rivojlangan bir paytda ushbu mezon mutlaqo noo‘rin, nazarimda.

Pandemiya oqibatlari

Pandemiya uzoq vaqtdan beri aytib kelinayotgan masofaviy ta’limga o‘tishni jadallashtirdi. Mazkur vaziyat bilan bog‘liq bo‘lgan texnik muammolar (internet tezligining pastligi va h.k.) haqida ko‘p gapirildi.

Har xil platformalar orqali mashg‘ulotlarni tashkil etishda quyidagi usuldan foydalanilsa, o‘qish jarayoniga ham, o‘qituvchi va talabaga ham qulaylik tug‘diradi. Ya’ni seminar/amaliy mashg‘ulotlarni boshqacha formatda o‘tkazganda o‘qituvchi talabalarga ma’ruza yoki platformada joylashtirilgan materiallar bo‘yicha tushuntirish berib, savol-javob tarzida dars o‘tadi va talabalarni baholamaydi. Fan bo‘yicha baholash semestr davrida 2-3 ta yozma topshiriq berish, fan xususiyatidan kelib chiqib, bu 30-40 ballga baholanishi mumkin, qolgan ball yozma yakuniy imtihonga qoldirilishi mumkin.

Unda o‘qish oson bo‘lib qolar ekan-da, degan fikr tug‘ilishi mumkin. Yo‘q, unday emas, bu o‘rinda o‘qituvchining talabalar bilimini baholash uchun tuziladigan topshiriqlarga ko‘proq vaqt sarflab, uni sifatli ishlab chiqishi talab etiladi. Topshiriqlar talabalarda mustaqil fikrlash va tanqidiy tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Bunday sharoitda talabalarning bir-biridan ko‘chirib, topshiriqlarni topshirish holatlari uchrashi mumkin. Lekin biz talabalarga plagiat bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borishimiz, kerak bo‘lsa, tilxat yozdirib olib, bu qilmishi uchun talabalar safidan chiqarishgacha choralar qo‘llanilishi mumkinligidan ogohlantirishimiz zarur. Chet elda universitetlar xuddi shu tarzda ish olib boradi.

Ilmiy faoliyat

Bizda xalqaro tajriba, xalqaro standartlar deyiladi-ku, lekin o‘zimizga xos yo‘ldan ketiladi. Chet elda magistrlikdan keyin doktor darajasini olish mumkin. Bizda ma’lum bir vaqt shunday tizim joriy etildi, biroq yana o‘zgardi, endi magistrlikdan keyin falsafa doktori, undan keyin fan doktori darajasini olish mumkin. Menga chet ellik professorlar nimaga O‘zbekistonda doktorlik darajasi ikki marta olinishi kerak, deb ko‘p murojaat qilishgan.

Agar bu ilmiy ishlar sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, buni boshqa mexanizmlarni joriy etish bilan hal etish mumkin-ku. Bizda ilmiy ishni yozish taxminan 30 foiz vaqtingizni olsa, qolgan 70 foizi tashkiliy ishlar va har xil bosqichlardan o‘tishga sarflanadi. Ilmiy ish qilganlar mening fikrimga qo‘shilsa kerak?!

Chet elda tadqiqotchining ilmiy ishi rahbari, ichki va tashqi taqrizchilar tomonidan baholanib, ilmiy daraja ommaviy himoyasiz, universitet tomonidan berilaveradi.

Bizda ham ilmiy ish bosqichlarini kamaytirib, sifati bo‘yicha ilmiy rahbar va taqrizchilar mas’uliyati oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Misol uchun, agar tadqiqotchining ish sifati yaxshi emasligi aniqlansa, unga daraja bermay, uning ilmiy rahbari boshqa ilmiy ishlarga rahbarlik qilish huquqidan mahrum etilishi kerak. Xuddi shunday qoidani ichki va tashqi taqrizchilarga ham qo‘llasa bo‘ladi.

Hozirda ilmiy ish natijalarining tatbiq etilganligini talab qilish — alohida mavzu. Xo‘sh, yuridik sohada ilmiy ish qilayotgan tadqiqotchi nimaga vazirlik, idoralar va Oliy Majlisga yugurib ilmiy natijamni tatbiq eting deb yurishi kerak?! Bunday vazifani tadqiqotchining bo‘yniga qo‘yish qanchalik to‘g‘ri?! Bu talabning ilmiy ish sifatini yaxshilashda ahamiyati nechog‘lik?

Tadqiqotchining vazifasi biror mavzuni tadqiq etib, asoslantirilgan ilmiy (amaliy) xulosalarini ishlab chiqishdan iborat, ularni amaliyotga tatbiq etish esa vazifasiga kirmaydi. Misol uchun, bir tadqiqotchi yuridik sohada yangi mavzu bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi deylik, takliflarini vazirlik, idora va Oliy Majlisga kiritdi. O‘zimni misol qilsam ham bo‘lar ekan, men mediatsiya bo‘yicha ilmiy ishimni 2008-yilda himoyalaganman. Takliflarimni Oliy Majlisga ham yuborganman, lekin O‘zbekistonda mediatsiya to‘g‘risidagi qonun 2018-yilda qabul qilindi. Demak, men hozirgi talab bo‘yicha tadqiqot natijalarimning tatbiq etilishini 10 yil kutishimga to‘g‘ri kelardi. Xullas, bu masala bo‘yicha o‘zingiz xulosa qilavering.

Hozirda bu talab tadqiqotchilarning ko‘p vaqtini olib, asosiy ishidan qoldirmoqda. Ularga bunday talabni qo‘yish qanchalik to‘g‘ri?

Ilmiy ishlarni chop etish

Endi ilmiy ishlarni chop etishga kelsak, ayni paytdagi talabga ko‘ra, Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan tasdiqlangan ish chet eldagi ilmiy jurnallarda chop etilishi talab qilinadi. Bir o‘ylab ko‘ring, qaysi davlat shunday yo‘l tutadi? Masalan, Fransiya o‘z tadqiqotchisidan ishini o‘zbek tilida, yana O‘zbekistonda chiqadigan jurnallarda chop etishni talab qilayotganini tasavvuringizga sig‘dira olasizmi?

Avvalo, O‘zbekistonda qilingan ilmiy ish shu yerdagi ilmiy hamjamiyat tomonidan tan olinishi kerak emasmi? Nima uchun biz ilmiy ishlanmalarimizni chet elliklar uchun tayyorlab, ularning tiliga tarjima qilib, ustiga-ustak pul to‘lab, jurnallarida chop ettirishimiz kerak?! Meni shu savol sira tinch qo‘ymaydi. Agar tadqiqotchi o‘z xohishi bilan chet elda tanilish uchun maqolasini chop ettirayotgan bo‘lsa, bu umuman boshqa holat.

Shuning o‘rniga o‘zimizda chop etilayotgan ilmiy jurnallarni kuchaytirib, tadqiqotchilarga yengillik yaratsak yaxshi emasmi?! Agar ehtiyoj bo‘lsa, ushbu jurnallarning tahrir hay’ati a’zoligiga chet ellik mutaxassislarni taklif qilish mumkin.

Malaka oshirish tizimi

Qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar, hozirgi malaka oshirish tizimimiz samarasiz. Bu sohaga davlat tomonidan shuncha mablag‘larning sarflanishi, xodimlarning oylab vaqtini ketkazish qanchalik to‘g‘ri? Yana xorijiy tajribaga murojaat qilsak, ularda bu jarayon ham boshqacha shaklda yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni konferensiyalar, treninglar va universitetlar tomonidan taklif etiladigan qisqa kurslar. Eng asosiysi, ularda qatnashishga hech kim majbur emas, har bir xodim o‘z qiziqishi doirasida va vaqti bo‘lsa, ishtirok etadi.

O‘zingiz bir o‘ylang, misol uchun, bizda advokatlar ham o‘z hisobidan pul to‘lab malaka oshirishi kerak. Advokat o‘z xususiy amaliyotini amalga oshirsa, uni bu jarayonga jalb etish qanday natija beradi? Agar advokatning malakasi yaxshi bo‘lmasa, unga o‘z-o‘zidan fuqarolar ham murojaat qilmaydi-ku. Advokat o‘z ish joyida ham qonunchilikdagi yangiliklarni o‘rganib, bemalol malakasini oshirishi mumkin.

Xulosa

Albatta, yuqorida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni amaliyotga tatbiq etish uchun ozmi-ko‘pmi vaqt kerak. Fikrimizcha, bu va boshqa sohalarni isloh etishda keng jamoatchilik mulohazalarini o‘rganib, takliflar ishlab chiqilsa, yaxshi natijalarga olib keladi. Aslida bu kabi muammolarga oddiy va sodda yechim topish mumkin, faqat uni bajarish uchun har birimizdan ichki xohish hamda iroda talab etiladi.

Sherzodbek Maxmudovich Masadikov,

yuridik fanlar nomzodi, dotsent

Birmingem universiteti bakalavri (Buyuk Britaniya, 2001), Toshkent davlat yuridik instituti magistri (2004),

Peppedayn universiteti yuridik maktabi magistri (AQSh, 2017)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring