Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro assotsiatsiyalar a’zoligiga qabul qilindi

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro assotsiatsiyalar a’zoligiga qabul qilindi

Foto: Xabar.uz

Kuni kecha Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi (International Association of Universities – IAU), Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi (International Association of Law Schools – IALS) va Yevropa huquq fakultetlari assotsiatsiyasi (European Law Faculties Association – ELFA) to‘laqonli a’zoligiga qabul qilindi.

Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi jahondagi universitetlarni birlashtiruvchi va ularning manfaatlarini ifodalovchi yetakchi xalqaro tashkilot hisoblanadi. Ushbu assotsiatsiyaga dunyoning 130 mamlakatidagi 650 dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari a’zo bo‘lgan. YuNESKOning rasmiy hamkori hisoblanadigan ushbu assotsiatsiya o‘z a’zolari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish hamda ta’lim jarayonida yangi bilimlar va innovatsiyalarni qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratadi. Toshkent davlat yuridik universiteti mamlakatimizdagi oliygohlar orasida ushbu tashkilot a’zoligiga qabul qilingan yagona universitetdir.

Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi dunyoning 55 mamlakatidan 155 dan ortiq yuridik oliygohlar va huquq maktablarini o‘zida jamlagan tashkilot hisoblanadi. Assotsiatsiyaning bosh vazifasi dunyoda yuridik maktablar faoliyatini takomillashtirish va yuridik ta’lim tizimini yaxshilashdan iborat. Tashkilot jahon bo‘ylab, 4 500 dan ortiq huquq sohasida faoliyat yurituvchi pedagoglarning manfaatlarini himoya qiladi.

Yevropa yuridik fakultetlar assotsiatsiyasi 150 dan ortiq a’zolarga ega bo‘lgan Yevropada yuridik ta’lim sifatini oshirish maqsadida muhokama va almashinuv maydonchasini taqdim etish uchun tashkil etilgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Assotsiatsiyaning asosiy faoliyati yuridik ta’limni isloh qilish jarayonini muvofiqlashtirish, yangi standartarni ishlab chiqish, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, huquqshunoslar uchun ish beruvchi hisoblangan tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashdan iborat.

Ushbu assotsiatsiyalarga a’zolik Toshkent davlat yuridik universitetida yuridik ta’lim va fanni xalqaro darajaga olib chiqish, jahonning ilg‘or tajribalarini qo‘llash, Yevropa kredit tizimini (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) samarali joriy etish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni faollashtirish imkonini yaratadi, shuningdek universitetni dunyoning eng yaxshi universitetlar xalqaro reytingiga kirishiga xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring