KOICA O‘zbekiston startaplarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrifning maqsadi «O‘zbekiston startaplari salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslar» loyihasi bo‘yicha dastlabki tadqiqotlarni o‘tkazish hamda biznes hamkorlar, jumladan, «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi va uning rezidentlari bilan munosabatlar o‘rnatishdir.
«Bloomberg» agentligiga ko‘ra, Janubiy Koreya so‘nggi yillar ichida «50 ta eng innovatsion davlat» reytingini boshqarib kelmoqda. Reyting tuzilishida ekspertlar tomonidan ilmiy-texnik tadqiqotlar (R&D) va ishlanmalariga sarf qilinayotgan xarajatlar, yuqori texnologiyalarni jalb etish darajasi, oliy ta’limning keng tarqalishi va patentlar sohasidagi faollik hisobga olinadi.
«Mirzo Ulugbek Innovation Center»da bo‘lib o‘tgan uchrashuv yangi biznes yo‘nalishlari va ilg‘or texnologik salohiyati bor startaplarni qo‘llab-quvvatlashda Janubiy Koreya tajribasini o‘rganishga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda Agentlik bosh shtabidan boshqaruv menejeri Li Sang Gip, Koreya ko‘maklashish assotsiatsiyasi prezidenti hamda «Rehoboth Business Incubator Ltd.» direktori Park Kvan Xo, O‘rta va kichik biznes institutining ilmiy xodimi Nam Yun Xa, Fan va texnika sohasidagi siyosiy institutning ilmiy xodimi Park Chan Su, shuningdek, Savdo-sanoat palatasi va MUIC vakillari ishtirok etishdi.
Muloqotda «O‘zbekiston startaplari salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslar» loyihasining maqsad va vazifalariga e’tibor qaratildi. Bunda koreyalik mutaxassislarga asosiy o‘rin berilgan. Ular tomonidan loyiha amalga oshirilishida iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari va investitsion salohiyati tahlil qilinib, startaplar ekotizimini to‘liq yaratishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar nazorat qilinadi, shuningdek, investitsiyalarning jalb etilishi va iqtisodiyot, boshqaruv hamda marketing sohalarida kadrlarni qayta tayyorlashga amaliy yordam ko‘rsatishlari rejalashtirilmoqda.
KOICA delegatsiyasi MUIC rezidenti — «FinTech» asosida dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi «SSP-Maroqand» kompaniyasi ofisiga ham tashrif buyurdi. Ushbu kompaniya tomonidan amalga oshirilgan loyihalardan biri — UPAY universal elektron to‘lovlar xizmatidir.
— Uchrashuvimiz ko‘proq tanishtiruv maqomiga ega bo‘lib, biz elektron tijorat bo‘yicha o‘z ishlanmalarimizni, CRM, ERP va biznesning onlayn ro‘yxatga olinishini namoyish etdik, — dedi kompaniya direktori o‘rinbosari Behzod Botirov. — «Startap tashabbuslar» loyihasida biznes-maslahatchi sifatida ishtirokimiz davomida orttirgan tajribamiz bilan bo‘lishdik. Bizda salohiyat bor, ammo ko‘pgina startapchilarimizda loyihalar faqatgina g‘oya holatida bo‘lib, o‘zida innovatsion qarorlarni mujassam etmagan holda, ularni amalga oshirish uchun homiy topishga bog‘lanib qolgan. Tashqi ko‘mak juda foydali bo‘lib, agar loyiha amalga oshirilsa, biz biznes-maslahatchi va hamkor sifatida ishtirok etishimiz mumkin.
Qayd etish joizki, «O‘zbekiston startaplari salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslar» loyihasini amalga oshirish 2019–2021 yillarga mo‘ljallangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter