Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Talabalar jurnali chiqa boshladi

Talabalar jurnali chiqa boshladi

O‘zbekistonda yoshlarga mo‘ljallangan «O‘zbekiston talabasi» jurnalining nishona soni chiqdi.

Ushbu nashr bir-biridan qiziqarli maqola va xabarlarga boy. Unda talabalar mavzusi qatorida ko‘pchilikka manzur bo‘ladigan materiallar berilgan. Shu jihatdan, «O‘zbekiston talabasi»ni ommabop deyish mumkin. Jumladan, O‘zbekistondagi vazirlarning qaysi oliy o‘quv yurtida tahsil olgani, dunyo universitetlari reytingi, Navoiy zamonidagi stipendiya, yaponiyalik yosh onaning hasratlari qiziqish bilan o‘qiladi.

Jurnaldan talabalar hayotiga doir birinchi o‘zbek seriali ssenariynavisi Ismoil Shomurodov bilan suhbat ham joy olgan. U «Nima uchun «Oltin davrim» seriali «Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi» filmi kabi ommalashib ketmadi?.. Vaholanki, ssenariy muallifi shuni xohlagan edi» deb nomlanadi. «Futbol maydonida topilgan millionlar» maqolasida esa o‘zbek futbolining bugungi yosh yulduzi Eldor Shomurodovning muvaffaqiyat yo‘li haqida o‘qiysiz.

Nashr yoshlarga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq berishni maqsad qilgan. Jumladan, «Chilim, bu – sen yaqinlashayotgan o‘lim» maqolasi navqironlarni o‘z girdobiga tortayotgan illatni fosh etadi.

– Jurnalimiz, eng avvalo, talabalarga manzur bo‘lishidan umidvormiz, – deydi nashr bosh muharriri Yoshin Hakimov. – Kelgusida rejalarimiz bisyor. Talaba yoshlarga oid eng sara maqola va xabarlarni e’lon qilish, ularning ma’naviyatini boyitish, ijodkor yoshlar uchun maxsus sahifalar ajratish, turli sovrinli tanlovlar o‘tkazish, shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlaridagi tanqidiy-tahliliy maqolalar berib borish ko‘zda tutilgan.

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring